Terens Kroford tug‘ilgan kunida politsiya tomonidan qo‘lga olindi
27 sentyabrdan 28 sentyabrga o‘tar kechasi AQShning Nebraska shtati, Omaha shahrida politsiya patruli mashhur bokschi, ikkinchi o‘rta vazn toifasida mutlaq jahon chempioni Terens Krofordni avtomobil boshqarayotganda to‘xtatdi. Bu haqda "TMZ" xabar bermoqda.
Patrul xodimlari bokschi boshqaruvidagi mashina ehtiyotsiz harakatlangani uchun to‘xtatgan. Mashina ko‘zdan kechirilayotganda ofitserlardan biri Krofordda qurol borligini payqagan va ehtiyot chorasi sifatida unga to‘pponchasini o‘qtalgan. Sportchi esa: "Men hech qanday qurolga qo‘l uzatmoqchi emasman", deya tinchlikka chorlagan.
Kroford qo‘lga olinib, hujjatlari tekshirilganidan so‘ng, unda qurol olib yurishga ruxsatnomasi borligi aniqlandi. Natijada u qo‘yib yuborilib, faqatgina ehtiyotsizlik bilan mashina haydash bo‘yicha ayblov qo‘yildi.
Qiziq jihati shundaki, bu voqea bokschining tug‘ilgan kunida, uning sharafiga shaharda o‘tkazilgan paraddan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan.



Fikrlar