
Tokio-2020. Bugungi kunni 1 ta oltin medal bilan yakunladik
Bugun 6 nafar o‘zbekistonlik sportchi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. E’tiborlisi, og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘raek delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni yozdirib qo‘ydi.
Quyida sportchilarimizning bugungi ishtiroki aks etgan matnli onlayn translyatsiya bilan tanishib olishingiz mumkn:
Akbar Jo‘raev ikki kurash natijasiga ko‘ra 430 kg toshni bo‘ysundirdi va Olimpiada rekordini qayd etgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Akbar Jo‘raev dast ko‘tarishda 193 kg toshni bo‘ysundirdi. Bu hozircha 2-natija bo‘lib turibdi. Bu borada peshqadam armanistonlik Simon Martirosyan bo‘lib turibdi. Simon 195 kg natija qayd etdi.
16:00. Og‘ir atletika. Erkaklar o‘rtasida -109 kg vazn toifasida hamyurtimiz Akbar Jo‘raev bahslarga kirishdi.
13:15. Boks. Afsuski Rayxona Qodirova tajribali raqibiga qarshi jangda mag‘lub bo‘ldi va Olimpiadadagi yurishini to‘xtatdi.
13:00. Boks. Ayollar o‘rtasida -60 kg vazn toifasida hamyurtimiz Rayxona Qodirova hamda braziliyalik Beatris Yasmin Ferreyra ishirokidagi jang boshlanmoqda.
09:25. Yunon-rum kurashi. Hamyurtimiz ikki karra jahon chempionati sovrindori Rustam Assakalov (-87 kg) Tokio-2020 Olimpiadasida chorak final bahsini o‘tkazdi. Unga ushbu bosqichda xorvatiyalik Ivan Xuklek raqiblik qildi.
Murosasiz kechgan kurashda xorvatiyalik kurashchi 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Endi Xuklek finalga etib borgan taqdirda Assakalov bronza medali uchun kurashish imkonini saqlab qoladi.
08:22. Yunon-rum kurashi. Hamyurtimiz Rustam Assakalov Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarini g‘alaba bilan boshlaydi. -87 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan polvonimizga gruziyalik kurashchi raqiblik qildi.
2019 yil -82 kg vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Lasha Gobadzega qarshi kechgan bellashuvda Assakalov hisobda orqada qolayotganiga qaramay o‘zida iroda namoyish eta oldi va yakunda g‘alabani ilib ketdi. Endi u keyingi davrani Xorvatiya va AQSh vakillari o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi o‘tkazadi.
08:20. Boks. Afsuski Elnur Abduraimov armanistonlik raqibiga deyarli qarshilik ko‘rsata olmadi va mag‘lub bo‘ldi.
08:07. Boks. -63 kg vazn toifasidagi hamyurtimiz Elnur Abduraimov hamda armanistonlik Ovanes Bachkov ishtirokidagi jang boshlanmoqda.
07:28. Boks. Afsus, hamyurtimiz Shahobiddin Zoirov filippinlik bokschiga engildi. Birinchi raundda hakamlar tomonidan Paalam bir ovozdan g‘olib deb topildi. Ikkinchi raundda esa hamyurtimiz qoshi yorilgani sabab jang to‘xtatildi va Zoirov texnik mag‘lubiyatga uchradi.
07:15. Boks. Engil vaznli bokschimiz Shahobiddin Zoirov ishtirokidagi jang boshlanmoqda. Hamyurtimizning chorak finaldagi raqibi filippinlik Karlo Paalam bo‘ladi.
06:50. Engil atletika. Erta tongdan vakillarimiz orasida Ruslan Kurbanov engil atletikaning uch hatlab sakrash yo‘nalishi bo‘yicha yurtimiz sharafini himoya qildi.
Afsuski, vakilimiz berilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmadi va musobaqani natijasiz yakunladi. Shu tariqa 2019 yil Osiyo chempioni bo‘lgan Kurbanov uchun joriy Olimpiada muvaffaqiyatsiz o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Kurbanov joriy mavsum 17.03 metr natija bilan o‘zining shaxsiy rekordini yangilashga erishgan edi.
05:00. Engil atletika. Hamyurtimiz Ruslan Kurbanov uch xatlab sakrash bahslarida o‘z omadini sinab ko‘rish uchun startga chiqdi.
1. Ruslan Kurbanov (engil atletika, erkaklar – uch xatlab sakrash) – 05:00
2. Shahobiddin Zoirov (boks, erkaklar – 48-52 kg) – 07:15
3.Elnur Abduraimov (boks, erkaklar – 57-63 kg) – 08:03
4.Rustam Assakalov (yunon-rum kurashi, erkaklar – 87 kg) –
5.Rayxona Qodirova (boks, ayollar – 57-60 kg) – 13:00
6.Akbar Jo‘raev (og‘ir atletika, erkaklar – 109 kg) – 15:50
Fikrlar
Yutqazadimi yutqazmaydimi farqi yoq