
UEFA Superkubogi: prevyu
Bundesligada “Bavariya” allaqachon start amalga oshirdi va yana bir jamoa darvozasi to‘rini 8 marta titratdi. “Shalke” yomon jamoa emas. Ular Germaniya birinchiligining o‘ziga yarasha nomdor jamoalaridan. Noyer hujumdagi jamoadoshlariga yaqinroq bora olmadi, chog‘i. Aks holda, mening hurmatim haqqi bas qilinglar, degan holda sobiq klubini bu kabi sharmandalikdan qutqarib qolgan bo‘larmidi?! Bu milliy chempionat mavzusi. Bugun ular “Sevilya”ga qarshi jiddiyroq qarashlari tabiiy. Axir o‘rtaga bitta titul tikiladigan bu kabi bellashuvlar taqdiri bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Myunxenliklar finallarda ancha qiynaladigan jamoalar sirasiga kiradi. Shundan umid qilishga majburmiz: bizga qiziqarli qarama-qarshilik kerak.
“Sevilya” haqida esa nimadir deyishga hayronman. Regilon ketgani ularning og‘riqli tarafi. Ammo boshqa tomondan Rakitich jamoaga qaytdi. “Barselona”da uchralgan mag‘lubiyat alamlari qolgan bo‘lsa kerak.
“Bavariya”
Flik jamoasining hujum artilleriyasi yana bir iste’dod bilan boyidi. Sane kabi nemis bolakaylari uchun “Bavariya” orzular jamoasi ekanligini to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Ular uchun boshqa jamoalardan yaxshiroq takliflar bo‘lib turganiga qaramay, ushbu jamoaga o‘tishlarining sababi ham ayni shunda.
Leroy tabiatan ancha injiq futbolchilar toifasiga kiradi. Har yaxshining bir yomoni bo‘ladi, degani shu bo‘lsa kerak. U Gvardiolaning yulduzli zaxira o‘rindig‘i vakili sifatida o‘ynashdan charchadi. Unga har bir o‘yinda maydonga tushish va o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat kerak. “Man Siti” hujumchilari bajarishga majbur bo‘lgan taktik topshiriqlardan to‘yib bo‘lgan. U to‘p raqibdaligida uning ortidan quvishni emas, yangi hujumlar o‘ylab topishni yaxshi ko‘radi, ko‘proq gollar urgisi va ularni yuzaga keltirishni istaydi.
Myunxen klubi aynan shunday joy. Flik hujumchilarga ancha erkinlik bergan va bu ularning rang-barang o‘yinlaridan ham sezilib turadi. Bugun “Sevilya”ga qarshi jiddiy bellashuvda Saneni ko‘rish ajoyib bo‘ladi.
Taxminiy tarkib: Noyer, Ernandes, Alaba, Boateng, Devis, Goretska, Kimmix, Sane, Myuller, Levandovski, Gnabri.
Ishtirok eta olmaydi: Kuassi, Koman.
So‘roq ostida: Devis.
“Sevilya”
Pablo Sarabiyaning o‘tgan mavsum avvalida PSJga o‘tib ketishi bilan ko‘pchilik “Sevilya”da ijodkor futbolchilar qolmaganligi haqida gapira boshladi. Ammo Banega va Xesus Navas barchaga hali ham nimalargadir qodir ekanliklarini isbotlab qo‘ya olishdi. Yo‘q joydan Lukas Okampos porlab chiqdi. Bugun necha-necha klublarda qadrlanmagan yulduz La Liganing Messidan keyingi o‘rindagi sermahsul futbolchilari qatoriga kirib olgan. Evropa Ligasida buni barcha yana bir karra guvohiga aylandi. Andalusiyaliklarda Lyuk de Yong ismli tajribali hujumchi borligi finalga kelgandagina esimizga tushdi. Barcha markaziy hujumda En-Nesirini kutayotgan bir paytda sobiq Ispaniya terma jamoasi va “Real” bosh murabbiyi niderlandiyalik forvardni boshlang‘ich tarkibga kiritdi.
Bugun ham Xulen Lopetegi ispan muxlislarining yolg‘iz ishonchi bo‘lib turibdi. Bugun qandaydir mo‘jiza yuz bergan taqdirda, uning bosh rolida Lopetegi ismini uchratishimiz muqarrar.
Taxminiy tarkib: Bunu, Navas, Kunde, Diego Karlos, Eskudero, Rakitich, Fernando, Jordan, Suso, En-Nesiri, Okampos.
Murabbiylar
Xans-Diter Flik: “Sevilya” Evropa Ligasini ajoyib tarzda yutdi. Bu katta jamoa va taktik jihatdan yaxshi shakllangan. Lopetegi yaxshi ishlarni amalga oshirmoqda. Ancha katta kuch talab qiladigan o‘yinda maydonga tushamiz. Ikkala jamoadan ham kuchli o‘yin kutishingiz mumkin. Shu jihatdan, bu kabi o‘yinlarni top darajada desak bo‘ladi. Biz yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga harakat qildik. Jamoam 100 foiz kuchini ko‘rsatishini kutmoqdaman. Biz ushbu o‘yinga bor e’tiborimizni jamlay olishimizga umid qilaman. Bu - final, ularga doim o‘zgacha yondashishga majbursiz”.
Xulen Lopetegi: “Bavariya”da, avvalo, ajoyib murabbiy bor. U futbolchilarni individual va jamoaviy tarzda kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular qanday o‘ynashni, qanday himoyalanishni va qay tartibda hujumga o‘tishni biladi. Biz barchasini to‘g‘ri tushunib turibmiz: qarshimizda hozirgi davrning eng kuchli jamoasi. Biroq biz bu erga aylanib ketishga kelmadik”.
Xulosa o‘rnida
Har doim ham Evropa Chempionlar Ligasi g‘olibi Evropa Ligasi chempioniga qarshi UEFA Superkubogi finalida o‘ynar ekan, favorit maqomida bo‘ladi. Bugungi “Bavariya” Lopetegi aytganidek, dunyoning eng yaxshi jamoasi, hisoblanadi. Ammo chin ko‘ngildan umid qilamizki, bugun keskin va qarama-qarshi hujumlarga boy futbol ko‘ramiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar