Taniqli futbol sharhlovchisi Otabek Jo‘raev qur’adan oldin o‘z fikrlarini bildirdi
Xabarangiz bor, bugun 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun qur’a tashlanadi. Sports.uz sayti mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining ishtirok etishi mavzusida taniqli futbol sharhlovchisi Otabek Jo‘raev bilan qisqa intervyu uyushtirdi.
O‘zbekistonning guruh bosqichidagi raqiblari kimlar bo‘ladi?
"Bu savolga javobni men bilmayman. Ikkinchidan, uchta savatchada har birida 12 ta raqibdan to‘g‘ri variantni topish nazarimda 0.1% yaqin masala. Xo‘p, menga qolsa men guruhda quyidagi raqiblarni xohlagan bo‘lardim. To‘rtinchi savatchadan zaif terma tushib qolsa va u bilan biz birinchi yoki ikkinchi turda uchrashsak, zo‘r bo‘lardi. Masalan, hisob-kitob bilan aytadigan bo‘lsak, Kyurasao. Ikkinchi savatchadan o‘rtacha milliy jamoa tushsin. Shu joyda bir nechta qulay variant bor. Birinchi savatchadan esa o‘ta kuchli raqibni xohlagan bo‘lardim. Masalan, Argentinani. Va amaldagi Jahon chempioni bilan so‘nggi turda o‘ynasak ajoyib bo‘lardi. O‘sha turgacha raqibimiz guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqish masalasini hal qilgan bo‘lardi."
O‘zbekistonning guruh bosqichidagi raqiblari kimlar bo‘ladi?
"In shaa Alloh, guruhdan chiqamiz. Taxminlarimga ko‘ra, uchinchi o‘rin bilan. Qaergacha borishimiz esa keyingi bosqichdagi raqibimizga bog‘liq".
Sizningcha, Jahon chempionatida tarkibimizdagi futbolchilardan kimlar porlab, kuchli chempionatlarga yo‘l olishi mumkin?
Jahon chempionatiga yarim yilcha bor va biz hali musobaqada ishtirok etuvchi tarkib ro‘yxatini ko‘rmadik. Bugungi holatdan kelib chiqsak, avvalo, Eldor Shomurodov yana top-5 dagi chempionatga qaytishi mumkin. Menimcha, Hojiakbar Alijonov va Husniddin Aliqulovda ham yaxshi imkoniyat bor. Uchinchi eshelonda esa Abbos Fayzullaev bilan Hojimat Erkinovni aytib o‘taman.
Muhammadqodir Ruzmatov suhbatlashdi.



Fikrlar