U nega "Dinamo"ni tanladi? Yana qanday takliflari bor edi? Arda Turan bilan gaplashdimi yoxud Turkiya chempionatidan qaytgan legionerimiz bilan suhbat

  • 14 iyul, 2024, 19:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sports.uz orqali Turkiya chempionatidan qaytgan hamyurtimiz Jahongir O‘rozovning “Dinamo” klubiga ijaraga o‘tgani xususida xabar berib o‘tgandik. Sayt jurnalisti ushbu futbolchi bilan yangi klubga rasman ko‘chib o‘tganidan keyingi ilk intervyuni uyushtirdi.

Tecno

- Jahongir, "Dinamo" klubiga ijaraga o‘tganingizni bildik. Bu siz istagan kelishuv bo‘ldimi?

- “Dinamo” jamoasiga o‘tganimizni yaxshi kelishuv bo‘ldi, deb hisoblaymiz. Sababi, klub bosh murabbiyi Vadim Abramov doim yoshlarga imkoniyat bergan. Menda Turkiya chempionatida o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lganligi uchun “Dinamo”ni tanladim va bu erda o‘yin amaliyotimni ko‘paytirib, yana turk klubiga yaxshi sport formasida qaytib, o‘zimni ko‘rsatishni niyat qilganman.

- Nima sababdan aynan "Dinamo"ni tanladingiz?

- Aytib o‘tganimdek, “Dinamo”da birinchi navbatda bosh murabbiy menga qiziq tuyuldi. Vadim Karlenovich hamma vaqt yoshlarga imkoniyat taqdim qilgan. “Dinamo”ni tanlashimda shuningdek, agentimning ham o‘rni bo‘ldi. Chunki bu klubda meni murabbiy xohlayotganini tushuntirdi.  

- "Eyyuspor" jamoasidagi kelajalingiz nima bo‘ladi? Ular ketishingizga qanday munosabatda bo‘ldilar?

- “Eyyuspor” klubim ketishimga qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. Jamoam endi Superligada qatnashadi. Tarkibda yoshi kattaroq va tajribali futbolchilar ko‘p va ular bilan chempionatni boshlashadi. Dekabr oyigacha Superligaga tayyor o‘yinchi bo‘lib borish uchun “Dinamo”da bor kuchim bilan o‘ynab, malakamni oshiraman hamda turk klub rahbariyati va murabbiylarining e’tiborini tortib, yana “Eyyuspor”da faoliyatimni davom ettirmoqchiman.

- Ketish oldidan bosh murabbiy Arda Turan bilan gaplashdingizmi? Uning bu boradagi pozitsiyasi qanday bo‘ldi?

- Ketish oldidan bosh murabbiy bilan gaplashganim yo‘q. Klubda bosh murabbiydan tashqari texnik va sport direktorlari, jamoa boshliqlari ham futbolchilar bilan gaplashadi. Bosh murabbiy ko‘proq xorij safarida edi. Shu bois Arda Turan bilan gaplasha olmadim. Texnik va sport direktorlari bilan gaplashdik va ular ruxsat berishdi. Xudoga shukr, endilikda yana O‘zbekistondaman.

- "Dinamo" faoliyatingizda yangi sahifa ochadi. Jamoa sizni qanday qabul qildi va bu erdagi maqsadingiz nimadan iborat?

- “Dinamo” qiziqarli jamoa. Yangi sahifa bo‘lishini o‘zim uchun kutib turibman. Klub a’zolari meni iliq kutib olishdi. Jamoadagi ahillik ko‘rinib turibdi. Yoshi katta futbolchilar ham, yoshi kichik o‘yinchilar ham va murabbiylar shtabi ham mamnuniyat bilan qarshi olishdi. Bu erda yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib terma jamoa murabbiylarining nazariga tushishni ham maqsad qilib qo‘yganman.  

- Xizmatingizga yana qanday qiziqishlar bor edi?

- Qiziqishlarga kelsak, Tailand jamoasidan taklif bo‘lgandi. Ammo agentim bunga darhol rad javobini berdi. Agentimga aloqaga chiqishgan ekan. Tailand futbolini O‘zbekiston futbolidan pastroq deb hisobladik. Eron klublaridan ham takliflar bo‘ldi. U erga borib, yana Turkiyadagi holat takrorlanmasligi uchun O‘zbekiston chempionatini ma’qul ko‘rdik. O‘zimizning Superligada “So‘g‘diyona”, “Andijon”, “Lokomotiv, “Paxtakor”, OKMK kabi jamoalar qiziqish bildirishdi. Yakunda “Dinamo” ma’qul bo‘ldi.

- O‘zbekiston chempionatiga qaytish fikri avvalo kimdan chiqqandi?

- Ko‘proq meni ishim bilan shug‘ullanadigan agentimning tashabbusi bilan bo‘ldi. Chunki Turkiya chempionatida doimiy ravishda maydonga tushmaganligim xavotirga soldi. O‘zbekiston chempionatida yana yaxshi himoyachi bo‘la olishimning ehtimoli yuqoriligi, o‘zingni ko‘rsatasan, terma jamoa murabbiylari e’tiborida bo‘lasan, deya shu taklifni bildirdi. Agentim bilan kelishgan holda shunday yo‘l tutdik.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!