Superliganing 8 klubi O‘FA talabi to‘liq bajarilganligini tasdiqladi

  • 16 yanvar, 2024, 17:32
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘FA professional futbol klublariga xat yo‘llab, 10 yanvarga qadar oylik-maoshlar bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilishi lozimligini bildirgandi. So‘nggi yillarda o‘xshash muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etib kelinayotgan bo‘lib, endilikda ayrim futbol klublarining oylik-maoshlar masalasiga nisbatan bo‘lgan loqayd munosabatini tartibga solishga erishish rejalashtirilgan.

Tecno

Berilgan muddat davomida Superliganing 8 ta klubi oylik-maoshlar bilan bog‘liq talabni to‘liq bajarganligini tasdiqladi: OKMK, "Surxon", "Metallurg", "Qizilqum", "Lokomotiv", "Dinamo", "Bunyodkor", "Nasaf". Shuningdek, "Paxtakor" va "Andijon" klublarida faqatgina dekabr oyi bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lib, har ikki klub aniq reja asosida uni bartaraf etish arafasida turibdi.

"Neftchi" klubining tegishli qo‘mita ko‘rib chiqqan hamda muhlat berilgan uchta ishi mavjud edi. Klub mazkur ishlarning barchasini o‘z vaqtida bartaraf etdi. Shuningdek, legioner futbolchilar bilan hisob-kitob qildi. Ayni vaqtda "Neftchi" noyabr oyi uchun qisman va dekabr oyi uchun oylik-maoshlar to‘lash choralarini ko‘rmoqda.

"So‘g‘diyona" klubida holat nisbatan murakkab. Qarzdorlik katta bo‘lmasa-da, klub ayrim hisob-kitoblarni o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmagan. Shuningdek, noyabr va dekabr oylaridan qarzdorlik mavjud.

"Navbahor" klubi faqatgina 15-yanvar kuni Ligaga rasmiy xat bilan chiqib, 31-yanvar sanasiga qadar Liga oldidagi qarzdorlik bartaraf etilishini ma’lum qildi. 2024 yilni Superligada o‘tkazadigan futbol klublari orasidan faqatgina "Navbahor" qatnashchilik bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarmagan. Shundan kelib chiqib Liga "Navbahor" farm jamoasini Pro ligadan chetlashtirish masalasini kun tartibiga kiritgan. Qo‘shimchasiga, "Navbahor" futbolchilar, murabbiylar va boshqa ishchi-xodimlar bilan munosabatlarda qator qarzdorliklarga ega.

Ma’lumot uchun, Liga ayni vaqtda klublarning mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan ish haqi hamda rag‘batlantirish masalasiga e’tibor qaratdi. Rasmiy uchrashuvlar uchun klub tomonidan berilishi mumkinligi nazarda tutilgan qo‘shimcha mukofot pullari masalasi bunda inobatga olinmagan. Sababi mukofot pullari odatda mehnat shartnomasiga qo‘shimcha tarzda klubning moddiy imkoniyatidan kelib chiqib, alohida rasmiylashtiriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!