
Tezkor: Husanov yangi musobaqada ishtirok etadi!
Kuchli beshlik chempionatlaridagi ikki vakilimizdan biri – 20 yoshli Abduqodir Husanov uchun yangi mavsum alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘tgan yili yozda Belarus oliy ligasi vakili “Energetik-BGU” safidan o‘sha paytda Frantsiya vitse-chempioni maqomiga ega bo‘lgan “Lans”ga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz top-ligadagi debyut mavsumini yangi chempionat va jamoaga moslashish, o‘z mahorati va salohiyatini namoyish etishga bag‘ishlagan edi.
Endi legionerimiz jamoasida asosiy tarkibga kirish, himoya chizig‘ining muhim o‘yinchisi darajasiga ko‘tarilish kabi murakkab vazifalarni bajaradi.
Hozir Evropaning qator klublari “Lans” himoyachilari etakchisi Kevin Dansoni o‘z safiga qo‘shib olish uchun ov boshlagan. Avstriyalik tajribali futbolchining ketishi jamoadagi yosh himoyachilar, xususan, 20 yoshli Abduqodir Husanov uchun ham asosiy tarkibdan muqim joy olishga yangi va yaxshi imkoniyat hisoblanadi.
Aslida “Lans” rahbariyati bir yil muqaddam Abduqodir Husanovni Kevin Dansoga o‘rinbosar sifatida tayyorlash uchun olib kelgandi.
Frantsiyaning mashhur L' Equipe nashri jurnalisti Per Dreossi “Lans”ning yangi bosh murabbiyi Uill Stillning Kevin Dansoning ketishi mumkinligiga munosabatini so‘raganida quyidagi javob olgan.
- Agar Kevin Danso ketadigan bo‘lsa, Abduqodir Husanov uning o‘rnini bosishga tayyorligini bilamiz. Bu pozitsiyaga yana bitta yaxshi markaziy himoyachi kerakligi uchun “Chelsi”dan Malang Sarrni oldik, - dedi Uill Still.
Abduqodir Husanov Frantsiyaga yo‘l olib, ushbu mamlakat chempionati yuqori divizionida ishtirok etgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanishdan tashqari, UEFAning eng nufuzli ikki musobaqasi – Chempionlar ligasi va Evropa ligasida debyutini nishonladi.
Endi o‘zbek futbolchisi “Lans” tarkibida yana bir qit’a miqyosidagi yangi musobaqa – Konferentsiyalar ligasidagi yurishini boshlaydi.
Bosh murabbiyi Uill Still hamyurtimizni ushbu xalqaro musobaqadagi ilk uchrashuv – Gretsiyaning “Panatinaikos” jamoasiga qarshi bo‘ladigan bahsda qatnashadigan 23 nafar futbolchi qatoriga kiritgan.
- “Lans” Konferentsiyalar ligasida Afinaning “Panatinaikos” jamoasiga qarshi 23 nafar futbolchidan iborat tarkibini e’lon qildi. Murabbiylar shtaba yangi mavsum boshida ikkinchi tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishga yuborilgan Jimmi Kebot , Nil Al-Aynaui , Salis Abdul Samed va Steyn Spirings yordamidan foydalanmaslikka qaror qildi. Lekin tarkibda Mbala Nzola hamda Xamzat Oxediran kabi yangi o‘yinchilarga joy berildi, - deb yozdi lensois.com sayti eksperti Eloiza de Mester.
“Lans”ning Konferentsiyalar ligasi birinchi uchrashuviga tarkibi quyidagicha ko‘rinish oldi.
Darvozabonlar:
Petrich, Koffi, Samba
Himoyachilar:
Agilar, Machado, Danso, Chaves, Medina, Sarr, Xaydara, Gradit, Xusanov, Frankovski
Yarim himoyachila:
Oxediran, Pereyra da Kosta, Fulgini, Mendi, Tomasson, Diuf
Hujumchilar:
Sotoka, Said, Labo-Laskari, Nzola.
Diqqat qiling: "Lans" va "Panatiniakos" o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv bugun yarim tunda - Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi. Javob o‘yini 29 avgustga belgilangan.
Abduqodir Husanov Konferentsiyalar ligasida ishtirok etishi bilan yana bir rekordni uradi. U UEFAning uchta nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi, Evropa ligasi va Konferentsiyalar ligasining barchasida qatnashgan birinchi o‘zbek futbolchisi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Evropa top-ligalaridagi yana bir legionerimiz Eldor Shomurodov 2021 yili ilk bor o‘tkazilgan Konferentsiyalar ligasi musobaqasining g‘olibi hisoblanadi.
O‘shanda Eldor mashhur murabbiy Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma”da o‘ynab, bosh sovringa ega chiqqan. Bundan tashqari, Shomurodov o‘sha musobaqada eng tez yugurgan futbolchi sifatida rekord ham o‘rnatgandi.
Evropaga yo‘l ochilmoqda: Olimpiadada porlagan futbolchimiz legionerga aylanadi!
“Lans” ustozi Husanov muxlislariga yoqadigan gap aytdi!
To‘purar legionerimiz yana “ko‘tarila” boshladi!
Evropada Husanovni kuzatishyapti! O‘zgarish bo‘ladimi?
Fikrlar