UFC perfomance akademiyasi murabbiyi: "Erali va Abduroziq jangini va natijasini ko‘rdim. Lekin..

  • 23 iyul, 2024, 15:49
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
BEPUL PROPAN

Bir necha kun avval poytaxtimizga O‘zbekiston pankration va greppling assotsiatsiyasi taklifi bilan Shanxay UFC perfomance akademiyasi murabbiyi Rustam Boboev tashrif buyurdi. Rustam Boboev asli tojikkistonlik bo‘lib, dunyo bo‘yicha sanoqli bo‘lgan UFC perfomance akademiyasida greppling bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat olib boradi. Xullas, ushbu murabbiy Toshkentda ajoyib master-klass namoyish etdi. biz fursatdan foydalanib, ushbu mutaxassis bilan qisqacha suhbatda bo‘ldik. 

- Assalomu alaykum. Rustam yurtimizga xush kelibsiz!

- Assalomu alaykum. Rahmat. Bunchalik e’tibordan xursandman. 

- UFC akademiyasida mutaxassis sifatida ishlash oson emasdir, siz qanday bu imkoniyatni qo‘lga kiritdingiz?

- Men Tojikistonning Panjikent shahrida tavallud topganman. Xitoyda o‘qidim. U erda greppling bo‘yicha chempionatlarda ishtirok etib, yaxshi natijalar qayd etdim va suhbat va bir qator ko‘riklardan so‘ng  ushbu akademiyaga qabul qilindim. Qiziq jihati ushbu tanlovlarni AQShdan kelib kuzatishadi va ular qaror qabul qiladi. 

- Bunday akademiyalar jahon bo‘ylab nechtani tashkil qiladi?

- Ko‘p emas. Menimcha 10 talar bor bo‘lsa kerak. Aniq ma’lumotga ega emasman. 

- Shanxay UFC perfomance akademiyasida faqat xitoyliklar ta’lim oladimi?

- Yo‘q. Xozircha Singapur, Indoneziya, Yaponiya va Janubiy Koreya, Avstraliyadan talabalar bor. Markaziy Osiyo vakillari esa hali o‘qish imkoniyatiga ega emas. Nazarimda tez orada bunday imkoniyat ham yuzaga kelsa kerak. 

- Xitoydan bir qator jangchilar UFCda faoliyat yuritishmoqda. Ularning ushbu akademiya bilan bog‘liqlik joyi bormi?

- Albatta. Jang Veyli, Yan Siaonan, Song Yadong, Li Jingliang, Xeyli Alateng, Aori Kileng, Jang Mingyanglar ushbu akademiya tarbiyalanuvchilari sanaladi. 

- Demak, ularga ustozlik qilgansiz?

- Albatta, bir kun bo‘lsa ham ularga saboq berganman. 

- Jang Veyli chempion sanaladi. Yana shu akademiya tarbiyalanuvchilaridan kimdir UFC chempioni bo‘la oladimi?

- Ochig‘i bu borada bir nima deya olmayman. Lekin Jang Miyang, Aori Kilenglar juda iqtidorli yigitlar. Ulardan yaxshi natijalar kutish mumkin. Umuman xitoylik jangchilar oxirigacha harakat qiladiganlar toifasiga kiradi. 

- Tojikistonlik UFC jangchilarini ham kuzatib turibsizmi?

- Albatta, Muhammad Naimov, Muin G‘ofurovlar bilan yaxshi aloqadaman. Ajoyib yigitlar. Nurillo Aliev, Loiq Radjabovlarni ham kuzataman, lekin yaqin emasman. Shuningdek, Tojikistonda Faridun Odilov, sarvar Hamidov kabi ajoyib jangchilar bor. 

- Panjikentdan ekansiz, hamshaharingiz Kamil Karateni taniysizmi?

- To‘g‘risi, bu borada eshitmagan ekanman. Ko‘p vaqtim Xitoyda o‘tadi. shuning uchun yaqinda chiqqan bollarni ko‘pini tanimayman. 

- O‘zbekistonlik jangchilar haqida ham ma’lumotga egamisiz?

- Ha, 77 kg vaznda UFCda jang qilayotgan o‘zbekistonlik jangchining harakatlari yoqadi. 

- Nursulton Ro‘ziboevni nazarda tutyapsiz...

- Ha. xuddi shunday. 

- Master-klass mobaynida Erali Boyqobilovga ko‘zingiz tushdimi?

- Albatta. 

- Uni hamyurtingiz Abduroziq bilan jangini ko‘rdingizmi?

- Ha, albatta!

- Jang borasida nima deysiz, durang natija qayd etilganigachi?

- To‘g‘risi, bu jang boks borasida bo‘ldi. Men boks mutaxassisi emasman. Agar jang MMA bo‘yicha bo‘lganda aniq jang haqida tahliliy fikrimni bildirardim. Lekin juda zo‘r jang qilishdi. 

- Suhbat uchun rahmat. Faoliyatingizga omad tilaymiz!

- Minnatdorman. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!