Tushkunlikka tushma, seni yorqin kelajak kutmoqda! Ishonasizmi, U-23 terma jamoamiz a’zosi Evropa klublari o‘rtasida talash bo‘lyapti. Futbolchimiz qanday fikrda?

  • 23 iyun, 2022, 16:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Mamlakatimizda o‘tgan U-23 Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi finalgacha etib keldi. Garchi hal qiluvchi bellashuvda Saudiya Arabistoniga mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsak-da, Kapadze shogirdlari yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldilar.

Futbolchilarimizning ko‘rsatgan o‘yinlari muxlislarni yana stadionga qaytardi. Chunki bu tarkib bilan biz albatta ko‘zlagan maqsadimizga erisha olamiz. Kelajakda ular kuchli jamoaga aylanadilar. Barchasi iqtidorli, salohiyati yuqori futbolchilar.

Ana shunday yigitlarimizdan biri Ruslan Jiyanov bo‘lib, “Olimpik” safida to‘p surib kelmoqda. Osiyo Kubogi davomida u ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldirishga erishdi. Endi bo‘lsa, futbolchimiz skautlar orasida talash bo‘lyapti. Sports.uz muxbiri Jiyanov bilan suhbatda bo‘ldi.    

- Ruslan, final o‘yinidan oldin va keyingi kechalarni qanday o‘tkazdingiz?

- Albatta, uchrashuvdan oldin barchamizda tayyorgarlik yaxshi bo‘lgandi. Murabbiylar shtabi va rahbarlar ham bizga ishonch bildirishdi. Vitaminizatsiya, ovqatlanish, umuman barcha jabhada bizga yaxshi sharoitlar yaratildi. O‘yinga zo‘r holatda tayyorlandik. Xalqimizni xursand qilmoqchi edik. Nasib qilmadi. Peshonada shu narsa yozilgan ekan. O‘yinni yutsak bo‘lardi, harakat qildik. Oxirigacha xalqimiz uchun bayram uyushtirib bermoqchi edik. Guruh bosqichida ko‘pchilik bizga ishonmadi. Hattoki, guruhdan ham chiqa olmaydi, degan gaplar bo‘ldi. Biz Vatan uchun o‘ynadik va o‘zimizni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldik. Xudoga shukr, finalgacha etib keldik. Uchrashuvdan keyingi holatimizga kelsak, xalqimizga bayram kayfiyatini ulasha olmaganimiz uchun hammada xafagarchilik kuzatildi. Ikki kunlab uxlay olmadik. Kechalari uyqu kelmasdi va o‘yindagi voqealar xayolimizdan o‘taverdi. Final uchrashuvidan keyin ham muxlislarimiz bizni qo‘llab-quvvatladilar. Sizlar biz uchun chempionsizlar, qahramonsizlar deyishdi. Bunday e’tirofdan keyin yana o‘zimizga motivatsiya olyapmiz, Xudo xohlasa, albatta Parij Olimpiadasini qo‘lga kiritib, yaxshi natijalar ko‘rsatamiz.

jiyanov2

- Osiyo Kubogida o‘zingiz uchun nima o‘rgandingiz?

- Avvalambor muxlislardan o‘zimga ancha ishonch oldim. O‘yinlar davomida tajriba o‘rgandik. Musobaqa mobaynida har xil jamoalarga qarshi turli o‘yin uslublarida o‘ynadik. Nasib qilsa, Parij Olimpiadasiga yo‘llanma beradigan Osiyo chempionatida o‘zimiz uchun katta tajriba oldik. Butun jamoamiz ko‘p narsa o‘rgandi.

- Saudiya Arabistoniga boy berilgan o‘yindagi mag‘lubiyat ta’siri hali ham bilinyaptimi?

- Futbolchining hayoti shunaqa, darhol keyingi uchrashuvlarga tayyorlanish kerak. Mana, endi chempionat o‘yinlariga kirishdik. Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun ham finaldagi mag‘lubiyatni unutib, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, jiddiy tayyorlanish kerak. Agar miyamizdan chiqarib yuborsak, pastga sho‘ng‘ib qolamiz. Asosiysi, to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak.

jiyanov6

- Nima deb o‘ylaysiz, Saudiya Arabistoni bizdan har tomonlama kuchlimidi?

- Yo‘q, har tomonlama kuchli emasdi. Faqat ular himoyada tartibli o‘ynashdi va tajribalari bor ekan. Bir nechtasi milliy terma jamoasi safida ham to‘p surishadi. Lekin bu endi hech nimani anglatmaydi. Bu – futbol. Bizda ham kuchli futbolchilar va kuchli o‘yin bor edi. Nimagadir o‘xshamadi.

- Osiyo Kubogidagi ishtirok har bir o‘yinchimizning keyingi faoliyatini o‘zgartirib yuborishi mumkin, ko‘pchilik kuzatdi. Endi rejalaringiz qanday?

- Albatta, bu boshqacha hissiyot. Bunday musobaqada o‘ynayotganda, muxlislarimiz, ota-onamiz, Yurtboshimiz, barchaning olqishlayotganini his qilasiz. Boshqa dunyoga tushib qolgandek bo‘lasiz. Mas’uliyat ham boshqacha bo‘ladi. Keyingi rejalarga to‘xtalsam, hozircha “Olimpik”daman. AGMKga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yubordim. Chunki finalda gol urganimda ofsayd bo‘lgandi, o‘sha vaziyatda oyog‘im qayrilib ketgandi. Menga Evropa va Osiyodan ham variantlar bo‘lyapti. Rossiya, Turkiya, Eron...Temur Kapadze va o‘zimga yaqin insonlar bilan maslahatlashaman. Birinchi navbatda Kapadzening aytgani bo‘ladi. Bir-ikki yil oldin biz deyarli yo‘q o‘yinchi edik. Endi xalq ozgina bo‘lsa ham tanidi. Bunda murabbiyimiz boshchiligidagi barchamizning mehnatlarimiz bor. Hammasiga Temur aka sababchi bo‘ldi. Bizga to‘g‘ri yo‘nalish bera oldi. O‘zimizga ishonchni uyg‘ota oldi. Keyingi faoliyatimda Kapadzening qarori muhim rol o‘ynaydi.

jiyanov

- Aynan qaysi klublardan takliflar bo‘lyapti?

- Hali hech nima aniq bo‘lmay turib, nomma-nom aytish biroz noqulay. Jamoalar ko‘p. Masalan, Rossiyadan 7-8 ta, Turkiyadan 2-3 ta klublar qiziqyapti. Eron, Ozarbayjon va yana boshqa chempionatlardan variantlar bo‘lyapti. Agentlar Evropaga borasanmi deb yozishyapti.

- Qachon tanlovni amalga oshirmoqchisiz?

- Hozirda “Olimpik” bilan Superligada o‘yinlarimiz bor. Bor e’tiborimni klubimning o‘yinlariga qaratganman. Birinchi davra tugaganidan keyin Temur aka va o‘zimga yaqin insonlar bilan maslahatlashamiz.

jiyanov4

- Demak, yozda legioner sifatida chetga ketishingiz mumkin ekan-da?!

- Ha, shunaqa. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri yo‘lni tanlashga harakat qilamiz.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Tohirbek
24/06/2022 11:27
Qayerga bulsa xam oldiga maqsad quygan klub bulsin
solijon bobokulov
23/06/2022 17:05
Ketish kerak, faqat Rossiyaga emas