Turli maqsadlar, ammo maydonda jang beradigan raqiblar yoxud Samarqanddagi qoldirilgan bahs oldidan
FIFA kunlari boshlangani munosabati bilan chempionatimizda navbatdagi tanaffus yuzaga kelgan. Chunki terma jamoalarimiz norasmiy kichik turnirlarda qatnashishmoqda. Lekin Superligada bitta qoldirilgan o‘yin bo‘lib o‘tadi. 21-turga belgilangan “Dinamo” - “Andijon” bahsi ayrim sabablarga ko‘ra 15 noyabrga qoldirilgan bo‘lib, ertaga ushbu klublar zaxiradagi o‘yinida maydonga tushadilar.
Bu o‘yin ikkala jamoa uchun ham muhim va qo‘shimcha imkoniyat sanaladi. “Dinamo” bilan “Andijon”ni bugungi kundagi vazifalari bir-biridan farq qiladi. Vadim Abramov shogirdlari medallar uchun kurashyapti, Maksim Shatskix jamoasi esa ligada o‘rnini saqlash uchun pley-offga qolib ketmaslik maqsadida kurashmoqda.
Turnir jadvalida “Dinamo” 53 ochko bilan 4-o‘rinda, “Andijon” esa 29 ochko jamg‘arib 12-pog‘onani egallab turibdi. “Dinamo” o‘z uyidagi bahsda g‘alaba qozonsa, 3-o‘rinda borayotgan “Paxtakor”ga tenglashib oladi. Shuning uchun Vadim Abramov jamoasi hujumga katta e’tibor qaratadi. Ustiga-ustak “Andijon” safida jarohatlanganlar bor. Asosiy tarkibning ayrim a’zolari ushbu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. Bu albatta “Burgutlar” uchun yo‘qotish. O‘yin oldidan ko‘pchilik “Dinamo”ning imkoniyatini yuqori baholayapti va bu tabiiy. Qolaversa, oxirgi paytlarda “Andijon”ning natijalari o‘xshamayapti. Lekin bu degani ularni Samarqanddagi bahsda oson taslim bo‘lishini anglatmaydi. Balki Shatskix jamoasi “Dinamo”ga qarshi o‘zgacha xarakter ko‘rsatishi ham hech gap emas. Chunki mehmonlarga ham natija ko‘rsatish nihoyatda muhim.
“Dinamo” va “Andijon” ushbu mavsumda bunga qadar ikki marta to‘qnashishgan. Ikkalasi ham Andijonda bo‘lib o‘tgan. Chempionat doirasidagi o‘yinda “Dinamo” mehmonda 1:2 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, Kubok doirasidagi uchrashuvda 1:1 natijasi qayd etilgan. Umumiy hisobda ushbu jamoalar O‘zbekiston chempionati doirasida 45 ta bellashuvda maydonga tushishgan. Kichik ustunlik samarqandliklar tarafida. “Dinamo”da 19, “Andijon”da esa 16 g‘alaba bor. 10 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 67\59 “Dinamo” foydasiga.
Eslatib o‘tamiz, “Dinamo” - “Andijon” bahsi 15 noyabr kuni, Samarqandda soat 16:00 da boshlanadi.



Fikrlar