Toshkentdagi professional boks oqshomida "O‘zbek Kanelosi" hamda "Kichik Tayson"lar g‘alaba qozonishdi

  • 17 iyun, 2019, 02:14
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 

Tecno

Poytaxtimizdagi "Wyndham Tashkent" mehmonxonasida o‘tkazilgan katta professional boks oqshomi o‘z yakuniga etdi. Boks kechasi kutilganidan ham muvaffaqiyatli tarzda bo‘lib o‘tdi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki, tashkilotchilik yuqori saviyada tashkil qilingan edi. Kechani O‘zbekiston xalq artisiti Yulduz Usmonova diltortar ashulalari bilan ochib berdi.


So‘ngra, bokschilar ringa ko‘tarildi. Birinchi jang 79 kg vazn toifasida andijonlik Shuhrat Abdullaev hamda yana bir Andijon viloyati vakili Shohrux Kamoliddinovlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur jangda o‘z debyutini o‘tkazgan havaskorlar o‘rtasidagi Osiyo chempioni Shuhrat Abdullaev raqibini ochkolar evaziga mag‘lub etdi. Ushbu jang 4 raunddan iborat bo‘ldi


Ikkinchi jangda esa, yana ikki nafar andijonlik bokschilar bir biriga to‘qnash keldi. Ushbu qarama-qarshilik 66.7 kg da bo‘ldi. Muhammadsalim Sotvoldiev va Eldor Saidovlar jangida hakamlarning qaroriga ko‘ra, durang qayd etildi. Ushbu jang ham 4-raunddan iborat bo‘ldi. Natija esa, 38:38, 38:38, 38:38 ko‘rinish oldi.


Uchinchi jang 57 kg vazn toifasida bo‘ldi va boks kechasining tom ma’nodagi bezagiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Professional ringda ikkinchi jangini o‘tkazgan Abdulaziz Najmiddinov o‘zining chiroyli harakatlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Unga Toshkent viloyati vakili Xusniddin Ubaydullaev qarshilik ko‘rsatdi. Xusniddinning profidagi debyuti omadsiz yakunlandi. Jang ikkinchi raundda to‘xtatildi. Chunki Abdulaziz o‘zining zalvorli zarbalari bilan raqibini texnik nokautga uchratgan edi.


Navbatdagi baxsda esa, 55 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz Ravshanbek Shermatov gruziyalik Jaba Memishini 6-raundga mo‘ljallangan jangda muddatidan avval nokautga uchratib g‘alaba qozondi.


Boks oqshomining beshinchi juftligida anchagina tajribaga ega bo‘lgan, havaskor boksda ajoyib natijalar qayd eta olgan Doston Turdiev debyutant yana bir yurtdoshimiz navoiylik Islom Nasrullaevni 3-raundda nokautga uchratib, professional faoliyatidagi ettinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.


Navbatdagi jang esa, ushbu boks oqshomining eng tajribali bokschisi, profi ringda bir qator muvvaffaqiyatlarni qo‘lga kirita olgan "Kichik Tayson" nomi bilan mashhur Olim Nazarov ishtirokida bo‘ldi. U yana bir gruziyalik Mishiko Shubitidzeni birinchi raundning o‘zidayoq nokautga uchratdi.


Boks kechasining ettinchi juftligida WBA Asia kamari soxibi “O‘zbek Kanelosi” deya e’tirof etiluvchi Xusniddin Po‘latov gruziyalik raqibi Badri Gogichashvilini 3-raundda nokautga uchratdi va navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.


Nihoyat markaziy jangda professional bokschilarimiz orasida eng yoshi deya e’tirof etilayotgan Ravshanbek Maxammadjonov jiddiy raqib, Uganda vakili Juma Vasva bilan “internatsional” chempionlik kamari uchun shiddatli jang olib bordi. Raqib ham anoyi emasdi. Ushbu bokschi yana bir yurtdoshimiz Shohjaxon Ergashev bilan ham o‘zaro to‘qnash kelganligi bilan yurtimiz boks ixlosmandlariga yaxshi tanish edi. 8 raunddan iborat bo‘lgan mazkur jangda yosh bokschimiz ochkolar hisobiga raqibini mag‘lubiyatga uchrata oldi va chempionlik kamari soxibi bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!