
UFCda chempion bo‘lgan karate ustalari haqida bilasizmi?
Karate sharq yakkakurashlari orasidagi tarixiylaridan biri hisoblanadi. Ommaviyligi jihatidan ham yakkakurash sport turlari orasida etakchilardan biri desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Albatta, ushbu sport turining ham bir nechta yo‘nalishi mavjud. Shunday bo‘lsa-da, baribir asos, o‘zak bitta sanaladi. Demoqchimanki, karate bilan hamnafas inson har jabhada o‘zini himoya qila olishga qodir va bu sport turi vakillari o‘z vaqtida barcha mamlakatlarda avj olgan yakkakurash ustalari o‘rtasidagi raqobatda ham o‘zlarini ko‘rsata olishgan.
Hozirgi kunda butunjahon bo‘ylab MMA jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, UFC, “Bellator” promoushenlari tomonidan o‘tkaziladigan jang kechalari millionlab, ta’bir joiz bo‘lsa, milliardlab muxlislarning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Karate nozik didli sport va uning qonun–qoidalaridan kelib chiqib, bu yakkakurash turi vakillari MMA yo‘nalishida muvaffaqiyat qozona olmaydi, degan fikrlar ham yo‘q emas.
Biroq, bu noto‘g‘ri tushuncha ekanligini UFCda o‘z vaqtida chempion bo‘lgan karatechilar ro‘yxatiga e’tibor qaratsangiz ham amin bo‘lasiz.
Quyida, biz shulardan ba’zi birlari bilan tanishtirib o‘tamiz:
Lioto Machida
Yarimog‘ir vazn toifasida UFCning sobiq chempioni, hozirda “Bellator”da o‘z janglarini o‘tkazayotgan braziliyalik ushbu jangchi ham karate bilan yoshligidan shug‘ullana boshlagan. Liotoning otasi Yoshizo Machida Braziliyada yapon karate assotsiatsiyasi rahbari bo‘lganligi tufayli, unda ushbu sport turiga mehr uyg‘ongan va keyinchalik MMA tarixida karatening yorqin vakillaridan biriga aylana olgandi.
Jorj Sen-Per
So‘nggi yillarda karatedan chiqqan eng mashhur MMA jangchisi hisoblanadi. U UFCda ikki vazn toifasida chempion bo‘la olgan. Faoliyatiga yakun yasaganiga ko‘p bo‘lmadi. Kanadalik jangchi etti yoshidan karate bilan shug‘ullanishni boshlagan. Yakunda esa, u tom ma’nodagi MMA afsonasi bo‘la oldi.
Robert Uittaker
Avstraliyalik shovvoz sakkiz yoshidan boshlab, karate bilan shug‘ullangan. U UFCda o‘rta vazn toifasida chempion bo‘la olgan va hozirda ham ushbu divizionda etakchi hamda chempionlikka da’vogar hisoblanadi. Shuningdek, u o‘z vazn toifasidagilar orasida texniksi eng yuqori darajada e’tirof etiladi. Albatta, bu ham karatening unga taqdim etgan imkoniyatidir.
Shubhasiz, bunday toifadagi jangchilar yana ko‘plab topiladi. Bizni kuzatishda davom eting va sizlarga yana shunday jahon tan olgan karate vakillarini tanishtirib boramiz!
Fikrlar