
Vitaliy Levchenko: "To‘pni nazorat qilish o‘yinni yutish degani emas"
Superliganing 18-turida "Neftchi" klubi safarda "Paxtakor"ga qarshi bahs olib bordi va 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Biz nimaning evaziga "Paxtakor" hujum qilishini bilar edik. Ularga zonalar qoldirmadik. Birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatimizni tahlil qilgan holda bugun xatolarni to‘g‘rilashni uddaladik. Ular o‘rgangan tezlikda harakat qilishga yo‘l qo‘ymadik.
- Jasur Jaloliddinovning transferi nima bo‘ldi?
- Men Jasur qaerda ekanligini bilmayman. U aloqaga chiqmayapti. Bu savolga javob bera olmayman.
- Birinchi bo‘limda hujumkor "Neftchi"ni ko‘rdik, ammo ikkinchi taymda asosan himoyaga e’tibor qildingiz?
- Aslida unday emas. Biz ikkinchi bo‘lim boshida Azizni o‘yinga tushirdik, ammo u qo‘shilib keta olmadi. Biz himoyadan hujumga chiqishda muammolarga uchraganimiz sababli tashqaridan durangga o‘ynagandek ko‘ringan bo‘lishimiz mumkin. Qarshi hujumga o‘tish imkoniyatidan foydalana olmadik.
- O‘yin sifati borasida fikringiz qanday?
- Takrorlayman, biz birinchi o‘yindagi xatolardan foydalandik. Raqibga harakat qilish uchun bo‘sh zona qoldirmadik. To‘p nazorati ham 70-30 foiz bo‘lgan bo‘lsa kerak. To‘pni nazorat qilish o‘yinni yutish degani emas.
- "Neftchi"ning sovrinli o‘rinlar uchun imkoniyati qanday?
- Agar razm solib qarasangiz, turnir jadvalida ishga jiddiy kirishgan jamoalarni ko‘rasiz. Biz ham qo‘lni tushirib yubormadik. Imkon qadar teparoqqa chiqishga harakat qilamiz. Bugun ikki jamoa ham 3 ochko uchun o‘ynadi. Bugun "So‘g‘diyona" ham durang qayd etdi. Hozir hech kimga oson emas. Hamma bahsda jang bo‘lmoqda.
Fikrlar