
Timur Kapadze: "Agar muxlislarsiz maydonga tushish kerak bo‘lsa, biz bunga ham tayyormiz"
Ertaga mamlakatimizda davom etayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogining yarim final uchrashuvlariga start beriladi.
Bugun “Bunyodkor” stadionida mazkur bahslar oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze va futbolchi Jasurbek Jaloliddinov ishtirok etib, Yaponiya U-23 jamoasiga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Timur Kapadze: - Assalomu alaykum. Albatta, xursandmiz yarim finalga chiqqanimizdan. Har bir o‘yin og‘ir bo‘ldi. Ammo yarim finalga qadar etib keldik.
Yaponiyaga qarshi bahs ham oson bo‘lmaydi. Buni juda yaxshi bilamiz.
Charchoq borligini tan olaman. Tiklanish jarayoni davom etmoqda. Umid qilamanki, keyingi o‘yinga to‘liq tayyor bo‘lamiz.
Taktik jihatdan kuchli raqibga qarshi saf tortamiz. Yaponiya har doim kuchli bo‘lib kelgan. Ammo har bir jamoaning zaif tomoni bo‘ladi. Biz shundan foydalanishni istaymiz.
Albatta, Yaponiya hujumda yaxshi harakat qiladi. Himoyalanishda ham ularda deyarli muammo ko‘rmadim. Biz g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajaramiz.
Ertaga ham o‘zimizning o‘yinni namoyish qilamiz, ham raqibning nozik taraflaridan foydalanishga urinib ko‘ramiz.
Abduvohid biz uchun katta yo‘qotish. Ammo yigitlar 1 kishi kam bo‘lib ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Menimcha, bu bizning ruhiy holatimizga ta’sir o‘tkazmaydi.
Qo‘shimcha vaqtlarga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Har narsaga hozirlik ko‘rmoqdamiz. Futbolchilarimga ishonaman. Nasib qilsa, barchasi yaxshi bo‘ladi.
Muxlislarsiz o‘yinnning zavqi boshqacha. Ularning yo‘qligi sezilishi tabiiy. Agar muxlislarsiz maydonga tushish kerak bo‘lsa, biz bunga ham tayyormiz.
Jasurbek Jaloliddinov: - Assalomu alaykum, hammaga. Avvalombor, xursandmiz. Yarim final oson o‘tmaydi. Yaponiya juda kuchli jamoa va ularni hurmat qilamiz. Finalga chiqish uchun yigitlar bilan borimizni beramiz. Biz bunga tayyormiz.
Birinchi navbatda, Iroqqa qarshi 10 kishi bo‘lib qolganimizda, darvozabonning obro‘si uchun ham harakat qildik. Agar mag‘lub bo‘lganimizda, unga nisbatan qanday e’tirozlar bildirilishini bilardik.
Iroqning bizga qilgan provakatsiyalari asabimni buzdi. Men ularga penalti bilan javob berdim. O‘ylashimcha, bu raqibga ta’sir o‘tkaza oldi. Yaponiyaga qarshi penalti tepadigan bo‘lsam, nima bo‘lishini o‘sha vaqtda ko‘rasiz.
Fikrlar