
UFC ni ko‘zlayotgan hamyurtimiz GFC chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi
Bugun, Rossiyaning Samara shahrida aralash jang san’ati bo‘yicha GFC turniri bo‘lib o‘tdi. Biz uchun ahamiyatli jihati esa, mazkur turnirda yurtdoshimiz Liliya Shakirova engil vazn toifasidagi chempionlik kamari uchun oktagonga chiqdi. U aslida ekvadorlik Germaniya Laskano bilan jang o‘tkazishi kerak edi. Lekin Laskano turli xil sabablarga ko‘ra, Rossiyaga kela olmasligini bildirganidan so‘ng, ushbu chempionlik kamariga navbatdagi da’vogar qirg‘izistonlik Aygul Abdufashi hamyurtimizning raqibasiga aylandi. Jang ikkinchi raundda muddatidan avval texnik nokaut evaziga to‘xtatildi. Ushbu natijaning muallifi esa Liliya Shakirova bo‘ldi. U bir necha bora qirg‘izistonlik sportchini qiyin ahvolga solib qo‘ydi va oxir-oqibat hakam jangni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Mazkur chempionlik Liliyani UFC ga yanada yaqinlashtirdi.
Fikrlar