Toshkentda FIFAning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofisi ochiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2027 yilgi U-20 jahon chempionatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qarorni imzoladi. Ushbu hujjatda Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish tasdiqlandi.
Qarorda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, quyidagilar belgilandi:
— FIFA va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo davlatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish taklifiga rozilik berilsin.
Shuningdek, quyidagi tartib o‘rnatildi:
— Mintaqaviy ofisni tashkil etish va uni saqlash xarajatlari, avvalo, FIFA tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi, etishmagan qismi esa O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, biroq umumiy xarajatlarning 50 foizidan oshmagan miqdorda moliyalashtiriladi;
— Mintaqaviy ofis O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi binosida, ya’ni Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 98a-uy manzilida, bepul asosda joylashtiriladi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston FIFAga a’zo bo‘lgan 211 ta milliy federatsiya qatoriga kiradi. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyo mintaqasida UEFA tarkibiga kirgan yagona davlat hisoblanadi.



Fikrlar