Superligada oltin vasvasasi!

  • 7 noyabr, 2022, 23:48
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun bo‘lib o‘tgan 25-tur o‘yinlari bizga ko‘plab emotsiyalarni taqdim etdi. Ayrim jamoalar elitada qolish masalasini hal qilgan bo‘lsa, boshqalari pastga tushib ketishga yaqinlashdi. Oltin medallar uchun kurash esa, bundan mustasno. Unda vaziyat hali-hamon keskinligicha qolmoqda. Hammasi so‘nggi turda hal bo‘ladi. Xo‘sh, chempionlik uchun kurashayotgan uchlik bu turni qanday o‘tkazdi?  

Tecno

“Nasaf” bugun emas, ancha avval yutqazgandi!

g3k44o3kgo3kg

Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari joriy mavsumda 3 ochko olishi kerak bo‘lgan bellashuvlarning naq 8 tasida ochko yo‘qotdi. Aynan shu omillar yakunda hal qiluvchi rolni ijro etib berdi.

2-tur 18:30/09.03.2022 "Nasaf" 1:1 "Metallurg"

3-tur 20:00/26.06.2022 AGMK 2:2 "Nasaf"

12-tur 20:00/22.06.2022 "Neftchi" 1:1 "Nasaf"

13-tur 20:00/30.06.2022 "Nasaf" 2:2 "Olimpik"

17-tur 19:00/29.08.2022 "Nasaf" 0:0 "Lokomotiv"

16-tur 20:00/17.08.2022 "Nasaf" 0:0 AGMK

21-tur 19:00/09.10.2022 "Nasaf" 1:1 "So‘g‘diyona"

23-tur 18:30/25.10.2022 "Nasaf" 1:1 "Bunyodkor".

Mana shu bahslardagi boy berilgan ochkolarning o‘rnini to‘ldirish uchun ham bugun “ajdarlar” ikki emas, besh hissa ko‘proq mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. Ular tezroq, chaqqonroq, faolroq bo‘lishga bahs boshlanmasidan oldin majbur edi. Shunday ham bo‘ldi, ammo…

“Neftchi” bugun juda zo‘r o‘ynab yuborgandek tuyuldi. Ularga “Navbahor” yoki “Paxtakor” mukofot puli va’da qilganmikan?! Balki shunday ham bo‘lgandir, ammo bu hech narsani o‘zgartirmaydi. “Nasaf” faqat ikki tur qolgandagina omadsizlikka uchragani yo‘q. Bugun bundan avval boy berilgan ochkolarning uvoli tutdi, xolos. 2 soat avval chempionlik cho‘ntagida bo‘lgan jamoa hozir turnir jadvalining 3-pog‘onasiga tushib ketdi. Buni ishqibozlar hazm qilishi qiyin. Ularga oson emas. Qashqadaryo ahli uchun “Nasaf” klubdan-da kattaroq narsaga aylanganiga 30 yildan oshdi.

Afsuski, ba’zida futbolda shunday holatlar ham bo‘ladi. To‘p darvozaga kirishni istamaydigan kunlar ham bo‘ladi. Shunga qaramay, qo‘lni tushirib yuborishga hali erta. Oldinda hal qiluvchi so‘nggi tur bor.

"Paxtakor” oxirigacha ta’qib qildi

Cheran

Mamlakatning amaldagi chempioni “Nasaf”ga o‘z uyida mag‘lub bo‘lgach, bir muddat depressiyaga tushib qoldi. “Surxon” bilan o‘yinda boy berilgan 2 ochkoning asl sababi ham shu. E’tiborlisi, Maksim Shatskix shogirdlari qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng o‘ziga keldi va ketma-ket 4 o‘yinda (bu o‘yinda kiritilgan gollar farqi 15-2) zafar quchdi. To‘g‘ri, ular bu g‘alabalar orqali 1-pog‘onaga ko‘tarilgani yo‘q, ammo etakchini ortdan ta’qib qilishni to‘xtatgani yo‘q. Cheran o‘ziga keldi va xet-trikni pokerga ulab yubordi. “Paxtakor” o‘z vaqtini sabr bilan kutgani va keraksiz vaziyatda ochko boy bermagani uchun ham bugun turnir jadvalida birinchi pog‘onaga ko‘tarildi.

Imi-jimida bronzani kumushga aylantirayotgan “Navbahor”

3o4p34shop

Samvel Babayan boshchiligidagi “Navbahor” ham yaxshigina ruhiy bosimni engib o‘tishga majbur bo‘ldi. Kubok finalidagi “ajdarlar”dan qabul qilib olingan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng “Lokomotiv” bilan to‘qnashuvda bu yaqqol ko‘zga tashlandi. Sal qolsa, “lochinlar” Toshkentdan mag‘lubiyat bilan ham ortga qaytishi mumkin edi. Og‘ir vaziyatdan chiqib ketgan “Navbahor” bugun “Metallurg” ustidan g‘alaba qozonib, turnir jadvalida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarildi. "Nasaf"ning mag‘lubiyati ham ular uchun ayni muddao bo‘ldi. Bunday tempda o‘tayotgan chempionatda kumush medal zo‘r natija. Shu bilan birgalikda, “Navbahor” yakuniy turda oltin medallarni qo‘lga kiritish uchun asosiy da’vogarga aylandi. Ya’ni, agar “Paxtakor” ochko yo‘qotsa, “Navbahor”ning g‘alabasi yakunda oltin medallarni “lochinlar”ga taqdim etishi mumkin. O‘z uyida engilgan “Nasaf”dan farqli o‘laroq, “Navbahor” AGMK bilan bahsda yaxshiroq ruhiy xolatda bo‘ladi. Endi Babayan shogirdlari Namanganda g‘alaba qozonish orqali minimum bronzani kumush medalga aylantirishni uddalash mumkin.

So‘nggi turda nima kutsak bo‘ladi?

Chempionat yakunlangani yo‘q. Turnir jadvalidagi katta o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgan “Bunyodkor” “Paxtakor” bilan to‘qnashuvda “jangsiz” taslim bo‘lmasligi turgan gap. “Nasaf”ni AGMKdan "shapaloq" qabul qilgan “Olimpik” qabul qiladi. 4-pog‘onani hal qilgan Qosimov shogirdlari Namanganda shou uyushtirib berishi aniq. Shunday ekan, hali hammasi tugadi, deyishga erta. Bu chempionat bizga shuncha intriga berdimi, demak uni oxirida ham tayyorlab qo‘ygan sovg‘asi yo‘q, deb hech kim kafolat bermaydi. Voqealar rivojini SPORTS.uz'da kuzatishda davom eting!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!