
"Torino" klubini boshqarayotgan ukam Shomurodov haqida iliq gaplarni aytgan" yoxud Rodolfo Vanoli "Qizilqum"ni ham maqtadi
Ayni paytda Superligamizning aksar jamoalari Turkiyaning Antaliya shahrida yangi mavsum uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib borishyapti. Har kuni qaysidir klublarimiz o‘zlarining nazorat bellashuvlarini o‘tkazyapti.
Navoiyning “Qizilqum” klubi kecha Gruziyaning “Samgurali” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi va 0:0 hisobi bilan yakunlandi.
Raqib jamoa bosh murabbiyi italiyalik Rodolfo Vanoli ekanligi e’tiborimizni tortdi.
Surishtirganimizda, u hozirda Italiya A seriyasida qatnashayotgan “Torino” klubi bosh murabbiyi Paolo Vanolining akasi bo‘lib chiqdi.
Bahs mobaynida klub vakilidan o‘yindan so‘ng murabbiy bilan biroz suhbatlashish istagimiz borligi haqida ma’lum qildik. O‘yin yakunlangach 62 yoshli Vanoli taklifimizga rozi bo‘ldi. Suhbat davomida esa murabbiy italyan tilida gapirdi va so‘zlarini ingliz hamda rus tillariga tarjima qilib turishdi.
- Avvalo, o‘yindan olgan taassurotlaringiz haqida aytib o‘tsangiz.
- Birinchi navbatda biz juda xursandmiz. Boisi, yaxshi jamoa bilan o‘ynadik. Biz hali jamoamizni to‘liq shaklantira olmagandik. O‘yinchilar etishmayotgandi. Lekin bugun yosh futbolchilarimiz o‘yinga o‘zgartirish kirita oldilar.
- Siz o‘zbek futboli haqida qanday ma’lumotlarga egasiz?
- Bilamizki, O‘zbekistonda futbol keng rivojlanib boryapti. Ancha-muncha sarmoya kiritilmoqda. Biz bundan mamnunmiz. Xorijda ham o‘zbek futbolchilari muvaffaqiyatli o‘ynashmoqda. Biz ularni faqatgina oldinga intilishlarini tilab qolamiz.
- Italiya A seriyasida o‘ynayotgan hamyurtimiz Eldor Shomurodov haqida yaxshi bilsangiz kerak-a?
- Eldor Shomurodov juda yaxshi va muhim futbolchi. Ko‘p yillardan beri Italiya A seriyasida o‘ynab kelyapti. “Torino” klubiga mening ukam bosh murabbiylik qiladi. U ham Shomurodov haqida iliq gaplarni aytgan va ukam orqali ham Eldorni bilaman.
- Jamoangizga raqib sifatida o‘ynagan “Qizilqum” xususida fikringiz qanday?
- Yaxshi jamoa va yaxshi murabbiy bor. Maydon zo‘r bo‘lganida edi, bundan ham zo‘r o‘yin bo‘larmidi?! Ikkala jamoaga bu o‘yin foydali bo‘ldi va chempionatda omad tilayman.
Fikrlar