
TsSKA afsonasi Akinfeev Fayzullaevga nega tanbeh berdi?
TsSKA etakchisi Abbosbek Fayzullaevning Rossiya Premer-ligasining avvalgi turida “Axmat”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda mavsumdagi to‘rtinchi sariq kartochkani olib, “Spartak” bilan bo‘ladigan derbidan oldin diskvalifikatsiyaga uchragani ko‘p muhokama qilinmoqda.
Ayniqsa, o‘sha bahs oldidan TsSKA rahbariyati Abbosbek Fayzullaevni “Spartak” bilan bo‘lajak o‘yindan keyin Qatar mezbonlik qilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogida qatnashayotgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi ixtiyoriga qo‘yib yuborishga rozilik bergani vaziyatni chigallashtirib yubordi.
Muxlislardan ayrimlari Fayzullaev terma jamoa safiga tezroq qo‘shilish uchun atay sariq kartochka oldi, degan taxminni ham bildirmoqda.
Bu vaziyatga TsSKA klubi kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydo ham munosabat bildirdi.
- Fayzullaev hamma uni to‘rtinchi sariq kartochkani atayin olganlikda ayblashini yaxshi tushunib turibdi. Akinfeev kiyim almashtirish xonasida Abbosga tanbeh berdi.
Bunday og‘ir vaziyatda nima qilish kerak? Bor e’tiborini o‘z mamlakati olimpiya terma jamoasi o‘yinlariga qaratib, u erdan umuman boshqacha hissiyotlar bilan safga qaytishi kerak, - dedi Kirill Breydo.
TsSKAning sobiq futbolchisi Aleksandr Grishin o‘zbek legionerining tarafini olib chiqdi.
- Hozir ko‘pchilik Abbosni derbida qatnashish imkoniyatidan ayirgan ogohlantirishni atayin olganlikda ayblayapti. Men futbol o‘ynaganman va futbolchi ataylab bunaqa qilmaganini juda yaxshi bilaman. Bunga ishoning.
Abbos raqibning ortidan yugurdi va futbolkasidan tortgani bu oddiy o‘yindagi vaziyat xolos. Fayzullaev buni atayin qilgani yo‘q, balki u o‘sha paytda “Spartak” bilan bo‘ladigan uchrashuvini o‘tkazib yuborishini o‘ylamagandir ham. Abbos tarafidaman. Uning o‘zi “Sparta” bilan bo‘ladigan derbini o‘tkazib yuborishni istamagan bo‘lardi.
Hozir u O‘zbekiston terma jamoasiga yo‘l oldi. Bundan ayrimlar norozi, lekin u bu erda kuzatuvchi bo‘lib o‘tiravermaydiku. U ketib to‘g‘ri qildi, bu mantiqan ham to‘g‘ri bo‘ldi.
Muxlislar uning derbida zaxirada bo‘lsa ham o‘tirishini istayapti. Vaziyat shundayki, u o‘ynay olmaydi va zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishidan nima naf?
O‘zbekiston terma jamoasi safida Abbosbek Fayzullaev tayyorgarlik ko‘radi, maydonga tushib o‘ynaydi. Moskvada qolishi nimadir o‘zgartirishi bo‘lmagan gap emasmi?, - dedi Aleksey Grishin.
TsSKA uchun printsipial ahamiyatga ega bo‘lgan “Spartak”ga qarshi uchrashuv 25 aprel kuni “armiyachilar” mezbonligida o‘tadi.
Abbosbek Fayzullaev esa, terma jamoamizning Osiyo kubogida sovrinli o‘rinlar uchun kurashib, Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olishiga yordam berishi kutilyapti. Qoidaga ko‘ra, Qatardagi Osyo kubogida dastlabki uchta o‘rinni egallagan terma jamoalar olimpiya litsenziyalarini qo‘lga kiritadi. To‘rtinchi o‘rin egasi o‘tish o‘yinida Afrika vakili Gvineya bilan raqobatlashishi belgilangan.
Ashurmatovning haydalishi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda
Fikrlar