Undan zo‘ri bo‘lmadi yoxud tur qahramonlari haqida

  • 1 aprel, 2024, 09:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 4-tur uchrashuvlari yakunlandi. 7 ta o‘yinda turli natijalar kuzatildi va tabiiyki, har bir bahsning o‘ziga yarasha qahramoni ham aniqlandi. Quyida shu xususida to‘xtalamiz.

Tecno

“Dinamo” – “Metallurg” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Anvar Hojimirzaev

4-turni boshlab bergan “Dinamo” – “Metallurg” o‘yinida samarqandliklar nihoyat chempionatdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdilar. “Dinamo”ga bu yil qo‘shilgan Anvar Hojimirzaev jamoaga juda yaxshi kirishib ketdi va deyarli barcha bahsda o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. U “Metallurg”ga qarshi o‘yinda penaltidan hisobni tenglashtirdi. Umuman, “Dinamo”ning g‘alabasida uning ham hissasi alohida bo‘ldi.

OKMK – “Bunyodkor” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Sarvar Karimov

Mirjalol Qosimov jamoasi bu to‘qnashuvda kichik hisobda raqibidan ustun keldi. Ya’ni, olmaliqliklarning g‘alabasi uchun birgina gol etarli bo‘ldi. Biroq hisob bundan-da yirik bo‘lishiga “Bunyodkor” darvozaboni Sarvar Karimov yo‘l qo‘ymadi. U bir nechta vaziyatda jamoasini muqarrar gollardan saqlab qoldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida OKMK ustozi Mirjalol Qosimov ham raqib posbonini alohida e’tirof etgani bejiz emas.

“Qizilqum” – “Lokomotiv” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Anzur Ismoilov

Bir-biriga munosib jamoalar to‘qnashuvi o‘z nomiga yarasha natijada ham aks etdi va unda g‘olib aniqlangani yo‘q. Darvozalar daxlsiz qoldi. “Lokomotiv”ning faxriy futbolchisi Anzur Ismoilov esa eng yaxshi o‘yinchi nomiga munosib ko‘rildi. U raqib hujumlarini bartaraf qilishda faol bo‘ldi.

“Andijon” – “Nasaf” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Bubanya

Hozirgacha Superligadagi eng jangovar va qaynoq muhitdagi o‘yin sifatida e’tirof etilayotgan “Andijon”ning “Nasaf”ga qarshi uchrashuvida eng yaxshi futbolchi “Burgutlar”ning serbiyalik legioneri Vladimir Bubanya bo‘ldi. Mezbonlarning sardori va etakchisi maydonda chinakam jang qildi va tabiiyki, uning jamoadoshlari ham maydonda haqiqiy jangchilardek g‘alaba uchun katta ishtiyoq bilan kurashishdi. Bubanya deyarli bexato o‘ynadi va etakchiligini ko‘rsatdi.

“Paxtakor” – “So‘g‘diyona” – 2:3. Eng yaxshi futbolchi: Shoxruh Abdurahmonov

“Paxtakor” markaziy stadionida amaldagi chempion hali g‘alaba qozonmagan “So‘g‘diyona”ni qabul qildi. O‘yin qahramoni esa “Paxtakor” emas, balki “So‘g‘diyona” futbolchisi Shoxruh Abdurahmonov bo‘ldi. Chunki uning gollari evaziga jamoasi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi va uning gollari “Paxtakor”ni mag‘lub etdi. Shoxruh bu yilgi chempionatda dastlabki xet-trikka erishgan o‘yinchiga aylandi. Bu bahsda undan zo‘ri bo‘lmadi.

“Navbahor” – “Surxon” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Behruz Shaydulov

Namanganda “Navbahor” klubi yana qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Sal qolsa yutqazib qo‘yishi ham mumkin edi. “Surxon”ga qarshi uchrashuvda mezbonlar 0:2 hisobidan chiqib ketdilar va uni 2:2 ga aylantirishdi. Biroq qolganiga vaqt etmadi. O‘yin stsenariysi mezbonlar uchun boshqacha tus oldi. “Surxon” futbolchisi Behruz Shaydulov esa maydonda jonbozlik ko‘rsatdi va har bir qarich erda jiddiy kurashdi. U boshqalardan ajralib turdi.

“Olimpik” – “Neftchi” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Alisher Odilov

Hali mag‘lubiyatga uchramagan “Neftchi” hali g‘alaba qozonmagan “Olimpik”ga qarshi maydonga tushdi. O‘yinda bitta gol urildi. 90+2-daqiqada “Olimpik” hujumchisi Alisher Odilov himoyachilarning xatosidan foydalanib g‘alaba goli muallifiga aylandi va tabiiyki, uchrashuv qahramoniga ham sazovor bo‘ldi. Uning goli evaziga “Neftchi” ilk mag‘lubiyatini, “Olimpik” esa ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!