
"Surxon"da qanday jamoa shakllanganini chempionatda ko‘rasizlar". Bobur Akbarov "Qo‘qon-1912"dan ketishi, mavsumning yangi top-klublari va Anxel Lopes haqida
Termizning “Surxon” jamoasi Toshkentda tayyorgarlik ko‘rib kelmoqda. U erda qanday o‘zgarishlar yuz berayotganini Sports.uz sayti orqali batafsil yoritib kelyapmiz.
Tarkibga legionerlardan tashqari o‘zimizning mahalliy futbolchilar ham taklif qilingan. Ularning orasida ko‘zga ko‘ringanlaridan biri bu Bobur Akbarov. Andijonlik tajribali himoyachi ikki yil mobaynida “Qo‘qon-1912”da to‘p surdi. Shartnoma yakunlangach, futbolchi erkin agentga aylandi.
Yaqinda “Surxon” tomonidan jiddiy taklif kelib tushgani bois Bobur yangilanayotgan termizliklar klubiga o‘tishni ma’qul ko‘rdi. Akbarov Sports.uz muxbiri bilan muloqotda bir qator masalalar bo‘yicha fikrini bildirdi.
“Har narsani oxiri bo‘lganidek...”
- So‘nggi ikki yil davomida “Qo‘qon-1912” jamoasida to‘p surdim va bemalol aytishim mumkinki, ushbu ikki yilni jamoa bilan bir oiladek o‘tkazdik. Murabbiylar bizni bir maqsad yo‘lida birlashtira oldilar. Buni har ikki mavsumda ham egallagan o‘rnimizdan bilib olish mumkin. Avvaliga 5-o‘rin, keyingi yilda esa 8-pog‘onadan joy oldik. O‘tgan yilgi chempionatda o‘z maydonimizdagi uchrashuvlarda omad bizdan biroz yuz o‘girgandek tuyuldi. Aksariyat o‘yinlarda oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, g‘alabalarni qo‘ldan chiqardik. Shunda bo‘lsa-da, yurtimizning grand klublaridan ochko olishga erishdik. Yakunda 8-o‘rinda tugatdik. Har narsani oxiri bo‘lganidek, men ham Qo‘qon jamoasini tark etdim. U erda o‘tkazgan davrimni hayotim davomida faqat iliq xotiralar bilan eslayman.
“Navbahor” va “Neftchi”ni alohida e’tirof etsa bo‘ladi”
- Hozirgi kunda barcha jamoalar yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Har bir klub o‘zining o‘yin uslubi bo‘yicha transferlarni amalga oshirmoqda. “Navbahor”, “Neftchi” va “Qizilqum” bu borada anchagina faol bo‘lishdi. Bundan shuni tushunish mumkinki, bu klublarning maqsadi juda jiddiy. Ayniqsa, vodiyning ikki klubi – “Navbahor” hamda “Neftchi”ni alohida e’tirof etsa bo‘ladi.
“Baxtiyor Ashurmatovga minnatdorchilik bildiraman”
- To‘g‘ri, ko‘p yillar mobaynida bir jamoada ishladik. Qolaversa, Baxtiyor Ashurmatov katta futbolga kirib kelishimga ham qaysidir ma’noda sababchi bo‘lgan. Ashurmatovni futbolchilik faoliyatini hamma yaxshi eslasa kerak. U maydonda haqiqiy jangchi va borini berib harakat qilardi. Menda shu jihatlar bor. Maydonga tushganimda o‘zimni ham, raqibni ham ayab o‘tirmayman. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, ushbu murabbiy bilan ko‘p yil birga ishlaganmiz. Buning uchun Baxtiyor Ashurmatovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
“Surxon”ni tanlashimga sabab...”
- Oldimda bir nechta variantlar bor edi. Superliga hamda pro liga klublaridan qiziqishlar bo‘ldi. Men esa “Surxon” variantini tanladim. Sababi, bu klubda ispaniyalik murabbiylar ish boshlaydigan bo‘ldi. Ular bilan ishlash menga juda ham qiziqarli bo‘ladi, deb o‘yladim. Legioner bo‘lib to‘p surganimda braziliyalik murabbiylar qo‘l ostida o‘ynagandim. Ular bilan ishlash o‘zgacha bo‘lgandi. Shundan kelib chiqib, ispanlar bilan ishlab faoliyatimda yana biroz o‘zgarishni maqsad qildim.
“Anxelning o‘z printsiplari bor”
- Anxel Lopes yosh bo‘lishiga qaramay, shu vaqtgacha bir nechta davlatlarda ishlashga ulgurgan. Iste’dodli mutaxassis. O‘ziga yarasha printsiplari bor. O‘ylaymanki, bu murabbiy bilan “Surxon”da qanday jamoa shakllanganini chempionat mobaynida barcha guvoh bo‘ladi. Anxelning yurtimizga tashrifi bejiz emasligini jamoamiz o‘zgacha futbol namoyish etishi orqali ko‘rsatadi va shu bilan birga o‘yinchilar oddiy futbolga emas, balki futbol maydoni bo‘ylab jang qilishimiz kerakligini kundan-kunga uqtirib boryapti. Kelganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning mahalliy murabbiylardan farqi shuki, doimo o‘z ishiga intensiv va agressiv yondashib, futbolchilardan ham aynan shu jihatlarni talab qiladi. Jamoamiz bilan aynan ushbu vaziyatlar ustida birdek ter to‘kyapmiz. O‘ylaymanki, bu jihatlar o‘z mevasini berishini hamda kuchimizni chempionatimiz o‘yinlari orqali isbotlashga harakat qilamiz.
“Chempion bo‘lishga munosib klublar ko‘paymoqda”
- O‘tgan mavsum anchagina qiziqarli o‘yinlar guvohi bo‘ldik. “So‘g‘diyona” va AGMK allaqachon top-klub bo‘lishga ulgurdi. Bu yildan bunday tor-klublarimiz soni ortganini ham transferlar orqali ko‘rib turibmiz. Yutrimizda “Paxtakor”ning o‘rni beqiyos va bu jamoani hech qachon chempion bo‘lishdan yiroqda deb hisoblamayman. Aynan bir klubni yaqqol favorit deb ayta olmayman. Chempion bo‘lishga munosib klublarimiz ko‘paymoqda. Aynan shular qatorida vodiy jamoalari ham shay holatga kelib ulgurdi (umid qilamanki, kelasi yili “Andijon” ham shunday jamoa sifatida elitaga qaytadi). Barchamiz orziqib kutgan kunlarimizga ham oz fursat qoldi. Chempionat uzoq davom etadi. Bu yilgi mavsum ham anchagina intrigalarga boy ruhda o‘tadi, deb bemalol aytsam bo‘ladi. Barcha jamoalarga omad tilayman.
Fikrlar