«VARchester Yunayted»: ingliz hakamlari «qizil iblislar»ga yon bosishi rostmi?

  • 26 iyul, 2020, 15:41
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy mavsumdan APLda yangi VAR sistemasi to‘liq amal qila boshladi. Eng katta auditoriyaga ega chempionatlardan biri hisoblangan «tumanli albion» birinchiligida tortishuvli vaziyatlar shu bilan barham topishi kerakdek edi. Ammo ushbu tizim ustida ham inson omili boshqaruvchilik vazifasini o‘tayotgani bahsli holatlarga sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida, hakamlar ham videotakrorlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘la turib, ba’zi tushunarsiz qarorlarni qabul qilmoqda.
Mankunianlarning ashaddiy raqiblari esa VARni MYuga yon bosishda ayblamoqda. Xo‘sh, ushbu mavsum Sulsher shogirdlari yutib olgan 16 ta penalti asoslimidi? Birgalikda yodga olamiz.

Tecno

1. 1-tur: «Manchester Yunayted» - «Chelsi» 4:0

Kurt Zuma jarima maydoniga tezlik bilan kirib kelgan Reshfordni ochiqchasiga to‘xtatib qoldi. Angliyalik futbolchi to‘pni o‘ngga olishga ulgurgandi. «Chelsi» himoyachisi halaqit bermagan taqdirda, keyingi harakat zarba bilan yakunlanishi mumkin edi. Entoni Teylor darhol 11 metrlik nuqtaga ishora qildi.

Bizningcha: penalti bor

1_1
2. 2-tur: «Vulverxempton» - «Manchester Yunayted» 1:1

Ikkinchi turda ham manchesterliklar foydasiga penalti berildi. Konor Koudi to‘p bilan uni ortda qoldirishni deyarli uddalagan Pogba yo‘liga oyoq qo‘ydi. Frantsiyalik xavbek yiqildi. O‘z xatosini tushungan himoyachi hakamga e’tiroz ham bildirmadi, birinchi bo‘lib o‘zi jarima maydonini bo‘shatib qo‘ydi. Penaltidan esa jabrlanuvchi unumli foydalana olmadi. Rui Patrisiu vaziyat qahramoni.

Bizningcha: penalti bor

2_3
3. 3-tur: «Manchester Yunayted» - «Kristal Pelas» 1:2

Uchta turda 3 ta penalti! Bu gal Maktominey jarima maydonchasida to‘xtatib qolindi. Reshford tomonidan to‘xtatib berilgan to‘pni uchib kelayotgan Skott olib ketishi kerak edi. Bunday tezlikda ketayotgan futbolchiga arzimagan teginish muvozanatning yo‘qotilishiga sabab bo‘lish mumkin. Xuddi shu ishni Luka Milivoevich amalga oshirdi. Reshford esa 11 metrlik zarbani darvoza ustuni tomon yo‘lladi.

Bizningcha: penalti bor

3_2
4. 5-tur: «Manchester Yunayted» - «Lester» 1:0

4-turda MYu penalti tepmaganidan quvonib turgan raqiblarning xursandchiliklari «Lester»ga qarshi bahsning 8-daqiqasida puchga chiqdi. Choudurining sust harakati sababli Pereyra to‘pni jarima maydoni ichiga qaytardi. Reshford esa soniyaning qanchadir ulushigagina Seyunjudan tezroq harakat qildi. Oqibatda, turkiyalik himoyachining to‘pga cho‘zgan oyog‘iga Markus qoqilib, jarima maydonidan chiqib ketguncha yumaladi.
Martin Atkinson penalti belgiladi. Jabrlanuvchining o‘zi uni aniq amalga oshirib, hisobni ochdi.

Bizningcha: penalti bor

4_2
5. 10-tur: «Norvich» - «Manchester Yunayted» 1:3

Aslida, Styuart Atuell to‘g‘ri qaror chiqargan edi. U Ben Godfrey va Deniel Jeymsning to‘p uchun olib borgan kurashini yaqqol ko‘rib turgandi. Ammo VAR hakamga signal berib, penalti borligi haqida aytdi. Biz odatda premer-ligani yakkakurashlarga imkon beruvchi chempionat sifatida bilamiz. Angliyalik hakamlar shu kabi holat maydon markazida bo‘lgan taqdirda hushtak chalishmasdi. Penalti uchun esa ushbu epizodda sabablar juda kamlik qilardi. «Kanareykalar» baxtiga Tim Krul Reshfordning zarbasini qaytarishga erishdi.

Bizningcha: penalti yo‘q

5_2
6. 10-tur: «Norvich» - «Manchester Yunayted» 1:3

Bir o‘yinda ikkita penalti. Ammo bu gal hammasi joyida. Todd Kantuell Fredning u qadar xavfli bo‘lmagan zarbasi yo‘lini qo‘li bilan namoyishkorona qaytardi. Tim Krul esa oddiy vaziyatdan 10 ta gol o‘tkazsa o‘tkazadiki, penaltidan tepilgan to‘plarni qo‘yib yubormaydi.

Bizningcha: penalti bor

6_3

7. Liga Kubogi: «Chelsi» - «Manchester Yunayted» 1:2

«Chelsi»ga qarshi ikkinchi bellashuvda ham «qizil iblislar» penalti bilan rag‘batlantirildi. Deniel Jeyms jarima maydoni ichida yiqilib tushdi. Aslida, ham ushbu vaziyatga bundan ortiq baho berib bo‘lmaydi. Markos Alonso 21 yoshli futbolchi bilan elkama-elka kurashga kirishdi. Bu kabi holatlar Angliyada e’tiborsiz qoldirilardi. Bosh hakam vaziyatni ko‘rmay qolgan bo‘lishi mumkin. Ammo VAR-chi?!

Bizningcha: penalti yo‘q

7_3

8. 15-tur: «Manchester Yunayted» - «Tottenxem» 2:1

«Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham aynan Pol Tirney manchesterlikarga penalti qo‘yib bergandi. Bu gal Londonning boshqa bir klubi uiganlik hakam tomonidan ranjitildi. Biroq, Sissoko rostdan ham Reshfordning oyog‘ini bosib olgandi. VAR tekshiruvisiz ham penalti borligi kundek ravshan edi.

Bizningcha: penalti bor

8_2
9. 16-tur: «Manchester Siti» - «Manchester Yunayted» 1:2

Entoni Teylor Reshfordga ishlatilgan qo‘pollikni bee’tibor qoldirdi. Ammo VAR keyinroq uning quloqchinlariga qoidabuzarlik bo‘lgani haqida xabar berdi. Bernardu Silva ortdan raqibining tayanch oyog‘iga zarba berdi. Kelgusi harakati darvozaga zarba bo‘ladigan hujumchiga qarshi ishlatilgan bunday qo‘pollik kechirilmaydi.

Bizningcha: penalti bor

9_1

10. 22-tur: «Manchester Yunayted» - «Norvich» 4:0

Reshford mankunianlar safidagi yubiley 200-uchrashuvida dubl qayd etishga erishdi. Ulardan birini penaltidan, kimsan Tim Krul darvozasiga yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, darvozabonning o‘zi Brendon Uilyamsga nisbatan qo‘pollik ishlatib, bunga bosh sababchi bo‘ldi.

Bizningcha: penalti bor

10_1

11. Liga Kubogi: «Tranmer» - «Manchester Yunayted» 0:6

Bungacha ham 5 ta gol urib bo‘lgan manchesterliklar 6-golni penaltidan kiritadigan bo‘lishdi. Chong darvozabon tomonidan yiqitildi. 11 metrlik nuqtadan esa Meyson Grinvud to‘pni darvozaga yo‘lladi.

Bizningcha: penalti bor

11_1
12. 27-tur: «Manchester Yunayted» - «Uotford» 3:0

Ben Fosterning o‘zi ham o‘yindan so‘ng to‘pga kech qolganini tan oldi. Brunu Fernandesh o‘zi ishlab olgan penaltini ajoyib tarzda ijro etdi.

Bizningcha: penalti bor

12
13. 30-tur: «Tottenxem» - «Manchester Yunayted» 1:1

Erik Dayer «Tottenxem»ning ajoyib o‘yinini buzib qo‘ydi. Ha, Pogbani o‘tkazib yubormasligi shart edi. Lekin frantsiyalik futbolchi undan osonlikcha o‘tib ketdi. Keyin esa «shporlar» vakili uni ochiqchasiga qo‘llari bilan itarib yubordi. Fernandesh penalti tepishda adashmayapti.

Bizningcha: penalti bor

13

14. 33-tur: «Manchester Yunayted» - «Bornmut» 5:2

«Bornmut» futbolchisi sheriklari xatosining qurboniga aylandi. Yuqoridan kelayotgan to‘pga ikkala jamoadan ham bir nechta futbolchi sakradi. Ortdan kelayotgan Jek Simpson esa to‘pni ko‘rmay qoldi va uning qo‘li penaltiga sababchi bo‘ldi. Afsuski, qo‘l havoda muallaq turardi va to‘p yo‘nalishi kontakt sabab o‘zgarib ketdi.

Bizningcha: penalti bor

14

15. 34-tur: «Aston Villa» - «Manchester Yunayted» 0:3

Yilning eng tushunarsiz qarori! Ha, Fernandesh qaergadir qadam qo‘yishi kerak edi. Lekin u bosgan erda Ezri Konsaning oyog‘i turgani penaltiga sabab bo‘la olmaydi. Ustiga ustak «sherlar» himoyachisi atayin fol ishlatib qo‘yishdan cho‘chib, o‘zini olib qochayotgan va katta qiyinchilik bilan tabiiy inertsiyasini ham enggan edi. To‘g‘ri, o‘sha vaziyatda VAR bizdan ko‘ra tezroq ishlashga majbur bo‘lgandi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham ular professional hakamlar. «Villa Park» egalari ushbu qarorgacha yaxshigina hujumlar uyushtirayotgan edilar. Natijada, videotakrorlar ularning shashti so‘nishida bosh aybdorga aylanib qoldi.

Bizningcha: penalti yo‘q

15

16. «Manchester Yunayted» - «Chelsi» 1:3

«Aristokratlar»ga qarshi 4 uchrashuvning 3 tasida «qizil iblislar» penalti tepdi. Tushundingiz-a, kim VARdan noroziligini?! Biroq bu safar hakamlar qarorida jon bor. Xadson-Odoi o‘z jarima maydoni ichida himoyachilarga yordam beraman deb, «qovun tushirdi». Marsyal jamoasi uchun ovutuvchi golga aylangan penaltini ishlab berdi.

Bizningcha: penalti bor

16

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Afsonaviy “Milan”: zafarlar, inqiroz, muammo va echimlar

SPORTS.uz talqinida La Liga ramziy terma jamoasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!