
"Surxon" sardori: "Qizil kartochka tufayli maydondan chiqib ketayotganimda durangga rozi edim"
Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Surxon” klubi kecha Superliganing 14-turida Bekobodda “Metallurg”ga qarshi bo‘lib o‘tgan bellashuvda o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Vaziyat shunday ediki, termizliklar aslida durangga ham rozi edi. Chunki uchrashuvning 61-daqiqasida “Surxon”ning etakchisi hamda sardori Asror G‘ofurov ikkinchi sariq kartochkadan keyin maydonni tark etdi.
Shunga qaramay, mehmonlar matonat ko‘rsatdilar. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda “Surxon” penaltidan gol urib g‘alabani ilib ketdi. O‘yindan keyin maydondan chetlatilgan Asror G‘ofurov Sports.uz saytiga shunday dedi:
- Avvalambor, jamoamni va futbolchilarni og‘ir vaziyatda qoldirganim uchun uzr so‘rayman. Uzoq kutilgan g‘alabaga qiyinchilik bilan erishdik. Barchani bu g‘alaba bilan tabriklayman.
“Surxon” jamoasining jonkuyarlari va muxlislaridan har doim bizga ishonch bildirib, har qanday qiyin vaziyatlarda ham qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolaman.
O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Bu uchrashuvda gol urgan jamoa g‘alaba qozonishi aniq edi. Bu borada biz omadli bo‘ldik.
Qizil kartochka olganimdan so‘ng, 10 kishi qoldik. Maydondan chiqib ketayotganimda durangga rozi bo‘lgandim. Lekin yigitlarga rahmat, ular g‘alaba golini urishdi, - deydi “Surxon” sardori.
Fikrlar