
Transfermarkt hammaning e’tiborini Fayzullaevga qaratdi!
Jahon futbolida transfermarkt.world portalining ahamiyati beqiyos. Evropaning qudratli klublari ham transfer siyosatini shakllantirishda ushbu portal ma’lumotlariga tayanadi.
Transferlarga ixtisoslashgan ushbu portal ekspertlari har bir mamlakat futbolini sinchkovlik bilan kuzatib, tahlil qilib boradi.
Rossiya Premer-ligasi yakunlangani munosabati bilan transfermarkt.world mutaxassislari mavsum davomidagi kuzatuvlar va tahlillar asosida o‘z talqiniga ko‘ra, chempionat qahramonlari nomini e’lon qildi.
Ushbu tashkilot uchta muhim nominatsiya – “Yilning eng yaxshi futbolchisi”, Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” va “Yilning eng yaxshi bosh murabbiyi” yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar nomini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, yakunlangan mavsumda Rossiyaning eng yaxshi futbolchisi “Dinamo” vakili Konstantin Tyukavin bo‘ldi.
"Dinamo" Moskvani uchinchi o‘ringa ko‘targan Martsel Lichka eng yaxshi bosh murabbiy, deb tanlandi.
Transfermarkt portali ekspertlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi va TsSKA vakili Abbosbek Fayzullaevni Rossiya Premer-ligasining eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etdi.
Konstantin Tyukavin transfermarkt.world portali hisob-kitoblariga ko‘ra, Premer-liga va mamlakat kubogida jami 38 ta uchrashuvda qatnashib, 15 ta gol va 10 ta assist muallifi bo‘lgan.
21 yoshli futbolchi bugungi kunda 12 million evroga baholanmoqda. Uning “dinamochilar” bilan shartnomasi 2028 yilning yarmigacha davom etadi.
Martsel Lichka o‘tgan yili yozda “Dinamo”ni qabul qilib olgandi. 46 yoshli chexiyalik mutaxassis qo‘l ostida poytaxt jamoasi chempionat va kubok o‘yinida jami 41 ta uchrashuv o‘tkazib, 22 ta g‘alaba, 8 ta durang va 11 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Lichkaning “Dinamo” bilan tuzgan shartnomasi 2025 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Nufuzli portalda Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 32 ta bahsda raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatgani qayd etilgan.
20 yoshli legionerimizning transfer summasi ayni paytda 5 million evroni tashkil qilmoqda. TsSKA hamyurtimiz bilan 2026 yilning yarmiga qadar shartnoma tuzgan. Tomonlar kelishuviga ko‘ra, hamkorlik yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.
Fikrlar