
Ulug‘bek Asanbaev: "Husanovning "Manchester Siti"ga o‘tishi borasida film tayyorlanyapti"
Ayni paytda ko‘plab klublarimiz Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borishmoqda va nazorat bellashuvlari ham tashkil qilinmoqda.
Kuni kecha “Andijon” Bosniya va Gertsegovina chempioni – “Boras Banya-Luka” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Ushbu uchrashuvni ko‘rish uchun stadionga bir qancha futbol mutaxassislari tashrif buyurishdi. Ularning orasida esa Ulug‘bek Asanbaev ham bor edi.
Uni yaxshi bilsangiz kerak, ayniqsa, yaqinda Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tishida eng birinchi xabar aynan Asanbaevning Husanov va Gvardiola bilan tushgan suratlari butun dunyoga tarqalgach, ovoza bo‘lgandi.
Futbol menejeri sifatida faoliyat yuritayotgan Ulug‘bek Asanbaevning Abduqodirni Evropaga kelishiga va xususan “Manchester Siti”ga o‘tishida ham xizmati bor.
Fursatdan foydalangan holda “Andijon” – “Boras Banya-Luka” uchrashuvidan keyin Asanbaev bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik.
- Ulug‘bek aka, avvalo “Andijon” ishtirokidagi uchrashuvga baho bersangiz?
- Yig‘in paytida hisobga e’tibor berilmaydi. Asosiysi, chempionat boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rish qanday ketayotganiga ahamiyat qaratgan ma’qul. Shu bilan birga o‘tgan yilgi va hozirgi “Andijon”ni bir-biriga taqqoslab chiqish kerak bo‘ladi. Bugungi “Andijon” oldingisiga nisbatan katta o‘sishga erishgan. Bundan keyin ham viloyat rahbariyati, homiylar va muxlislar klubga yanada ko‘proq e’tibor qaratishadigan bo‘lishsa, “Andijon” tez orada bayroqdor jamoalardan biri darajasiga chiqadi.
- Abduqodir Husanovning transferi bo‘yicha juda ko‘p gapirildi. Bu xususida nima degan bo‘lardingiz?
- Abduqodir Husanov bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tmoqchi emasman. Nega deganda, uning “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tishi borasida kichik film tayyorlanyapti. Unda hammasi qay tarzda ro‘y bergani, bu xususidagi intervyu va mulohazalar bayon etiladi. Muxlislar shuni ko‘rib, hammasini o‘zlari bilib oladilar.
- Futbolchimiz debyutini “Chelsi”ga qarshi o‘tkazdi va nimalar bo‘lganini hamma ko‘rdi. Sizning munosabatingiz qanday?
- Bu - Gvardiola! Uning pullari juda ham ko‘p. Shu sabab u nimani istayotgan bo‘lsa, shuni amalga oshiraveradi. Futbolchining qandayligini bilish muhim. Gvardiola oxirgi 20 kun davomida tuzukroq tayyorgarlik ko‘rmagan futbolchini “Chelsi”dek kuchli raqibga qarshi bahsga qo‘ydi. O‘ylaymanki, bir yildan keyin Husanov jahonning eng zo‘r o‘n himoyachilaridan biriga aylanadi.
- Nima deb o‘ylaysiz, Husanov orqali endi Gvardiola o‘zbek futbolidan xabardor bo‘lib boryaptimi?
- Gvardiola o‘zbek emas, ingliz futbolini zo‘r biladi! Agar u o‘zbek futbolchisining Angliya futboliga mos keladi, degan to‘xtamga kelgan bo‘lsa, demak, to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Xudo nasib qilsa, bu kabi futbolchilarimiz yanada ko‘paysin va ular Angliya, Ispaniya va Evropadagi yana boshqa kuchli chempionatlarda o‘ynasinlar! Buning uchun faqat astoydil ishlash, akademiyalarga kuchli mutaxassislarni jalb etish kerak.
Fikrlar
94йили Узбекистон термаси узини ягона ютугига эришган. шу тугрисида фильм олишган эди, мана халиям ягона булиб турибди. суперклубга трансфер булиш жуда камеб ходиса эмас, хорижликлар курса, роса кулади.