Velosportchilarimiz ilk bor Olimpiya o‘yinlariga to‘rtta yo‘llanma qo‘lga kiritishdi

  • 19 oktabr, 2023, 11:48
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Velosport
BEPUL PROPAN

Velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Parij-2024 Olimpiadasiga reyting ochkolarini jamg‘arish davri yakuniga etdi.

Quvonarlisi, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan e’lon qilingan reyting yakuniga ko‘ra, bo‘lajak Olimpiadaga O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 3 ta, erkaklar termasi esa 1 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ayollar toifasidagi litsenziyalarning 2 tasi guruh poygasi, 1 tasi esa shaxsiy poyga dasturiga to‘g‘ri keladi. Qizlarimiz 1942 ochko bilan ushbu tsiklda ishtirok etgan 103 jamoa orasida 17-natijani qayd etgan. Bu Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Yigitlarimiz esa 1228 ochko bilan 105 jamoa orasida 32-natijani ko‘rsatishdi. Bu ularga guruh poygasi yo‘nalishida 1 ta yo‘llanmani taqdim qildi. Qoidaga ko‘ra, barcha kvotalar terma jamoa uchun taqdim qilingan. Ushbu dasturlarda qaysi atletlarimiz Parij-2024 Olimpiadasida startga chiqishi keyinroq murabbiylar shtabi tomonidan ma’lum qilinadi.

Qayd etish joiz, velosportchilarimiz Olimpiya o‘yinlariga birinchi bor 4 ta yo‘llanma qo‘lga kiritishmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!