Vadim Abramov: "Medallar uchun imkoniyat bor, ammo..."

  • 22 noyabr, 00:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Dinamo» - «Qo‘qon-1912» (0:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu xususida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tecno

«O‘z maydonimizdagi mavsumdagi oxirgi o‘yinda muxlislarimizni xursand qila olmaganimizdan afsusdamiz. Barcha bizdan g‘alabani kutgandi, afsuski mavsum yakuni bizning foydamizga ishlamayapti. Zarur ochkolarni qo‘ldan chiqardik, o‘zimiz aybdormiz. O‘yingacha muammolar bo‘lishini bilardik, ammo bunchalik ko‘p bo‘lishini bilmasdik. Raqib zich himoyalandi, biz esa yakuniy zarbani yo‘llay olmadik, gohida esa sovuqqon harakat qila olmay, shoshdik. Markazdagi o‘yinchilarni almashtirishga majbur bo‘ldik, chunki jarohatlanganlar ko‘p edi. Zaxiradan qo‘shilganlar esa o‘yinni kuchaytirishmadi. 

Pletnyov diskvalifikatsiya sabab o‘ynay olmadi, Ratino va Firdavs Abdurahmonovda ham jarohat bor. Ikki futbolchi mashg‘ulotda bir-biri bilan to‘qnashdi va ikkalasining ham tizzasi jarohatlangan. Bunday muammolar esa o‘yinimizga ta’sir qilmay qolmadi. Hojimirzaev jarohatidan tuzalib, endi safga qaytdi. Agarda bugun gol urib olganimizda, barcha ishlarimiz yaxshi ketayotgandek ko‘rinardi. Biroq gol ura olmadik. Keyin esa shoshila boshladik. Ammo jamoalarning vaqt cho‘zishiga hakamlar jiddiyroq munosabatda bo‘lishi lozim. Bunday o‘yinga bor yo‘g‘i 6 daqiqa qo‘shilayotgani hayron qolarli. Nechta o‘zgarishlar bo‘ldi? 10 tami? Vaqt cho‘zilishi-chi? Bularning barchasi uchun esa 6 daqiqa... Qiziq.

Medallar uchun imkoniyat? Imkoniyat bor. Ammo endi hammasi faqat bizga bog‘liq emas. Bronza o‘zimizga bog‘liq, kumush esa yo‘q. Hammasi qo‘limizda edi. Chempionlik uchun ham kurashda edik. Oxirigacha kurashamiz. 

Ratinoning jarohati? Ha, jiddiydek ko‘rinmoqda. «Nasaf»ga qarshi o‘ynamaydi. Uning tizzasida jarohat bor. Operatsiya qilinadimi yoki yo‘q, bilmayman. Buni vaqt ko‘rsatadi», - dedi Vadim Karlenovich o‘yindan keyin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!