Vitaliy Denisov qaerga “yo‘qolib” qoldi yoxud "Tom" nega sir saqlamoqda?

  • 30 oktabr, 2020, 12:12
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasida 72 ta uchrashuv o‘tkazgan Vitaliy Denisov yozgi transferlar mavsumi yakunlanishi arafasida Rossiya Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan “Tom” jamoasi tarkibiga qo‘shilgan edi.

Tecno

Musobaqada ishonchli o‘yin namoyish eta olmayotgani ortidan jadvalning eng quyi pog‘onalariga tushib qolgan tomskliklar vaziyatni o‘nglash uchun jamoaga bir necha kuchli futbolchilar va yangi bosh murabbiy sifatida Aleksandr Kerjakovni taklif qilgan edi.

Shular qatorida “Tom”ga kelib, klub rahbariyati bilan mavsum oxirigacha shartnoma imzolagan Vitaliy Denisov asosiy  tarkibdan joy oldi. Hamyurtimiz musobaqa doirasida “Torpedo”, “Akron”, “Krasnodar-2” va “Baltika”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.

Biroq, Milliy futbol ligasining oxirgi ikki turida “Veles” va “SKA-Xabarovsk” jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda bosh murabbiy Aleksandr Kerjakov va etakchi o‘yinchilar – himoyachi Vitaliy Denisov, darvozabon Dmitriy Arapov, yarim himoyachilar Evgeniy Balyaykin va  Chidi Ocuchukvu ko‘rinmay qoldi. Oxirgi o‘yinda asosiy hujumchilardan biri Richlord Ennin ham yo‘q edi.  

Kutilmagan bu holat ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi. Muhim pallada bosh murabbiy va asosiy tarkib o‘yinchilaridan bir nechtasi “yo‘qolib” qoldi. Jamoa esa, ikki o‘yinda qimmatli besh ochkoni boy berdi. Bu uchrashuvlarda jamoani katta murabbiy Vladimir Kazakov boshqardi.

Insayderlar tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Kerjakov koronavirus yuqtirib olgan. So‘nggi o‘yinlarda ishtirok etmagan etakchi futbolchilar ham karantinga olingan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. “Tom” rahbariyati bu borada hech qanday rasmiy ma’lumot tarqatmayapti. Bundan tashqari, insayderlar tarqatayotgan xabarlar tasdiqlangani ham, rad etilgani ham yo‘q. “Tom” vaziyatga oydinlik kiritishni istamayapti. Bu muxlislar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

9679ac4ae84db3720f17e9fe33b10814_1

Rossiyalik jurnalistlarning bosh murabbiy va yuqorida nomi keltirilgan futbolchilarning yo‘qligi bo‘yicha aniq savoliga katta murabbiy Vladimir Kazakov mujmal javob berdi. Uning aytishicha, bosh murabbiy o‘yinlarni onlayn tarzda boshqarib bormoqda va hozircha jamoaga qo‘shila olmaydi, futbolchilarning ayrimlari jarohat olgani, boshqalari shamollagani uchun uchrashuvlarda optimal tarkibni o‘ynatish imkoni bo‘lmayotgan ekan.

Xullas, “Tom”dagi vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Biz uchun ham katta umidlar bilan jamoaga taklif etilgan Vitaliy Denisovning ham nega birdan “yo‘qolib” qolgani qiziq, albatta. Bu holatga yaqin o‘rtada aniqlik kiritilishiga umid qilamiz.

Shu o‘rinda, Vitaliy Denisov Rossiya futbolida eng ko‘p sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi ekanini eslatib o‘tishni lozim topdik. Tajribali futbochimiz faoliyati davomida premer-ligada TsSKA, “Lokomotiv”,  “Krilya Sovetov”, “Rubin” kabi jamoalar sharafini himoya qilgan. “Armiyachilar” safida ikki marta mamlakat kubogi sohibi va UEFA kubogi g‘olibi bo‘lgan. “Lokomotiv”da Rossiya chempionatining oltin va bronza medallarini, ikki marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan.

O‘zbek legionerlari faoliyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!