Superligada barcha murabbiylar o‘z joyidami yoxud kimning "bozori" chaqqon?

  • 1 yanvar, 2022, 02:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Yangi mavsum boshlanguniga qadar Superliga ishtirokchilari qizg‘in selektsiya ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishadi. Ayniqsa, bosh murabbiylarning rejalari hamda xohishlariga qarab bu borada kimning qanday faollik ko‘rsatayotganini bilish mumkin bo‘ladi.

Futbolchilarning keldi-ketdilaridan tashqari murabbiylar borasida ham o‘ziga xos “bozor” yuzaga kelishi mumkin. Shuni inobatga olsak, murabbiylar haqidagi yangiliklar ham e’tiborni o‘ziga jalb qilishi shubhasiz. Yangi mavsumda Superliga klublarini boshqaradigan mutaxassislarni bilasiz-a? Aytish mumkinki, bu masalada ham yuz berayotgan o‘zgarishlar yo‘q emas.

Hammasini Piter Xyuistradan boshlasak maqsadga muvofiq bo‘lsa kerak. “Paxtakor” bilan chempionlikka erishgan niderlandiyalik mutaxassisning “Sherlar” bilan tuzgan shartnomasi tugadi. Yaqinda klub sport direktori Ja’far Irismetov Sports.uz saytiga bergan intervyusida bosh murabbiy masalasiga ham to‘xtalib, rahbariyat Piterga ishonayotganini, katta ehtimol bilan 2022 yilgi mavsumda ham Xyuistra “Paxtakor”ga ustozlik qilishi haqida aytdi. Uning ushbu so‘zlari orqali bosh murabbiy masalasiga nuqta qo‘ygandek bo‘ldi. Superliganing eng yaxshi murabbiyiga aylangan mutaxassisning o‘zida ham yana “Paxtakor”dagi faoliyatini davom ettirish istagi bor.

piter2_3

Bir necha kun muqaddam O‘zbekistonning 2021 yildagi eng yaxshi murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev bilan saytimiz uchun suhbat uyushtirgandik. “Nasaf” bilan shartnomasi yakuniga etgan mutaxassis o‘z intervyusida jiddiy takliflar olganini yashirmadi. Aslida biz ham buni kutgandik. Lekin Ro‘ziqul Sa’dullaevich “Nasaf”ga sodiqligini ko‘rsatishda davom etyapti. Chunki murabbiy joriy chempionatda ham “Ajdarlar”ni boshqarishda davom etishini ta’kidladi. Hozircha rahbariyat bilan og‘zaki kelishib olgan, shartnoma bo‘yicha rasmiyatchilik ham tez orada hal etiladi.

berdiev4_2

Yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdirlash marosimida eng yaxshi uch nafar murabbiylar orasida Ro‘ziqul Berdiev va Piter Xyuistradan tashqari Ulug‘bek Baqoev ham joy olganidan xabardorsiz. U yakunda yilning ramziy terma jamoasining ustozi sifatida e’tirof etildi. Axir “So‘g‘diyona” bilan chempionatni 2-o‘rinda yakunladi! Baqoev murabbiy sifatida ham ilk sovriniga sazovor bo‘ldi. Rostini aytganda, oxirgi paytlarda Ulug‘bek Baqoev murabbiy sifatida yangi qirralarini namoyish etayotgani sababli unga “sovchi”lar ko‘payib qoldi. “So‘g‘diyona”da ko‘rsatayotgan natijalaridan keyin shubhasiz unga takliflar ortdi. Masalan, uni Qozog‘istonda kutayotganlar ham bor. Oxirgi eshitganlarimizga ko‘ra, “So‘g‘diyona”ni boshqargan ustozga “Bunyodkor” tomonidan qiziqish mavjud ekan. Lekin bu xabar qanchalik jiddiyligini hali bilmaymiz. Rosti, bizga ham Baqoevning yangi mavsumni qaysi klub bosh murabbiyi sifatida boshlashi qiziq. Hozirda “So‘g‘diyona” ham o‘z murabbiyini osonlikcha qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Buning voqealar rivoji qanday tus olishini kuzatyapmiz.

Mavsum tugashiga bir tur qolganida klubini tark etgan murabbiy – Mikael Sekeyra edi-a? “Lokomotiv”ning yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishiga chindan ham qiziqish katta bo‘ldi. Kim kelarkin, degan savolni muxlislar qizg‘in muhokama qildilar. “Loko” rahbariyati esa murabbiylar shtabida ishlayotgan Denis Korostichenkoga ishonch bildirdi. Klub bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov esa Sports.uz sayti muxbiri bilan suhbatda yangi mavsumda Korostichenkoni “Yangi Nagelsmann” bo‘lishi haqida gapirdi.

Samvel Babayan yana katta sahnada! Kutilganidek, “Navbahor” bosh murabbiyi lavozimini oldi. U allaqachon selektsiyada faolligini ko‘rsatishni boshladi. Bir qator yangi o‘yinchilar bilan kelishuvga erishib bo‘ldi. Asta-sekin “Navbahor” safiga yangi qo‘shilgan futbolchilar haqidagi yangiliklarni eshitishni boshlayapmiz. Babayanning “Navbahor” ustozi sifatida ishga kirishgani tufayli “Mavsum-2022”da yaxshigina intriga bo‘lishiga ishonch katta.

babayan1_2

Hozirda Superliga klublari orasida “Surxon”dagi vaziyat biroz mavhumdek ko‘rinyapti. Boisi, klub yangi homiyga o‘tishi munosabati bilan uning egalari ispaniyalik mutaxassislarni olib kelishni rejalashtirishgan. Lekin hali “Surxon”ning 2021 yilda ishlagan Bahrom Haydarov boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishdan bo‘shash haqida ariza yozishgani yo‘q. Kecha termizliklarning amaldagi ustozi bilan bog‘langanimizda hali hech nima ma’lum emasligini, yaqin kunlar ichida barchasiga oydinlik kiritilishini qo‘shimcha qildi.

Darvoqe, “Qizilqum” atrofidagi gap-so‘zlar ham e’tiborimizni tortyapti. Bosh murabbiy Hamidjon Aktamov rahbarlik lavozimiga o‘tishi hamda uning o‘rniga mahalliy yoki ispaniyalik mutaxassis ishlashi haqida ma’lumotlar yo‘q emas. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Aktamov bilan gaplashganimizda barchasi yolg‘on gapligini, o‘zi bosh murabbiy sifatida ishlayotganini ma’lum qildi.

Hozircha qolgan klublarda murabbiylar o‘z joyida. Darvoqe, pro ligadan Superligaga qo‘shilgan klublarga kelsak, Samarqandning “Dinamo”si Hakim Fuzaylov bilan shartnomani uzaytirishni istamadi. Saytimiz orqali yaqinda xabar berganimizdek, uning o‘rniga serbiyalik Predrag Roganning kelishi katta ehtimol. Demak, Superligada yangi xorijlik mutaxassisni ko‘ramiz. Shuningdek, Timur Kapadze “Olimpik” ustozi sifatida debyutant jamoada Superligadagi ishtirokini boshlaydi. Bu yoqda esa Ilhom Mo‘minjonov “Neftchi” bilan yana yangi marralarni zabt etish harakatida.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!