UFC chempionining murabbiyi O‘zbekistonda! (Intervyu)

  • 12 avgust, 2022, 17:24
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

Braziliyalik Tokio Olimpiadasi chempioni Xebert Konseysaoning yurtimizga tashrifi va 13 avgust kuni "Xumo Arena"da tashkil etiluvchi professional boks oqshomida debyut qilishi haqida batafsil ma’lumot bergandik. 

Tecno

Bugun, tashkil etilgan vazn o‘lchash marosimida uning murabbiyi Luis Doreaga qisqacha savollar bilan murojaat qildik. E’tiborimizni tortgan jihati, ushbu murabbiy  braziliyalik TOP MMA jangchilariga ham ustoz ekanligi bo‘ldi va biz tabiiyki u bilan MMA borasida ham suhbatlashdik. 

- Janob Dorea sizni nafaqat Xebertning balki braziliyalik kuchli MMA jangchilarining ham ustozi ekanligingiz haqida eshitdik?

- Ha, ko‘plab MMAda faoliyat yuritadigan shogirdlarim bor. Aksariyati UFC chempionligini ham qo‘lga kiritgan. 

- Keling, ularning kim ekanligiga ham oydinlik kiritsak?

- Eng mashhurlari Rojeriu hamda Rodrigo Nogueyra, Vitor Belfort, Anderson Silva. 

- Ularga boksdan saboq berganmisiz?

- Ha, albatta. Men boks murabbiyiman. 

- Anderson Silva hamda Vitor Belfort o‘zaro jang qilgandi. O‘shanda qanday holatga tushgansiz?

- Men yolg‘on gapira olmayman. To‘g‘risi, Anderson Silvani yutishini xohlaganman. Chunki, u bilan 20 yil ishlaganman. Belfort bilan esa 6 yil shug‘ullanganman. 

-  Yuqorida sanab o‘tgan shogirdlaringizning qay birini vazn toifasidan kelib chiqib, "pancher" deb hisoblaysiz?

- Albatta, Anderson Silva. 

-  Anderson Silva Kris Vaydmandan uchralgan mag‘lubiyatdan, dahshatli jarohatdan keyin o‘ziga kela olmadi va muvaffaqiyatsizliklari ko‘payib ketdi. Murabbiyi sifatida siz o‘z vaqtida sportni tark etishini aytmaganmisiz?

- Vaydmandan keyin yana o‘sha oyog‘idan jarohat oldi. Men 1 yil mobaynida undan faoliyatini yakunlashini so‘raganman. Biroq, u o‘sha vaqt katta sportni tark eta olmadi. 

- Qiziq jihati, Silva professional boksda kichik Xulio Sezar Chavesni mag‘lub eta oldi. O‘sha jangga ham siz tayyorlaganmidingiz?

- Xuddi shunday. Bilasizmi, u rasmiy tarzda professional boksda faoliyat yuritishni xohlamoqda va tayyorgarlikni jiddiy ravishda olib bormoqda. 

- Braziliya futboli desa ko‘z oldimizga Pele keladi. Jiu-jitsu borasida Greysilar oilasi, Voleybolda Jibani aytishimiz mumkin. Braziliya boksidachi?

- Eder Jofri. 

- Yana bir bizni qiziqtirgan voqeyliklar yuzaga keldi. Braziliya matbuoti hamon Xebert Konseysaoni professional boksdagi debyutini 26 avgustda bo‘ladi, deb yozishmoqda?

- Ilk jangimizni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga keldik. 2-jangimiz Braziliyadagi debyutimiz bo‘ladi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!