
Superligada yilning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasida kim g‘olib chiqishga haqli? (TOP7)
Superliga o‘zining eng avj pallasiga chiqqani rost. Chempionlik intrigasi o‘z yo‘liga, ammo joriy mavsumda yana bir kurashda hali g‘olib aniqlangani yo‘q. Bu ortda qolayotgan mavsumda ichki birinchilikdagi eng yaxshi futbolchining nomi. SPORTS.uz bu boradagi variantlarini taqdim etadi.
Jamshid Boltaboev – Soyadagi qahramon!
Mavsum boshida Samvel Babayan “Navbahor”ga o‘z o‘yinini topa olmayotgan Boltaboevni olib kelganini eshitgan muxlislarning 99 foizi Jamshidni bunday super mavsum o‘tkazishini tasavvur qilmagani aniq. Qandaydir bir yil ichida “lochinlar” yarim himoyachisi to‘liq kashf etilmagan iqtidordan, terma jamoa darajasidagi universal yarim himoyachiga aylandi. To‘g‘ri, “Navbahor” kubog finalida imkoniyatni boy berdi, chempionatda peshqadamlikni boy berdi, biroq bu Jamshidning o‘yinlarini ko‘zga yaqqol tashlanishiga to‘sqinlk qilmaydi. Boltaboev Samvel Babayan qurgan jamoaning eng muhim figurasi sanaladi. U hujumda faol bo‘lish bilan birga, himoyada ham ter to‘kadi. Markaziy zonada raqiblarga bosim qilishga urinadi. Kerakli pallada to‘p bilan oldinga harakat qilishi ham mumkin. Soddaroq qilib aytganda, Jamshid bugungi “lochinlar”ning almashtirib bo‘lmas ijrochisi. Yarim himoyachi nafaqat “Navbahor”da, balki professional karerasidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda.
Husniddin Aliqulov – Mister Stabillik!
Bir necha yillardan beri “Nasaf” mudofaasi o‘zining tartib-intizomi bo‘yicha boshqa klublardan ajralib turibdi. Bunda Husniddin Aliqulovning hizmatlari ulkan. Markaziy himoyachining o‘yinida bir necha mavsum davomida progress kuzatilgan edi. Hozir esa Aliqulov o‘zining pik formasiga chiqib kelmoqda. Husniddin ikkinchi qavatdagi kurashlarda faol bo‘libgina qolmay, joy tanlash borasida ham benazir. Uning kerakli pallada hujumchiga aylanish hususiyati esa istalgan murabbiyga so‘nggi daqiqalarda katta kuch bilan oldinga o‘tish imkonini beradi. Joriy mavsumda Aliqulov yordamida “Nasaf” bir nechta og‘ir uchrashuvlarda omadsizlikdan qutulib qolganiga guvoh bo‘ldik. So‘nggi bir necha oy davomida “Nasaf” 3 ta himoyachiga ixtisoslashgan sxemadan foydalanishni boshlagach, Aliqulovning yangi qirralari ham ochilishni boshladi. Endi u sun’iy ofsayd xosil qilish va bir chiziqda harakat qilishda ham Superligadagi eng kuchlilardan biri ekanligini ko‘rsatmoqda. U bugungi “Nasaf”ning g‘alabalaridagi muhim omillardan biri ekanligi fakt!
Jamshid Iksanderov - Unikum
Bugungi “Navbahor” to‘liqligicha Jamshid Iskanderov atrofida qurilgan desak, adashmagan bo‘lamiz. Texnikasi kuchli, yuqori intilekt ega Jama futboldagi klassik “10-raqam” vazifasini munosib uddalab kelmoqda. Jarohatidan so‘ng, bir muncha omadini xorijda sinab ko‘rgan Iskanderov yana katta futbolga qaytishni uddaladi. Yillar o‘z so‘zini aytgani fakt, biroq mahorat hech qaerga ketgani yo‘q. Iskanderov istalgan vaziyatda gol “yasay” olishi, standartlarni sifatli ijro etishi va boshqa yana ko‘plab ustunliklari bilan “Navbahor”ning so‘nggi 10 yillikdagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazishiga hissa qo‘shmoqda. U so‘zsiz, Superligamizdagi unikum (kamyob) futbolchilardan. Balki, eng kamyobidir ham.
Akmal Mozgovoy – “Ajdarlar” motori
Akmal esa Jamshidning tamomila aksi. U so‘nggi pasni Jamshid singari ijro eta olmasligi mumkin, biroq pressing borasida ligadagi hech kim unig oldiga (hozir) tusha olmasligi mumkin. Aki yarim himoyaning istalgan zonasini 100 foiz muammosiz berkitishi mumkin. Tayanchda, hujumchi ortida, yarim himoyada ham birdek naf keltiradi. Maydonda yuqori intelekti sababli ko‘zga ko‘rinmasada, katta hajmdagi ishni bajarib beradi. Kerakli pallada gol ursa, himoyalanish chog‘ida bemalol tayanch zonasida harakat qilishi mumkin. Birinchi pasga ega. Ayniqsa, joriy mavumdagi “Nasaf” uchun barcha muhim o‘yinlarda Akmal o‘zini ko‘rsatishni uddaladi. Kubok finalida ham aynan uni o‘yinning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etishgani bejiz emas. Sanasak, uning yutuqlari etarlicha topiladi. Mozgovoy bugungi zamonaviy futbolning barcha talablariga to‘liq javob berishga qodir.
Dragan Cheran – Yaralangan sher
Tan olish lozim, Cheran 14 ta gol urgani bilan o‘z darajasidan ancha past mavsumni o‘tkazmoqda. Balki yosh ham o‘zinikini olgandir. “Paxtakor”ning asosiy ijrochilari ketgani yoki o‘yin sxemasi o‘zgargani ham Cheranga salbiy ta’sir ko‘rsatgandir. Shunga qaramay, Dragan so‘nggi o‘yinlarda yana “Cheranni” yoqib oldi. Butun mavsumdagi yaxshi o‘yini uchun beriladigan sovrinning o‘lchovi boshqa. Cheran o‘zi muxlislarni o‘rgatib qo‘ygan Draganni biroz soyasida qolib ketgandek tuyuldi. Finish chizig‘i ko‘ringan bir paytda temp qo‘shdi. Gollari sonini oshiribgina qolmay, “Paxtakor”ni chempionlik poygasiga qaytardi. Istaymizmi-yo‘qmi, bolqonlik futbolchi bugungi “Paxtakor”ning chinakam etakchisi.
Hojakbar Alijonov –Poytaxtlik gladiator
Qanot himoyachisining bu ro‘yxatda paydo bo‘lishi g‘alati, ammo bunga etarlicha sabablar bor. Joriy mavsum “Paxtakor”da stabillik etishmadi. Murabbiylar o‘zgarishi, omadsiz OChL guruh bosqichi, kubokdagi alamli mag‘lubiyat… Bu mag‘lubiyatlar fonida ham Alijonov doim professional tarzda o‘z vazifasini bajarishda davom etdi. Bir necha bor Superligada oyning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Og‘ir o‘yinlarda jamoasini oldinga boshladi. Darajani ushlab qoldi. Hayotda ancha kamtarin bo‘lgan Hojiakbar kamdan-kam vaziyatda qo‘pollik ishlatadi. Aqlli uzatmalari bilan boshqalardan ajralib turadi. Ortda qolayotgan mavsumda Alijoniv jamoadoshlaridan farqli o‘laroq, eng stabil o‘yin ko‘rsatdi. Gollar urdi, assistlarni amalga oshirdi. Eng muhimi, darajasini saqlab qolishni uddaladi. U so‘zsiz, bugungi “Paxtakor”ning asosiy ijrochisi!
Shohruz Norxonov – So‘nggi samuray
“Sug‘diyona” o‘zgacha mavzu. Unga muxlis va mutaxassislarning fikri ikki xil. Siz qaysi tomondan yondoshishingizga qarab jamoa haqida fikringiz ikki xil chiqishi mumkin. Shohruz Norxonov haqida esa salbiy fikr bildirishning imkoni yo‘q. Minimalizm ustiga qurilgan futbol jamoalarida hujumchilarga oson bo‘lmasligi aniq. 90 daqiqa davomida 1 yoki uzog‘i 2 ta yarimta imkoniyatdan ular kamida bir bor gol kiritishi shart. Ayniqsa, bir dona sof hujumchiga suyanadigan “So‘g‘diyona” uchun kam sonli hujumlarni yakunlovchi futbolchining vazifasiga eng og‘ir yuk tushadi. Shohruz mana bir necha yildir-ki, bu vazifani munosib uddalab kelmoqda. Joriy mavsumda esa avvalgilaridanda yorqinroq ko‘rindi. OFK kubogidagi “bo‘rilar”ning ishonchli g‘alabalari ortida forvardning mehnatlari yotibdi. Ichki birinchilik so‘nggida jizzaxliklar pozitsiyani boy berganiga qaramay, Norxonov darajani tushurib yuborgani yo‘q. Umuman olganda, bugungi “So‘g‘diyona”ning o‘yin falsafasi Shohruzning gollariga suyanadi. Shunday ekan, o‘z bo‘yidan baland sakragan jamoaning asosiy futbolchisi bu ro‘yxatga kiritilishi adolatdan bo‘ladi, deb hisobladik.
Bu ro‘yxatdagi futbolchilarning istalgani yakunda Ligadagi eng yaxshi, deb e’tirof etilishi mumkin. Siz, ulardan qaysi biri mavsumni zo‘r o‘tkazayotganini ayta olasiz?
Fikrlar