"To‘g‘ri, natija uchun chiqamiz, lekin hozir bu narsa biz uchun muhim emas" - U-18 terma jamoamiz ustozi yana nimalarni aytdi?
FIFA kunlaridan foydalanib O‘zbekiston U-18 terma jamoamiz ham Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.
Ta’kidlash joizki, vakillarimiz U-20 Osiyo Kubogiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. 2027 yili Ozarbayjon va O‘zbekistonda U-20 jahon chempionati o‘tkaziladi. Ushbu mundialda aynan hozirgi O‘zbekiston U-18 terma jamoamiz qatnashadi.
9 va 12 oktyabr kunlari U-18 terma jamoamiz Ozarbayjon U-18 termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdi. Dastlabki o‘yinda 0:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi bahsda vakillarimiz 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan keyin bosh murabbiy Jamoliddin Rahmatullaev va futbolchi Azizbek To‘lqinbekov O‘FA matbuot xizmatiga fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Jamoliddin Rahmatullaev: - To‘g‘ri, o‘yin natija tomonidan qoniqtirgandir. Ha, doim maydonga natija uchun chiqamiz. Lekin bugungi kunda bu narsa biz uchun eng muhim jihat emasdi. Birinchi o‘yinda kuzatilgan imkoniyatlardan foydalana olmaslik muammosini tuzatib, bu safar vaziyatlardan foydalana olganimiz odamni xursand qiladi. Ammo birinchi uchrashuvdagi yaxshi vaziyatlar bo‘yicha ikkinchi o‘yinda biroz kech qoldik, deyishim mumkin. Balki biroz xotirjamlikka berilishdimi, ammo, o‘tkazib yuborilgan goldan keyin futbolchilar o‘zlarini qo‘lga olishdi va o‘yinni nazorat qildilar. Bu yaxshi.
Bular jahon va Osiyo chempionatini ko‘rgan o‘yinchilar hamda klublarida ham yaxshi darajada o‘ynayotgan o‘yinchilar hisoblanishadi. Darhaqiqat, tan olish kerakki, jamoani qabul qilib olganimizdan va selektsiya ishlaridan so‘ng xalqaro o‘yin uchun bundan oldingi yig‘inga chaqirgandik. Sezilyaptiki, yigitlar jamoani oldinga boshlay olyaptilar. Nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham liderlik sifatlarini ko‘rsata olishyapti. Oldinda yana juda ko‘p futbolchilar bor. O‘ylaymanki, ular bilan birgalikda yaxshi jamoa shakllantiramiz.
Azizbek To‘lqinbekov: - Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bu orqali kamchiliklarimizni ko‘rib oldik. Qaerda nima qilish kerakligini ham bildik. Umuman, plyus jihatlarimizni ham ko‘rdik. Taassurot yaxshi bo‘ldi. Bu o‘yin orqali tajriba to‘pladik. Birinchi bo‘limda biroz bo‘shashdik. Oldingi uchrashuvda ko‘p hujumlar uyushtirgandik. Bu safar qandaydir maydonga bo‘shashib chiqdik. Ikkinchi taymda o‘zimizni yig‘ib oldik.
Mundialga keladigan bo‘lsak, ishlashimiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalarimiz ko‘p. Jahon chempionatida maksimum natija ko‘rsatmoqchimiz: maqsad - chempion bo‘lish!



Fikrlar