
Ular yana birlashmoqda
Lionel Messining MLSga yo‘l olishi kutilmagan voqea bo‘lgandi. U "Barsa" yoki "Al-Hilol"ga o‘tishi borasida ko‘plab nashrlar bot-bot yozishdi. Yakun esa boshqacha tus oldi va argentinalik yulduz "Inter Mayami" a’zosiga aylandi. Mazkur klub haqda ko‘pchilik ma’lumotlar izlash jarayonida jamoa ligada 29-o‘rinda ketayotganligi va atigi 5 marotaba g‘alaba qozonganiga guvoh bo‘lishdi. Demak Messi MLSning eng kuchli jamoasiga emas, balki autsayder klub tarkibiga qo‘shilibdi. Bu narsa ko‘plab memlarni keltirib chiqardi ham. Messi esa yangi maqsadlar, yangi sovrinlar uchun kurashda eski do‘stlaridan foydalanishga qaror qildi. "Inter Mayami" sobiq "Barsa" futbolchilarini o‘z tarkibiga qo‘shib olish missiyasini qabul qilib oldi. Endi buni birin-ketin amalga oshirish kerak.

Serxio Buskets
Hozircha "Inter Mayami" faqatgina Serxio Busketsni o‘z futbolchisi sifatida tanishtirdi. Uning "Barselona" bilan amaldagi shartnomasi 2024 yilning yoziga qadar tuzilgan edi. Ammo klubning moliyaviy holatini yaxshilash uchun bitimni bekor qilib, katoloniyaliklarni erkin agent sifatida tark etishga qaror qildi. Agarda Messi "Al-Hilol"ni tanlaganida katta ehtimol bilan Buskets ham Saudiyaga yo‘l olgan bo‘lardi. Mish-mishlarga ko‘ra, yarim himoyachining dastlabki qarori Osiyo tomonlarga kelish bo‘lgan. "An-Nasr" unga jiddiy qiziqish bildirayotgandi. Ammo Buskets Messi bilan yana bir tarkibda o‘ynashga rozi bo‘ldi. 35 yoshli futbolchi va "Inter Mayami" o‘rtasida 2 yillik shartnoma tuzilgan.
Xordi Alba
Busketsdan tashqari Xordi Alba ham "Barselona" bilan shartnomasini bekor qilib, erkin agentga aylandi. Hali himoyachi to‘liq "Inter Mayami" futbolchisiga aylanmadi. Ammo tez orada rasmiy xabar e’lon qilinadi. Klub prezidenti Xorxe Mas Alba bilan hammasi kelishib qo‘yilgani va yaqin kunlarda uni jamoaga kelib qo‘shilishini aytib o‘tdi. Xordida ham Saudiya Arabistoni varianti bo‘lgan, lekin u Messiga yana assistlar amalga oshirishga qaror qildi. Alba uchun "Barsa"dagi so‘nggi mavsum yaxshi o‘tgani yo‘q. Garchi klub La Ligani qo‘lga kiritgan bo‘lsa ham 34 yoshli ispan Alexandro Baldega asosiy tarkibni topshirib qo‘ydi. Ammo kerakli vaziyatda o‘zini ko‘rsata olgan paytlar ham bo‘ldi. Endi u boshlang‘ich tarkibdan havotir olishi shart emas.
Luis Suares
Messi "Inter Mayami"ga o‘tganidan keyin ko‘plab nashrlar Luis Suares transferi haqda xabar berdi. Ammmo hujumchi mish-mishlarni rad qilib, "Gremio"da qolishini ta’kidlagandi. Ayni paytga kelib urugvaylik futbolchi qarorini o‘zgartirganga o‘xshaydi. Har holda u ham "Inter Mayami"ga o‘tishga yaqin turibdi. Shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishib olingan, lekin Suaresning "Gremio" bilan 2024 yilning qishiga qadar tuzilgan shartnomasi bor. Agarda uni kimdir sotib olishni istasa, Braziliya klubiga 70 million tovon pulini to‘lashi kerak bo‘ladi. So‘nggi yangiliklarga ko‘ra,. Luis "Gremio" bilan bitimni bekor qilib, "Inter Mayami"ga o‘tishi mumkin ekan. Bir mavsumda ikkita jamoada to‘p surgan Saures endi AQShni zabt etishga otlanmoqda.
Keyingisi kim?
"Iner Mayami" to‘xtab qolish niyati yo‘q. Mish-mishlarga ko‘ra, Mayami klubi erkin agentga aylangan Andres Inesta, Eden Azar va Serxio Ramos kabi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olishga urinmoqda.
Fikrlar