
Temur Kapadze: "3-turda qashqadaryolik muxlislar bizni bugungidan kam qo‘llab-quvvatlamaydi degan umiddaman!"
23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogining 2-turida O‘zbekiston Qatar ustidan 6:0 hisobida zafar quchdi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida bosh murabbiyimiz Temur Kapadze quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Avvalambor, Assalomu alaykum. Butun o‘zbek xalqini g‘alaba bilan tabriklayman. Stadionga tashrif buyurgan muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bizga katta kuch berdi. Bu - barchamizning g‘alabamiz!
Jasur Jaloliddinovda jarohat yo‘q. Shunchaki, uni zaxiraga olishni istadim. Boisi, qolgan futbolchilar ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi zarur.
Bellashuv oldidan Qatarni obdan o‘rganib, ularga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Vaziyatlar yaratish bo‘yicha ham yaxshiroq harakat qildik va ularni golga aylantirdik.
Shogirdlarimning barchasi individual jihatdan kuchli yigitlar. Shuning uchun ham ular bugun juda ko‘p bor yiqitildi. Bizning futbolchilar sariq olgan vaziyatda esa, noto‘g‘ri harakat qilishdi. Menimcha, havodagi to‘p uchun kurashda bunday o‘ynash yaxshi emas.
Ilk turda Turkmaniston ancha himoyaviy futbol namoyish etgandi. Bugun Qatar ochiq o‘yin namoyish etdi va biz bundan unumli foydalandik.
Kelasi bahsda tarkib biroz rotatsiyaga uchrashi mumkin. Chunki qolgan futbolchilar ham yaxshi darajada, ular ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istaydi.
Muxlislar bosimi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, ammo biz ham ularni taktik jihatdan o‘rganib, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik.
Futbolchilar iloji boricha tezroq tiklanishi lozim. Boisi, ertaga tushda Qarshi shahriga uchamiz. Menimcha, Qashqadaryodagi muxlislar ham bizni bundan kam qo‘llab-quvvatlamaydi".
Hojimat Erkinov:
"Assalomu alaykum! Umuman olganda, ochilish o‘yini doim qiyin o‘tadi. Qatarga qarshi bahsga esa, tayyorgarlikni yaxshiroq qilgandik. Bundan tashqari, bugungi g‘alaba bizni muddatidan oldin pley-offga olib chiqishini bilgan holda, yanada ko‘proq motivatsiya bilan harakat qildik".
Fikrlar