Tarkibdagi rotatsiya, Ramazon oyida ro‘za tutayotgan futbolchilar va "Andijon"ning asosiy "quroli" haqida Ulug‘bek Baqoev nimalarni aytdi?

  • 15 aprel, 2022, 01:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi O‘zbekiston Coca-Cola Kubogi doirasida safarda “Andijon”ga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli o‘tgan bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Ammo kimdir yutib ketishi ham mumkin edi.

Tecno

Misol uchun “So‘g‘diyona” hujumchisi Shoxruz Norxonov penaltidan gol ura olmadi. “Andijon” himoyachisi Ildar Mamatkazinning goli esa inobatga olinmadi. Lekin mezbonlarda ko‘proq golli imkoniyatlar yuzaga kelgandi.

“So‘g‘diyona” esa safarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Jamoa bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev mazkur uchrashuv yuzasidan fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Ulug‘bek aka, avvalo “Andijon”ga qarshi uchrashuv borasidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Bugun “Andijon” jamoasi bilan o‘ynadik. Bu klubni Superligaga chiqish vazifasi bor. Shu bois jamoa kurashuvchan. O‘ziga yarasha kuchli. “Andijon”ning asosiy quroli standart vaziyatlar va biz aynan standartdan gol o‘tkazib yubordik. O‘yin davomida ob-havo ham issiq bo‘ldi. Hozir Ramazon oyi, ko‘p futbolchilar ro‘za tutishyapti. Shu bois o‘yinni biroz kechroq o‘tkazsa ham bo‘lardi. O‘yin durangga loyiq deb o‘ylayman. Futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman.

bakoev2

- Birinchi bo‘limda asosiy o‘yinchilarning maydonga tushirilmagani “Andijon”ni mensimaganlik bilan bog‘liqmi yoki tarkibda o‘zgarishlarni xohladingizmi?

- Bilasizmi, jamoada balans bo‘lishi kerak. Barchaga o‘yin amaliyoti kerak. Shu sababli kam o‘ynayotgan futbolchilarga imkoniyat berdik. Kimdir ko‘p o‘ynaydi, kimdir ozroq. Shuning uchun rotatsiya qildik. Bizda faqatgina 11 futbolchi asosiy tarkib a’zolari emas, balki barcha o‘yinchilar asosiy tarkibga munosib.

- Jamoa himoyachilari standart vaziyatlarda o‘ta yomon o‘ynadi. Bunga sabab nima yoki himoyachilar tayyor emasmidi?

- Bugun “Andijon” jamoasi standart vaziyatlarda yaxshi o‘ynadi. Boya aytganimdek, bu ularning asosiy quroli. Ko‘rgan bo‘lsangiz, oxirgi o‘yinlarda “Andijon” faqat standartlardan foydalanyapti. Shuning uchun bu ularning ustun jihati hisoblanadi.

bakoev3

- “So‘g‘diyona” etakchisi Jasur Hasanov ikki o‘yindan beri ko‘rinmayapti. Bu nima bilan bog‘liq?

- Jamoa sardorimizni kichik jarohati bor. Shuning uchun keyingi uchrashuvga saqladik.

- Filiposyanni Superliga o‘yinlarida zaxirada qoldiryapsiz. Kubok bellashuvlarida esa asosiy tarkibda tushiryapsiz. Nima uchun unga Superligada ishonch bildirmayapsiz?

- Yo‘q, bu erda gap ishonyapti yoki ishonmayapti, degan narsada emas. Artyom Filiposyanga kelsak, bizda 3 ta markaziy himoyachi bor. Sardor Qulmatov, Marko Kolakovich va Filiposyan. Bizning o‘yin sxemamiz bo‘yicha ikkita markaziy himoyachi bilan o‘ynayapmiz. Hali oldinda o‘yinlar ko‘p. Shu sababdan Filiposyanni Kubok o‘yinlarida sport formasini ushlab turishi uchun o‘ynatyapmiz. Futbolchini yaxshi yoki yomon deb aytmayman. Biz unga albatta ishonch bildiramiz.

bakoev_3

- Uchrashuv tugaganidan so‘ng, futbolchilaringiz maydonda mashg‘ulot o‘tkazishdi. Bu sizning ko‘rsatmangizmidi?

- Bugun kam o‘ynagan futbolchilarga dastur bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazishimiz kerak edi. Chunki ertaga yigitlarga dam beriladi, qolaversa, yo‘lda bo‘lamiz. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra bu mashg‘ulotni o‘tkaza olmadik. Chunki o‘ynamagan futbolchilarga ko‘proq yuklamalar berib mashg‘ulot o‘tkazmoqchi edik.

- O‘yinda pro liganing kuchli klublaridan biri bo‘lgan “Andijon”dan qanchalik qarshilik kutgandingiz va taxminlaringiz qanchalik o‘zini oqladi?

- “Andijon” jamoasi menga juda yoqdi. O‘yinchilari ham yaxshi. Menimcha, “Andijon” Superligaga chiqish vazifasini bajaradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!