
Ulug‘bek Baqoev: "Bunday o‘yinlarda favorit yoki autsayder bo‘lmaydi"
Superliga 2-turi doirasidagi «So‘g‘diyona» - «Dinamo» uchrashuvidan (1:0) keyin jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev o‘z fikrini bildirdi.
- Yomg‘irli ob-havoda maydonda futbol kam edi, asosan kurash va jang kechdi. Shu bois o‘yindan keyin futbol haqida nimadir gapirish qiyin. Bunday sharoitda futbolchilar xarakteri, tartib o‘z so‘zini aytadi. Yigitlarimiz bosimni engishdi, gol urib, mavsumdagi ilk g‘alabamizga erishishdi. Bu bilan jamoamni va qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizni tabriklayman.
«Dinamo» jamoasi menga yoqdi. Ha, ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin ularga ruhan oson bo‘lmaydi. Shunga qaramay, Samarqand jamoasiga keyingi o‘yinlarda omad tilab qolaman.
- Yomg‘irli ob-havo o‘yin oldi rejalaringizga qanday ta’sir qildi?
- Yuz foiz ta’sir qildi. Bunday ob-havoda jamoalar darajasi qanday bo‘lmasin, maydon ikki tomon kuchini tenglashtirib qo‘yadi. Bunday o‘yinlarda favorit yoki autsayder bo‘lmaydi. Bu sharoitda 1-2 ta vaziyat o‘yin taqdirini hal qiladi. Ya’ni, birinchi gol urgan jamoa yutib ketardi. Hisob 0:0 bo‘lganida «Dinamo» juda yaxshi vaziyatidan gol urishi mumkin edi. Raqib ura olmagach, biz g‘alaba golini kiritdik. Bunday iqlim sharoiti jamoalar kuchini teng qiladi.
“Dinamo” matbuot xizmati.
Fikrlar