
Tezroq "surish kerak!" Yoxud Superligadan darajasi o‘sib ketgan ettilik!
Chempionatimizga intriga qaytgani rost, ammo bu biz Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Saudiya Arabistonidan o‘zib ketdik degani emas. Hozirgi holat bir nechta klublarimizning bir xil darajada ekanligini bois yuzaga kelayotgandek. Bugun Superligada to‘p tepayotgan ettita futbolchini tanlab oldik. Aynan ular zudlik bilan kuchliroq chempionatga yo‘l olish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Nomzodlarimizning taqdir yo‘li va hozirgi holati bir-biridan keskin farq qiladi. Shunga qaramay bir omil ularning ushbu maqolada ro‘yxatdan o‘rin egallashiga sabab bo‘ldi. U ham bo‘lsa, daraja borasida ularning Superligamizdan o‘zib ketgani!
Jasur Yaxshiboev
Afsuski, bu ro‘yxatni kecha "Real" Madrid darvozasini EChLda ishg‘ol qilgan hamyurtimiz ochib beradi. So‘nggi mavsumlarda barqarorlik degan xislatni unutib qo‘ygan vinger hozir chempionlik uchun kurash olib borayotgan "Navbahor" safiga kelib qo‘shildi. Umuman olganda, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish yordamida o‘z formasini tiklab olishi yoqimli, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Bizning futbolchilar o‘zi uchun "komfort zona" yaratsa, kamdan kam hollarda undan chiqib, o‘z-o‘ziga "vizov" tashlaydi. Jasurda ham shunday holat kuzatilishi mumkin. Agar "lochinlar" joriy mavsumda OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, Samvel Babayan Jasur Yaxshiboevni jamoasida olib qolish uchun kerakli barcha ishni amalga oshiradi. Murabbiyni tushunish mumkin. Har qanday holatda u o‘z klubining yaxshi natijalar erishishi uchun harakat qiladi. Hozir Jasur 25 yoshda. Agar u Namanganda yana 2 yil qolib ketsa, kuchli beshlikda to‘p tepish haqidagi hayollar shirin orzuligicha qolib ketishi aniq.
Jasur Jaloliddinov
Olimpiya terma jamoamiz sardori allaqachon legioner maqomida harakat qilishga ulgurdi. Rossiyaning "Lokomotiv"idagi omadsiz mavsum Jasurni ko‘p narsaga o‘rgatgani aniq. Boz ustiga, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani uni ikki hissa qiynab qo‘ydi. Keyin yurtimizga qaytdi, biroz muddat Qozog‘istonda to‘p tepdi. Hozir u Korostichenko boshqaruvidagi "temiryo‘lchilar" bilan ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jaloliddinov kuchli futbolchi, ammo yaqinda xorijdagi bir hamkasbimiz bilan u haqida suhbatlashib qoldim. Aytishicha, Osiyo chempionati yakunlangach, hamyurtimizga Vengriya, Chexiya singari Evropaning o‘rtamiyona klublaridan ko‘plab takliflar bo‘lgan, ammo Jasur moliyaviy holati manzur kelmagani uchun rad etgan emish. U yaxshiroq maosh to‘lay oladigan arab klublarida o‘ynash orqali, o‘zi uchun betashvish kelajak qurishni afzal ko‘rmoqda. Bu "The Guardian" tomonidan sayyoramizning eng iqtidorli yosh futbolchilari ro‘yxatidan joy olgan Jasurning tanlovi. Uni hurmat qilamiz, ammo...
Mayli, voqealar rivojini jimgina kuzaylikchi, balki Jaloliddinov legioner maqomini yana "ko‘hna qit’a"da qo‘lga kiritishga qaror qilar.
Ulug‘bek Hoshimov
To‘g‘risi, Ilhom Mo‘minjonov boshqargan "Neftchi"dagi Ulug‘bek bilan Timur Kapadze jamoasidagi Hoshimov o‘rtasida er bilan osmoncha farq bordek. Bunga murabbiylarning ikki xil uslubga ega ekani asosiy sabab. Ulug‘bek chaqqon, jismonan baquvvat, hujumda universal bo‘libgina qolmay, ruhan ancha dadil yigit. Eng muhimi, u oldinga o‘ynaydigan forvardlar sirasiga kiradi. Bunday hislatga ega yigitlar zamonaviy futbolda qadrlanmoqda. Hoshimov ikkala qanotda birdek to‘p tepish bilan birgalikda, markaziy hujumda ham birdek faol bo‘lishi mumkin. "Neftchi"niing yangi ustozi Mo‘minjonovdan farqli o‘laroq, bir hujumchi bilan o‘ynashdan voz kechsa, ikkinchi davrada Hoshimov o‘zini yanada yaxshiroq namoyish etishi mumkin. Ayni damda, uning ikkinchi davrani qanday o‘tkazishi juda muhim. Qahramonimiz 21 yoshda. Bu yangi chempionatni zabt etish uchun eng qulay palla keldi degani. "Neftchi" a’zosi hech bo‘lmasa RPL orqali Evropa tomon qadam tashlashi shart. Aks holda, yillar uni bu maqsadidan tobora uzoqlashtiraveradi.
Abbosbek Fayzullaev
"Paxtakor" tarbiyalanuvchisi bu ro‘yxatimizdagi eng yosh futbolchi, ammo u ham imkon qadar tezroq saviyasi biznikidan baland bo‘lgan chempionatga yo‘l olishi lozim. 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi qit’a birinchiligining eng yosh ishtirokchilaridan bo‘lishiga qaramay, Fayzullaev potentsiali juda yuqori ekanligini barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqsak, aynan Abbosbek Superligani tark etishi zarurligini his qilish mumkin. Maksim Shatskix "Paxtakor" bosh murabbiyiga aylangach, oldiga chempionlik maqsadi qo‘yilganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Maks hali yosh va unga natija hozir hamma narsadan-da muhimroq. U katta ehtimol bilan, tajribali futbolchilarga murojaat etadi. Abbosbek rotatsiya qilinishi mumkin, ammo "Neftchi"dan Toshkentga qaytib kelgan Abror Ismoilov varianti hozir "sherlar" ustozi uchun ko‘proq naf keltirishi aniq. Shunday ekan, Fayzullaev "Paxtakor"da o‘z vaqtini kutishdan ko‘ra, o‘yin amaliyoti taqdim etishi mumkin bo‘lgan klubga o‘tishi unga ko‘proq foydalidek ko‘rinmoqda. Har holda, zaxira o‘rindig‘ida qolib ketgandan ko‘ra, biroz kuchsizroq jamoaning etakchisi bo‘lish 19 yoshli futbolchi uchun ko‘proq naf keltirishi aniq.
Ruslan Jiyanov
Jiyanov Osiyo kubogining chinakam kashfiyotiga aylandi. Bunga qadar, o‘sha jamoa etakchilarini Superligadagi o‘yinlari orqali tanigan edik. Ruslan aynan qit’a birinchiligida o‘zini namoyish eta oldi. Vaholanki, Jiyanov o‘sha tarkibning asosiy futbolchisi emasdi. U Kapadzening zaxiradagi "joker qartasi" sifatida musobaqada ishtirok etdi. Endigina 21 yoshni qarshi olgan "Olimpik" a’zosining transfer huquqi "Paxtakor"ga tegishli. Jiyanov kelasi mavsumdan "sherlar"ning asosiy futbolchisiga aylanishi mumkin. Bu Ruslan uchun voqealar rivojining yaxshi ko‘rinish olgan varianti. Afsuski, bu legioner maqomini qo‘lga kiritish istagidagi inson uchun a’lo darajadagi start emas. Agar "Paxtakor" uni asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rsa, hech qanday savol yo‘q. Ammo chap qanot vingeri uchun pik nuqta "Olimpik"ligicha qolmasligi shart. Kapadze hozir Jiyanovni, ertaga boshqa futbolchini sinab ko‘radi. U birgina jamoa uchun emas, butun boshli O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga mas’ul inson. Shunday ekan, qahramonimiz hozir o‘zi uchun qulay bo‘lgan zonadan chiqib ketishga tayyorgarlikni boshlashi shart. Til o‘rganishi, jismonan yanada yaxshiroq sport formaga kirib borishi lozim. Yo‘qsa, karerasida erishgan maksimum natija "Paxtakor" bilan ichki birinchilikdagi sovrinlar bo‘lib qolishi hech gap emas.
Oybek bozorov
Oybek borasida biror narsa deyish mushkul. Hozir u chempionlik uchun 30 yildan beri kurash olib borayotgan "Nasaf"ning yuragiga aylanib bo‘ldi. Texnika borasida u Superligamizdagi istalgan futbolchidan bir bosh baland. Daraja nuqtai nazaridan ham Bozorov mahalliy birinchilikdan o‘tib ketdi. So‘nggi paytlarda uning o‘yinidagi pasayish ham bejiz emas. Unda hozir shaxsiy motivatsiya yo‘q. Qahramonimiz nimalarga qodirligini barchaga isbotlab bo‘ldi. Aynan "Nasaf"ning chempionlik uchun kurashda ishtirok etayotganigina Bozorovni Qarshida ushlab turibdi, xolos. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, hamyurtimiz uchun bir nechta arab klublari kattagina maosh ko‘rsatilgan shartnomalar taklif etmoqda. Afsuski, Oybek ham Evropadan ko‘ra o‘zimizning qit’a jamoalarini afzal ko‘radigandek tuyulmoqda. Har holda, 25 yosh Evropada karera qilish uchun biroz kechdek. Shunga qaramay, Osiyo grandlari uchun eshiklar hali yopilgani yo‘q. Mayli, "Nasaf"da qolib, ko‘zidagi "olov"ni yo‘qotib qo‘ygandan ko‘ra, hech yo‘q Saudiya yoki Qatar chempionatida kuchli mutaxassislar bilan birga ishlagani Oybekka ko‘proq naf keltiradi. U o‘z-o‘ziga "vizov" tashlamas ekan, o‘sishdan to‘xtab qolishi turgan gap.
Akmal Mozgovoy
Mozgovoyning maydondagi pozitsiyasi juda noyob. U hujum va tayanch zonasidagi ko‘prik vazifasini o‘tab beradi. Bugungi kunda "Nasaf" O‘zbekistondagi eng zamonaviy o‘yin modeliga ega. Bu sxemada Akmal eng muhim figuralardan biri. Uning maydonda qabul qilayotgan qarorlari jamoasining hujum tempini belgilab beradi. Uzun va qisqa paslar borasida u sekin-asta yangi darajaga ko‘tarilib kelmoqda. Soddaroq qilib aytsak, qahramonimiz g‘arb klublarida tezda o‘yin sxemasiga tushib ketishi mumkin. Boz ustiga, Akmal ruhiy bosimga ham bardoshli. Ushbu ro‘yxatdagi yigitlar orasida u boshqa chempionatda adaptatsiya muammosini birinchilardan bo‘lib engib o‘tishi aniq. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bugungi "Nasaf" chempionlikni oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Shu bois, hozir Akmal Mozgovoyni jamoadan ketishi haqiqatdan yiroq. 1999 yilda tavallud topgan futbolchi mavsum so‘ngida boshqa variantlarni ko‘rib chiqishi mumkin. Rus nashrlarining yozishicha, u bilan qiziqib qolgan jamoalar soni etarlicha. Barchasi Akmalning o‘ziga bog‘liq.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar