
“Tottenxem” qimmatga tushgan futbolchini ketishga ko‘ndirdi
“Tottenxem” tez orada frantsiyalik yarim himoyachi Tangay N’Dombele bilan rasman xayrlashganini e’lon qiladi.
Footmercato nashriga ko‘ra, tomonlar hamkorlikni o‘zaro kelishuv asosida bekor qilmoqda.
Tangay N’Dombele “Tottenxem” tarixida eng qimmatga xarid qilingan o‘yinchi hisoblanadi. Londonliklar 2019 yili uni “Lion”dan 62 million evroga transfer qilgan.
Biroq yarim himoyachi “Tottenxem”da asosiy tarkibga kira olmadi. Klub rahbariyati uni avvaliga “Lion”ga, keyinchalik “Napoli” va “Galatasaroy”ga ijaraga berib yubordi.
O‘tgan mavsumni turk klubida yakunlangan 27 yoshli futbolchi barcha turnirlarda 26 ta uchrashuv o‘tkazib, atigi bitta assist qayd etdi xolos.
Umuman olganda, Tangay “Tottenxem”da jami 91 ta o‘yinda 10 ta gol va 9 ta assist muallifi bo‘lgan. Ayni paytda 8 million evroga baholanayotgan futbolchining amaldagi shartnomasi 2025 yilning yarmigacha tuzilgan.
Fikrlar