
"Turon" murabbiyi intervyu berayotgan jarayonda yig‘lab yubordi. Bunga sabab...
“Turon” jamoasining murabbiylar shtabida tajribali Murod Ismoilov ham faoliyat olib borayotganini bilasiz. U klub bosh murabbiyi Islom Ismoilovning dadasi. Kichik Ismoilov ko‘p vaziyatlarda dadasidan kerakli maslahatlarni so‘rab turadi.
“Turon”ning “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinida Murod Ismoilov bosh murabbiy vazifasini bajardi. Buning sababini barcha yaxshi biladi. O‘sha uchrashuvda Superliga debyutanti g‘alabaga yaqin kelgandi. Biroq kutilmaganda, Vladislav Kasminin ongli ravishda jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagach, “Turon” darvozasiga penalti belgilandi va o‘zi ham maydondan chetlatilib, jamoasini qiyin vaziyatga solib qo‘ydi. Xo‘sh, unga qandaydir chora ko‘rildimi? Katta Ismoilov dastlab shu haqida gapirdi.
- Navro‘z bayrami munosabati bilan qisqa ta’til bergandik. Bugun yig‘ildik. Kasmininning o‘sha holatini insoniylik faktori, deb hisoblayman. Qiziqqonlikda har xil choralarni ko‘rish mumkin. Lekin o‘yinni, undagi vaziyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, o‘zi bilan bafurja gaplashgandan keyin, xulosa chiqargan yaxshi. Bu futbolda har bir o‘yinchida yuz berishi mumkin bo‘lgan holat. Ataylab qildi, deya olmaymiz. Shu bilan birga uni bunday xato qilishga haqqi yo‘q yoshda, deb o‘ylayman. Shu sababli, dabdurustdan qaror chiqarish noto‘g‘ri bo‘lardi. Hammasini tahlil qilamiz.
“Turon” klubi dastlabki uchta turdan keyin ikkita mag‘lubiyat va bitta durang qayd etdi. Murod Ismoilov jamoasining ortda qolgan o‘yinlariga munosabat bildirdi.
- Har bir jamoa yangi tashkil etilganda, ayniqsa, bizga o‘xshagan klub Superligaga chiqqaniga qarasak, tarkibning 80-90 foizi yangi tuzildi. Nomma-nom aytmayman, ammo yaxshi saviyadagi jamoalar ham o‘z vaqtida etuk futbolchilarni olgan taqdirda ham, dastlabki yillarda natija ko‘rsata olmagan. Bir-birini o‘rganguncha, ichki muhitni yaxshilaguncha baribir vaqt kerak bo‘ldi. Bizning jamoada ham shunday holat bor. Tarixda birinchi marotaba Superligaga chiqdik. To‘g‘ri, tajribali o‘yinchilarni olib keldik. Ammo shunday gap bor: yulduzlarni yig‘ib oldi, deyish bilan bu hali jamoa shakllandi, degani emas. Professional nuqtai nazardan qaraganda, “Turon” jamoasiga biroz vaqt kerak. Buni rahbariyat ham, muxlislar ham to‘g‘ri tushunishlari lozim. Yigitlarning o‘yini chakki emas. Ayrim klublar ikki-uch yilda qiladigan ishni biz imkon qadar tezlashtirib bajarishga harakat qilyapmiz. Murabbiylar ham farishta emas, albatta. Futbolchilarga nimani istayotganini va qanday uslubda to‘p surishni singdira olishi uchun ham vaqt talab qilinadi. O‘yindan-o‘yinga hammasi shakllanib boryapti. Jamoamiz to‘g‘ri yo‘lda. Qilayotgan ishlarimiz o‘z natijasini beradi.
“Turon” safida koreyalik Kim Bo Yong ham bor. Biroq hozircha uning qanday xususiyatlarga egaligi to‘liq namoyon bo‘lgani yo‘q. Aslida uning taklif etilishi to‘g‘ri qarormidi? Bu haqida Murod Ismoilov shunday dedi:
- Koreyalik futbolchida potentsial borligini ko‘ryapman. O‘zi ham yoshroq, tezkor o‘yinchi. Kamchiliklari nisbatan kamroq. U yaxshi tomonga bursa bo‘ladigan holatda. Faqat bitta muammo bor: uning oyoq mushaklarida qanaqadir tushunarsiz og‘riq bor. Misol uchun, bugun yaxshi bo‘lsa, ertaga kattaroq yuklamalardan keyin og‘riq paydo bo‘lib qolyapti. Bu ham vaqt masalasi. Unga biroz dam berib, yaxshilab davolatib, so‘ng mashg‘ulotlarga olib kirmoqchimiz. Qo‘qon bilan uchrashuvda tavakkal qilib, uni qo‘ydik, shundan keyin yana biroz og‘riq bo‘ldi. Lekin koreyalik legionerga ishonchimiz bor. O‘ylaymanki, bu to‘g‘ri tanlov. Ammo til masalasida ham ozgina tushunmovchilik bo‘lyapti. U ingliz tilini yaxshi bilmas ekan. Bizda tarjimon bor, ammo u koreyschani yaxshi bilmaydi. Fitnes-murabbiyimiz koreys tilini biroz bilarkan, futbolchiga tushuntirishga harakat qilyapti. Serbiyalik futbolchilarda ham shunday muammo bor. Rus tilini bilmaydi, ingliz tilini biladi, hattoki, bittasi ingliz tilini ham bilmaydi. Shunday bo‘lyaptiki, u serbcha gapiradi, sherigi uni inglizchaga tarjima qiladi, tarjimonimiz esa o‘zbekchaga o‘giradi. Lekin ulardan maksimal darajada foydalanishga harakat qilyapmiz.
Islom Ismoilovning ikkinchi turda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida aytgan gaplarini hamma ko‘rdi. Aslida bu haqiqat sifatida aytilgan so‘zlar edi. Biroq yosh murabbiyning o‘sha vaziyatda o‘ta xissiyotga berilib ketishi evaziga O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi uni ikkita o‘yinga chetlatgandi. Mazkur vaziyat bo‘yicha ham Murod Ismoilov o‘z munosabatini bildirdi va keyin diligadiga fikrlarini ham aytdi
- Qarorni chiqarganlar bor. Odob yuzasidan aytganda, to‘g‘ri qaror, deb qabul qilaman. Albatta, gapirilgan gaplar haqiqat. Chunki o‘yindagi vaziyatlar yuzasidan fikr bildirgan. To‘g‘ri, hissiyotlarga berilmasdan gapirsa ham bo‘lardi. Ammo o‘sha paytdagi hissiyotda uni ham to‘g‘ri tushunish mumkin. Balki men ham uni o‘rnida shunday vaziyatga tushishim mumkin edi, bu hammada bo‘lishi tabiiy. Har kim fikrini turlicha bayon qiladi. Jamoa mashg‘ulotlarida o‘zi qatnashyapti. Mendan maslahat so‘raganida, yordam berib turibman.
Bitta gap: bu ichimdagi so‘zlar. Aytganlarimni chiqarasizmi-yo‘qmi, o‘zingizga havola. Masalan, men O‘zbekiston fuqarosiman, futbol ichida yuribman va uning nonini eyapman. Qanchadan-qancha odamlar orzu umidlar bilan O‘zbekistonni jahon chempionatida o‘ynashini xohlayapti. Yana qanchadan-qancha odam esa o‘sha orzu umidlari bilan O‘zbekistonni mundialda ishtirok etishini ko‘ra olmasdan o‘tib ketdi. Bitta tilagim, orzum va maqsadim...futbolni tushunadigan va uni yaxshi ko‘radigan odamlar O‘zbekistonni jahon chempionatiga chiqqanini, u erda o‘ynashini ko‘rsin, deyman. Aytayotganlarim maddohlik emas, hammasi yuragimdagi gaplar. Birinchi o‘rinda, O‘zbekiston Prezidenti, futbolimizni boshqarayotgan rahbar, deylik Qatardagi jahon chempionatida O‘zbekiston bayrog‘i xilpirayotgan mahalda ochilish marosimida o‘sha stadionda o‘tirishlarini istayman. Shu bilan birga, haqiqiy futbolni yaxshi ko‘radigan odamlar agar imkoniyati bo‘lsa, o‘sha stadionlarga borib terma jamoamizga muxlislik qilishini xohlayman. Lekin futbolimizda noto‘g‘ri ishlar bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sish bo‘lmaydi. Mana, Xudoga shukr, uchta turdan keyin barcha klublarimizda o‘sishni ko‘ryapman. O‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmayapti. O‘sish bor. Masalan, pro-ligamizni qarang, u erdagi saviya ham kuchayib ketdi. “Futbol TV” bilan “Uzreport” telekanallari pro-liga bahslarini shu darajada olib beradiki, ko‘rib maza qilasiz. Sifat yuqori, sharhlovchilari ham o‘yinlarga joziba beryapti. O‘tgan yili ko‘rib shunga amin bo‘ldimki, pro-liganing saviyasini sharhlovchilar ham ko‘tarib yubordi. Futbolni shunday sharhlab berishdiki, tanqiddan ham ko‘proq futbolning jozibasini ko‘rsatib berishdi. Shuning uchun bu yil pro-ligadan yanada yuqori saviyani kutyapman. Superligadan ham umidim katta. Xudo xohlasa, bu yil futbolimiz o‘sadi. Stadionlarga muxlislarni qaytaryapmiz. Lekin biroz salbiy vaziyatlar tufayli ishqibozlar yana kirmay qolishlari mumkin. Men birovni aybdor demayman. Lekin asosiy maqsadimni sizga ochiq-oydin aytyapman. Respublikamizda shuncha ishlar bo‘lyapti, qiyinchiliklarga qaramasdan rivojlanish bo‘lyaptimi, demak, futbolimizda ham bir qadam bo‘lsa-da, oldinga siljish bor deb o‘ylayman. Shuning natijasida azaliy orzuimizga erishamiz. Agar O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqsa, hammasi boshqacha bo‘lib ketadi. Ochiq gap, juda ko‘pchilik terma jamoamizni mundialda ko‘rmasdan o‘tib ketdi. Birinchi Prezidentimiz shu narsani ko‘rmasdan o‘tib ketdi. Mirabror Usmonov ham ko‘rmadi. Mayli, bu taqdir ekan. Ammo endi hozirgilar ko‘rsin, biz ko‘raylik (shu payt Murod Ismoilov ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi). Shuhratjon, o‘zimni to‘xtata olmayapman (biroz sukunatdan keyin). Men futbol odami sifatida hamma narsaga tayyorman. Nimaiki qilish kerak bo‘lsa bajaramiz, o‘sha azaliy maqsadimiz amalga oshishi uchun. Men bitta klub yoki o‘zimning shaxsiy manfaatimni aytmayapman. Butun xalqimizning orzusini aytyapman. Muhtaram Prezidentimiz xursand bo‘lib, terma jamoamizning jahon chempionatidagi o‘yinini stadionda ko‘rishini xohlayapman. O‘sha erda Yurtboshimizning o‘tirgani bizning stadionda o‘tirganimiz bo‘ladi.
Fikrlar
экан футболни улдиради жахон чемпионати армон булиб колаверади.