
Ular g‘alabaga muxtoj yoxud Qo‘qonda eski raqiblar...
FIFA kunlari yakunlangach, yana milliy chempionatimizda bahslar boshlanmoqda. 13 iyun sanasidan Superligada 12-turga start beriladi. O‘tgan yili pro ligada qatnashib, bu yil elitaga yo‘l olgan klublar - "Qo‘qon-1912" va "Mash’al" jamoalari Qo‘qonda o‘zaro kuch sinashadilar.
Bahrom Haydarov jamoasi ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng bu safar o‘z maydonida ushbu raqibini mag‘lub etish orqali muxlislarini xursand qilmoqchi. Ikkala raqib bir-birini yaxshi biladi. Albatta, "Mash’al" ham anoyilardan emas. Turnir jadvalida ikkala jamoa 12 ochkodan 11 va 12-o‘rinlarni egallab turibdilar.
Bo‘lajak uchrashuv har ikkala jamoa uchun muhim hisoblanadi. Chunki qo‘qonliklardan tashqari "Mash’al" ham g‘alabaga muxtoj bo‘lib turibdi. Bu o‘yin "Qo‘qon-1912" uchun ham, "Mash’al" uchun ham uch ochkoni qo‘lga kiritish borasida yaxshi imkoniyat.
Qo‘qonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni namanganlik G‘ayrat Jo‘raev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Islom Nosirov va Rasul Fozilovlar yordam berishadi. Zahira hakami esa Isroil Imomnazarov. Hakamlar ishini Jahongir Saidov nazorat qiladi. Uchrashuv komissari - Diyor Xotamqulov
Jamoalar shu paytga qadar chempionat doirasida 22 marta to‘qnash kelishgan. Bu o‘yinlarda g‘alabalar soni bo‘yicha "Qo‘qon-1912" 9 ta, "Mash’al" esa 7 ta g‘alaba qozongan. 6 ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan. To‘plar nisbati "Mash’al" foydasiga 28-26.
O‘zaro o‘yinlarda jamg‘arilgan ochkolar bo‘yicha "Qo‘qon-1912" 33, "Mash’al" esa 27 ochko to‘plagan. "Mash’al"ning o‘zaro o‘yinlarda qozongan eng yirik g‘alabasi 4:2, "Qo‘qon-1912"ning eng katta g‘alabasi esa 3:1 hisobida yakunlangan.
Ko‘rib turganingizdek, o‘zaro bellashuvlar statistikasida biroz ustunlik qo‘qonliklar tarafida bo‘lib turibdi. Biroq raqamlar har doim o‘yin oldidan klublarga mutlaqo ahamiyat kasb etmaydi. Chunki bu statistik ko‘rsatkichlar hisoblanadi.
13 iyun kuni 20:00 da boshlanadigan bellashuvda muxlislar qiziqarli o‘yin guvohiga aylanishlari katta ehtimol.
Fikrlar