
Superliganing 8-turidan keyin: ular alohida tanlanganlar!
Superligada 8-tur ham yakunlandi. O‘yinlar gollarga boy va dramatik tarzda o‘tgani bilan ham yodda qoladigan bo‘ldi. Xo‘sh, bu safar o‘yin qahramonlari kimlar? Quyida shu xususida to‘xtalamiz.
“Andijon” – “”Metallurg” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Daler Sharipov
Daler Sharipov “Metallurg”dagi eng faol o‘yinchilardan biri ekanligini har bir turda ko‘rsatmoqda. “Andijon” bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u gol urdi. Maydonda esa katta hajmdagi ishni bajardi. Delarning kelajagi porloq.
“Qizilqum” – “Olimpik” – 2:4. Eng yaxshi futbolchi: Ahmadillo Muqumjonov
“Olimpik”ning safarda “Qizilqum”ga qarshi o‘yini gollarga boy bo‘ldi va unda mehmonlar 2:4 hisobida g‘olib chiqishdi. Mehmonlar futbolchisi Ahmadillo Muqumjonov “Olimpik”ning birinchi goli muallifi bo‘ldi va yakunda bahsning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi. U bu bahsni juda ishonchli hamda barqaror o‘tkazdi.
OKMK – “So‘g‘diyona” – 5:3. Eng yaxshi futbolchi: Lyupche Doriev
“So‘g‘diyona” legionerlardan biri – Lyupche Doriev haqida iliq gaplarni eshityapmiz. U oldin ham eng yaxshi futbolchiga aylangan holatlarga guvoh bo‘lganmiz. Bu safar ham Doriev uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. OKMKga qarshi bahsda ikkita gol urdi. Biroq uning jamoasi 5:3 hisobida yutqazdi. Shunga qaramay, Lyupchening o‘yini alohida e’tirof etildi.
“Navbahor” – “Neftchi” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Filip Ivanovich
Vodiy derbisida o‘yin taqdiri qo‘shib berilgan oxirgi daqiqalardagina hal etildi. Legioner himoyachi Filip Ivanovich o‘z pozitsiyasida raqib hujumlarini qaytarishda faollik ko‘rsatganidan tashqari yakunda uchrashuv qahramoniga ham aylandi. Aynan uning boshi bilan urgan goli evaziga “Navbahor” derbida uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Surxon” – “Nasaf” – 0:1. Eng yaxshi futbolchi: Oybek Bozorov
Bozorovning eng yaxshi futbolchi bo‘layotganiga ko‘nikib ham qolganmiz. Bu birinchisi emas. “Nasaf” Toshkentda “Surxon”ga qarshi qiyin o‘yinni o‘tkazdi. Oybek esa doimgidek raqiblariga muammolar tug‘dirishda davom etmoqda. “Surxon” bilan bahsda ham Bozorov raqiblarini shoshirib qo‘ydi. U “Nasaf”ning “motori”ga aylangan.
“Dinamo” – “Paxtakor” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Joel Kojo
Ko‘pchilik “Dinamo”ning o‘yinini maqtayapti, g‘alabaga loyiqligini ta’kidlashyapti. Biroq uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. Samarqandliklar avvaliga hisobda ortda edi. Keyin legioner hujumchisi Kojo muvozanatni tikladi. U chempionga qarshi a’lo darajada o‘yin namoyish etganini barcha tan olyapti. Faqat uning say’-harakatlari ham jamoasining g‘alabasi uchun etarli bo‘lmadi.
“Bunyodkor” – “Lokomotiv” – 3:2. Eng yaxshi futbolchi: Mahmud Mahamadjonov
Toshkent derbisi juda ajoyib va dramatik tarzda o‘tdi. Unda “Bunyodkor” mag‘lubiyatini g‘alabaga aylantira oldi. “Bunyodkor” futbolchilari ayniqsa ikkinchi bo‘limda umuman boshqacha o‘yin ko‘rsatishdi. Bu borada jamoaning iqtidorli himoyachisi Mahmud Mahamadjonovni alohida e’tirof etsa arziydi. U penaltidan gol urdi va ikkinchi golga assistni amalga oshirdi. Chindan Mahmud yaxshi o‘ynadi. “Bunyodkor” esa chempionatdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar