"Takliflar haqida keyin ko‘rib chiqamiz, hozirgi maqsadim jamoada o‘z o‘rnimni topish" - "Andijon"dan "Olimpik"ga o‘tgan mundial ishtirokchisi haqida

  • 12 iyul, 2023, 14:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Toshkentning “Olimpik” klubi ikkinchi davra oldidan tarkibiga bir qancha kelajagi porloq o‘yinchilarni qo‘shib olmoqda. Ularning orasida “Andijon”dan taklif qilingan Sherzod Esanov ham bor. Futbolchi “Olimpik” jamoasiga ijaraga berildi.

Tecno

Bilsangiz kerak, Esanov bu yil O‘zbekiston U-20 terma jamoasi tarkibida Osiyo chempioni bo‘ldi va jahon chempionatida ham ishtirok etdi. Tabiiyki, oxirgi paytlarda o‘yinini ancha kuchaytirdi. “Andijon”da esa o‘tgan yildan beri to‘p surib kelayotgandi. Endilikda Sherzod bor e’tiborini “Olimpik”ga qaratadi.

U jamoasini o‘zgartirganidan so‘ng ayrim savollarga javob qaytardi.

- “Andijon”da o‘tkazgan faoliyatingiz o‘zingizda qanday taassurot qoldirdi?

- Faoliyatimda katta futbolga qadam qo‘yishni “Andijon”dan boshladim. O‘ylaymanki, bu erdagi bir yarim yillik mavsum men uchun har tomonlama yaxshi bo‘ldi. “Andijon”dagi atmosfera ajoyib edi va u erdagi hamma narsa menga yoqdi, xuddi o‘zim o‘ylagandek. Shu fursatdan foydalanib, “Andijon” klubi rahbariyati, murabbiylari, futbolchilari, oshpazlari, jamoa xodimlari hammaga katta rahmat aytmoqchiman.

esanov5_1

- Endi faoliyatingizda yangi sahifa ochilyapti. “Olimpik”da oldingizga qanday maqsad qo‘yyapsiz?

- “Olimpik” klubiga o‘tishimdan maqsad ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatish va har jihatdan o‘sishga umid qilaman.

- Jahon chempionatida ishtirok etdingiz. O‘sha mundialdan keyin sizga chetdan ham takliflar bo‘lyaptimi? Legionerga aylanish rejangizda bormi yoki hozircha bunga ertami?

- Qiziqishlar bor, yo‘q emas. Ammo hozir qaerda bo‘lsam o‘sha erda o‘zimni ko‘rsatish men uchun muhim. Mavsum tugaganidan keyin takliflar ustida o‘ylab ko‘ramiz. Ayni paytdagi maqsadim esa yangi jamoada o‘z o‘rnimni topib, yordam berish. Xorij takliflari haqida esa keyin ko‘rib chiqamiz.

esanov6_1

- Andijonda muxlislar sizni yaxshi ko‘rishardi. Klubni tark etish og‘ir bo‘lmadimi?

- Rejamda ketish yo‘q edi. “Andijon”ga ancha o‘rganib qolgandim. Lekin menga taklif bo‘ldi va bu haqida uydagilar bilan maslahatlashdim, o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng bu chaqiruvga rozi bo‘ldim. Baribir qachondir shunday bo‘lishi kerak edi. Biroq yana qaytaraman: “Andijon”ga ancha o‘rganib qolgandim va bu o‘zim yoqtirgan jamoa edi. Muxlislari esa juda ajoyib. Bu erdagi bir yarim yillik faoliyatim juda yaxshi o‘tdi, har tomonlama o‘sishga erishdim. Tajriba orttirishga erishdim. Murabbiylardan, katta futbolchilardan ko‘p narsa o‘rgandim. Xullas, “Andijon”dagi faoliyatim zo‘r o‘tdi. Hammasi uchun rahmat aytmoqchiman. Ikkinchi davra jamoada omad tilab qolaman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
12/07/2023 17:27
Бутунлай кетгандай су'злаяпди болакай