
"Turon" Fozil Musaevni qanday ko‘ndirdi? Jamoaga qaysi legioner qo‘shildi? Yana kimlar keladi? - Bosh murabbiy javob berdi
“Turon” klubi ham chempionatga jiddiy hozirlik ko‘ryapti. Shunga yarasha tarkibini ham mahoratli futbolchilar hisobiga kuchaytirishga erishyapti.
Ko‘rinib turibdiki, Superliga debyutanti shunchaki ochko ulashadigan jamoa rolini bajarmoqchi emas. “Turon” bosh murabbiyi Islom Ismoilov esa hozirgi tayyorgarlik jarayoni va selektsiya borasida sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob qaytardi.
- “Turon” jamoasi ham selektsiya borasida faollik ko‘rsatayotgani sezilib turibdi. Ayni paytda bu borada necha foizga ishlar bajarildi? Umuman, selektsiyadan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Hali selektsiya ishlarimiz davom etyapti. Yana bir-ikkita to‘ldirishimiz kerak bo‘lgan chiziqlarimiz bor. Shuning uchun hozirda selektsiyamizni to‘xtatganimiz yo‘q. Taxminan 60-70 foizga ko‘nglim to‘lgan deyishim mumkin. Ammo hali 100 foiz emas.
- To‘g‘risi, Fozil Musaevning “Turon”ga o‘tishini ko‘pchilik kutmagandi. Chunki uning oldida boshqa variantlar ham bor edi. Gapning ochig‘i, “Turon”ning bu o‘yinchini qanday ko‘ndira olgani qiziq. Aslida Musaevni taklif qilish kimdan chiqqan tashabbus edi?
- Fozil Musaev masalasida rahbariyat tashabbus bilan chiqdi. Shunday futbolchini jamoamizga olib kelsak yaxshi bo‘lardi deyishdi. Shunga qarab biz futbolchi bilan muzokaralar olib bordik. Yakunda o‘zi bilan kelishuvga erishdik.
- Ammo u bilan muzokaralar oson kechmagandir-a?
- Oson bo‘lgani yo‘q. Fozil Musaev ham o‘ziga yarasha statusi bor o‘yinchi. Unga o‘zimizning g‘oyalarimizni tushuntirishga harakat qildik. Kelajakdagi maqsadlarimiz qandayligini aytdik. U bizni to‘g‘ri tushundi va yakunda har ikki tomonga ham manfaatli bo‘lgan hamkorlikni o‘rnata oldik.
- Musaev arzon narxdagi futbolchi emas. Jamoaga yangi taklif qilingan o‘yinchilar orasida eng qimmati ushbu o‘yinchi bo‘lib turibdimi?
- Bu haqida gapirsam o‘yinchilar orasida nizo bo‘lib qolishi mumkin. Yaxshisi, bu xususida aytmaganim ma’qul deb o‘ylayman. Bu klubning ichki siri.
- Shuningdek, jamoaga serbiyalik legioner kelishi haqida aytgandingiz...
- Ha, legioner kelgan, bugun qo‘shildi. Ertaga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazamiz. Keyin shartnoma imzolaymiz. Albatta, bu borada sizlarga xabar beramiz. U hujumkor yarim himoyachi.
- Bulardan tashqari, jamoangizda yana qaysi pozitsiyalarga o‘yinchi ko‘rishimiz mumkin?
- Buni ham aytsam, o‘zimizdagi futbolchilarga og‘ir botishi mumkin. Lekin ikkita eng og‘riqli chiziqlarimiz bor. Shularni to‘ldirish ustida ish olib boryapmiz.
- Futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati qanday?
- Tayyorgarlik rejamiz asosida davom etyapti. Mana, hozirda Farg‘onada “Hokim Kubogi”da ishtirok etyapmiz. O‘yin bo‘lmagan kunlari tiklanish mashqlarini olib boryapmiz. Futbolchilarning ishga bo‘lgan munosabati yaxshi.
- “Hokim Kubogi”da natija ko‘rsatish asosiy vazifami yoki bundan boshqa maqsad ko‘zlanganmi?
- “Hokim Kubogi”da oldimizga hech qanaqa vazifa qo‘yilmagan. Asosiysi, mavsumga yaxshi tayyorlanishimiz kerak. Tarkibimizdagi o‘yinchilarni bu musobaqa uchun “qurbon” qilib yubora olmaymiz. Futbolchilarimizni turli jarohatlardan ehtiyot qilgan holatda mavsumga tayyorgarlikni olib boryapmiz. “Hokim Kubogi”dagi musobaqada maydonlar talab darajasida emas. Shuning hisobiga ham o‘yinchilarimizni ehtiyot qilyapmiz. Aslida “Hokim Kubogi”dagi ishtirokimiz ham mavsumga tayyorgarligimizning bir qismi xolos.
- Undan keyingi rejalar qanday?
- 5 fevraldan Toshkentda yig‘ilamiz va o‘sha erda chempionatga tayyorgarlikni davom ettiramiz.
Fikrlar