
"Tojikistonliklar fantastik darajada o‘zlashtirishyapti, o‘zbek futbolidagi rivojlanish juda tez" yoxud xorvatiyalik "Eynshteyn" SPORTS.UZ ofisiga tashrif buyuradimi? Eksklyuziv suhbat!
Yon qo‘shnimiz - Tojikistonda futbol sezilarli ravishda o‘syapti. Buni klublar va terma jamoalar miqyosida ko‘rishingiz mumkin. Ayniqsa, kuzatishimiz asnosida mamlakat milliy terma jamoasidagi o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanayotgani haqiqat.
Bosh murabbiylik postiga xorijlik murabbiy taklif qilindi. Bu Petr Segrt. Uning boshchiligidagi Tojikiston terma jamoasini bahorda Namangandagi “Navro‘z” Kubogi musobaqasida muxlislarimiz ham ko‘rishdi.
Kuni kecha Segrt va uning jamoasi Tailandda tashkillashtirilgan “Qirol Kubogi-2022” musobaqasi g‘olibiga aylandi. “Eynshteyn” laqabini olgan Petr qisqa fursat ichida tojik muxlislarining mehrini qozona oldi.
Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev tojik futbolida burilish yasayotgan ushbu mutaxassis bilan bog‘landi. Natijada Segrt saytimiz uchun intervyu berishga rozilik bildirdi. Tabiiyki, bizning futbolimizga oid fikrlari bilan ham qiziqdik.
- Biz bilan suhbatlashishga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Albatta, sizni va Tojikiston terma jamoasini kuzatib boramiz. Ayting-chi, u erda baxtlimisiz?
- Avvalo, Shuhratbek sizlarga katta rahmat aytmoqchiman. Chunki O‘zbekistonda, Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan “Navro‘z” Kubogida bizni muvaffaqiyatli yo‘limiz boshlandi. U erda men juda ko‘p ajoyib insonlarni uchratishga muvaffaq bo‘ldim. Albatta, biz hozirgi vaziyatda juda yaxshi kayfiyatdamiz. Tojikiston terma jamoasida quvnoq kayfiyat hukmron. Hamma xursand. Tailanddagi “Qirol Kubogi”da Trinidad va Tobagoni mag‘lub etdik va Malayziyani taslim qilib, sovrinni qo‘lga kiritdik. Bizda 6-7 ta ishonib bo‘lmas darajadagi katta yo‘qotishlar bor edi. Asosiy o‘yinchilarimizni yo‘qotgandik. Misol uchun Parviz Umarboev oilaviy sabablar tufayli musobaqada qatnasha olmadi. Manuchexr Jalilovda jarohat bor edi. Tojikiston chempionatining eng kuchli futbolchilaridan biri Alijon ham yordam bera olmadi. Xurshidda ham jarohat bor edi. Alisher Jalilov esa shaxsiy muammolari sababli kelmadi. Karimov va Kamolov ham qatnasha olmadi. Exsoni Panshanbe esa uylangani tufayli o‘yin kuni mashg‘ulotlarga qo‘shildi. Shu jihatdan ushbu muvaffaqiyatimizni sensatsion tarzda ro‘y berdi, deyishimiz mumkin.
- Ha, jamoangiz bilan Tailandda o‘tgan “Qirol Kubogi-2022” musobaqasida g‘olib chiqdingiz va buning uchun sizni hamda terma jamoangizni tabriklayman...
- Men tojikistonlik futbolchilar va butun Tojikiston xalqi kabi juda xursandman. Ular bilan faxrlanaman. Umid qilamanki, Tojikiston futbol endi yanada rivojlanadi. Shu o‘rinda men Tojikiston va O‘zbekiston xalqiga rahmat aytaman.
- O‘yindan oldin, o‘yin davomida va o‘yindan keyingi motivatsiyangiz va bu orqali futbolchilarni ruhlantira olayotganingiz ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda. Oldin ham shunday qilarmidingiz yoki tojikistonliklarga ko‘proq motivatsiya kerak, deb hisoblayapsizmi?
- Men ba’zi paytlarda bu ishni qilib turardim. Ayniqsa, Maldivdagi faoliyatim davomida. Biz maldivlik yoshlar bilan birga 2018 yili sensatsion tarzda “Suzuki” Kubogini yutgandik. Bilasizmi, Osiyoda futbolchilarga ayniqsa maydonda murabbiylar tarafidan yordam kerak. Tojikistonda ham jamoa bilan birga hozir o‘rganish jarayonidamiz. Ammo shuni aytishim kerakki, tojikistonlik futbolchilar ajoyib va fantastik darajada yaxshi o‘zlashtirishyapti. Nima kerakligini tez tushunishyapti.
- Tojikiston taklifini qabul qilishingizda asosiy sabab nima edi?
- Men bundan oldin ham Tojikiston futbolchilarida potentsial yuqori ekanligini bilardim.
- Sizni Eynshteynga qiyoslashadi. Futbolning “Eynshteyn”i bo‘lish siz uchun qiyin emasmi?
- Eynshteyn – bu daho bo‘lgan. Men shunchaki oddiy murabbiyman. Faqat Tojikiston xalqini futbol bilan, g‘alabalar bilan xursand qilishni xohlayman.
- Darvoqe, sizdan avval Tojikiston terma jamoasini o‘zbekistonlik Usmon Toshev boshqargan. Uni taniysizmi? Sizgacha terma jamoa qanday ahvolda edi?
- Oldin uni bilmasdim. Lekin Usmon Toshevni juda yaxshi inson va yaxshi murabbiy deb ayta olaman.
- Shuningdek, Afg‘onistonda ham ishlagansiz. U erda faoliyat olib borishingizga nima turtki bo‘lgan?
- Men juda yosh bola edim. Rosti, nochor holatda yashardik. Ota-onam meni ikki yilga Sobiq Yugoslaviyada qoldirishga majbur bo‘lgan. Chunki ular hayotimiz darajasini yaxshilash maqsadida Germaniyaga ko‘chib ketishlari kerak edi. Men esa uch yil davomida katta akam – Ivitsa bilan birga qolganman. U faqatgina mening yagona tayanchim va yagona yordam so‘rashim mumkin bo‘lgan insonim edi. 4 yildan so‘ng ota-onam bizni Germaniyaga olib ketishdi. Ammo biz hali hanuz nochor ahvolda yashardik. Vaziyat biz uchun juda og‘ir edi. Germaniyalik odamlar tomonidan qabul qilinishimiz ham oson bo‘lmagan. Biroq men tez orada nemis tilini o‘rganib oldim. Bundan tashqari, boshqa davlat bolalari bilan futbol o‘ynashni ham boshladim. Turkiya, Gretsiya, Italiya, Portugaliya, Eron va Ispaniya futbol bolalari bilan birgalikda o‘ynardim. Ko‘chalarda mana shunday o‘yinlarimiz davomida turli xalqlar, turli madaniyatlar haqida ko‘p narsalarni o‘rganib oldim. Keyinroq esa Germaniya bilan yanada yaxshiroq aloqalarga ega bo‘la boshladim. Chunki men yaxshi futbol o‘ynayotgandim. Shuning uchun ular meni iliq qabul qilishdi, deb o‘ylayman. O‘sha davrlarni unuta olmayman. Bu men uchun ajoyib davrlar bo‘lgan. Keyin Afg‘onistonga meni murabbiylikka chorlashgan. Bu men uchun yangi chaqiruv bo‘lgandi. Shundan beri men Afg‘oniston jamoasini hali hanuzgacha yaxshi ko‘raman. Chunki Afg‘onistonda qandaydir boshqacha narsa bor. Ularga nisbatan menda katta hurmat hissi shakllangan. Hamon afg‘onistonliklar bilan aloqada bo‘lib turaman. Afg‘oniston milliy jamoasi, futbolchilari va u erdagi ba’zi-bir tanish insonlar bilan gaplashib turaman. U erda bir yil davomida murabbiylik qilganimdan faxrlanaman.
- Osiyodagi kuchli terma jamoa qaysi?
- Ayni paytda Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, bundan tashqari O‘zbekistonga o‘xshagan jamoalarni aytishim mumkin. Ayniqsa, sizlarning murabbiyingiz Srechko Katanets ajoyib mutaxassis. Undan tashqari, Livan, BAA, Vetnam, Tailand, Malayziya termalari ham yaxshi darajaga ko‘tarilib olmoqda. To‘g‘ri, Avstraliya ham ushbu ro‘yxatda bor. Lekin ular Osiyo Konfederatsiyasiga biroz kechroq qo‘shilgan.
- O‘zbek futboli haqidagi fikringiz qanday?
- Oldin aytib o‘tganimdek, O‘zbekiston futbolidagi rivojlanish juda ham tez. Buni alohida ta’kidlashimiz darkor. Sizlarda xorijlik yaxshi mutaxassislar ish olib borishmoqda. Bir-biridan ajoyib futbolchilaringiz bor. Eng muhim narsa – bu O‘zbekistonda futbolni juda sevadigan muxlislar bor. Mana shu sizlarning jahon chempionatiga yaxshi natijalar sari imkoniyatingiz deb o‘ylayman. O‘FA ham yaxshi tashkillashtirilgan. Qadam-baqadam Osiyoda etakchilikni egallash pog‘onalarini zabt etib boryapti. Albatta, klublaringiz kuchini ham e’tirof etish joiz.
- Qolaversa, O‘zbekiston Superligasini ham kuzatib tursangiz kerak-a? Chunki bu erda tojikistonlik futbolchilar bor.
- Albatta, O‘zbekiston Superligasini kuzatib boraman. Ammo meni katta e’tiborim hozirda Tojikiston chempionati va terma jamoasiga qaratilgan.
- Nima uchun “Bunyodkor”dagi Davron Ergashevni bu yig‘inga chaqirmadingiz?
- Davron Ergashev tojikistonlik ajoyib futbolchi. U doim mening ro‘yxatimda. Ergashevni yaxshi ko‘raman. Negaki, 34 yoshda bo‘lishiga qaramasdan hali hamon professionalligini yo‘qotmagan, ajoyib sport formasida. Yaxshi inson. Ammo hozir yoshroq futbolchilarni sinab ko‘rishga qaror qilyapmiz.
- Exsoni Panshanbening “Navbahor”ni tark etib, Eron chempionatiga ketganini qanday baholaysiz? Sizningcha, u to‘g‘ri qildimi?
- Rosti, buni media orqali aytishni juda ham yoqtirmayman. Lekin Tojikiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida aytib o‘tishim mumkinki, Exsoni tojik futbolidagi eng kuchli o‘yinchilardan biri. Men unga 100 foiz ishonaman. Bundan tashqari, u shaxsiy jihatdan ham ajoyib inson va Panshanbe bilan faxrlanaman. Trinidad va Tobagoga qarshi o‘yindan 6-7 soat oldin etib keldi. Holbuki, u Tojikistonda uylangandi. Oilasi bilan birga tashrif buyurgandi. O‘zi futbol o‘ynashni xohladi va ikkinchi bo‘limda 45 daqiqalik uchun maydonga tushirdik. Balki uning ishtirokisiz g‘alaba qozonmagan bo‘lardik. Nafaqat goli, balki jamoadagi o‘rni, shaxsiyati, liderlik xususiyatlari sababli ham biz uchun muhim. Jamoamiz juda yosh. Bundan tashqari, 6 nafar o‘yinchimiz jarohat sababli safdan chiqqanligini unutmasligimiz kerak.
- Tojikiston termasidagi asosiy vazifangiz nimadan iborat?
- Hozir oxirgi 8 oy davomida yordamchim – Gelay Shekiladze, Tazo Bakeriya, Vladimir Krunich, tojikistonlik murabbiylar – Alifbek, Alisher men bilan birga ishlayapti. Biz Tojikiston futbolida ko‘p narsalarni o‘zgartira oldik, deb o‘ylayman. Milliy terma jamoa Osiyo Kubogi saralashidan muvaffaqiyatli o‘tib final bosqichiga yo‘llanma oldi. Bu yosh davlat va qisqa tarixga ega bo‘lgan jamoa uchun katta yutuq deb hisoblayman. Biz yana birgalikda ishlashda davom etamiz. Osiyo Kubogida Tojikiston uchun yaxshi natijalar qayd etishga qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz. Bizni qanchalik uzoqqa bora olishimiz ham muhim. Chunki Tojikiston futbol federatsiyasi to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti. Hozirgi zamonaviy futbolda faqatgina futbolchilar, murabbiylar yoki jamoa xodimlaridan iborat emas. Bu o‘rinda 50 foiz ish federatsiya, menejerlarga to‘g‘ri kelishini aytib o‘tishimiz mumkin. Shu jihatdan Tojikiston futbol federatsiyasi barcha ishlarni amalga oshiryapti. Tojikiston termasining yaxshi natijalarga erishishi uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilishmoqda. Chunki biz faqatgina birgalikda muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkin. Futbolda birgina murabbiy yoki futbolchining ishiga bog‘lanib qolinmaydi. Bu erda barchasi jamoaviy futbol haqida gap boradi.
- O‘zbekistonda ishlash imkoniyati ham bo‘lganmi, sizda?
- Yo‘q. Lekin futbolda sen nima bo‘lishini oldindan bila olmaysan.
- Darvoqe, sizda ikkita fuqarolik bor-a? Xorvatiya va Germaniya...
- Men Xorvatiyada tug‘ilganman va yuragim doimo Xorvatiyada. UEFA pro litsenziyasini Germaniyada olganman. Shunday ekan, mening miyamda germaniyalik rejimi yoniq, yuragim esa Xorvatiyaga tegishli!
- Janob, agar sizni video intervyu uchun Sports.uz ofisiga taklif qilsak kelasizmi?
- Men tarafdan bu juda ham normal holat. Lekin Tojikiston futbol federatsiyasi buning uchun menga ruxsat berishi kerak. Chunki ayni paytda Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyiman.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar