Superligada 15-tur. Gollar o‘nligi TOP-10

  • 15 avgust, 2022, 09:39
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 15-tur ortda qoldi. Ushbu tur chiroyli va jozibali gollarga boy o‘tdi. Shu bois biz sizlarga gollar o‘nligini taqdim etamiz.

Tecno

 

10-o‘rin. Mirjahon Mirahmadov (AGMK)

Gollar o‘nligini Mirjahon Mirahmadov boshlab beradi. Haqnazariyning ajoyib pasidan so‘ng Xurshid G‘iyosov katta tezlikda oldinga boradi va darvozabonni ham aldab o‘tib, to‘pni sekingina yo‘lladi. Biroq raqib futbolchisi kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatdi. Qaytgan to‘pni Mirahmadov darvozaga qiyinchiliksiz joyladi. Gol oddiy va oson dersiz. Lekin golgacha bo‘lgan vaziyat juda chiroyli chiqdi.

 

9-o‘rin. Sardor Sobirxo‘jaev (“Paxtakor”)

“Paxtakor” legioneri Banashakning foydali ish koeffitsienti hozircha yomon emas. Sardor Sobirxo‘jaev uning pasidan so‘ng darvozani mana shunday ishg‘ol qildi. Superligamizda bunday aqlli zarba berilishi va u darvozabonning yaqin pastgi burchagiga yo‘llanilishi kamdan-kam uchraydi. Boz ustiga bu gol o‘zbek klasikosida kuzatilsa.

 

8-o‘rin. Mirjahon Mirahmadov (AGMK)

Mirjahon va AGMKga atalgan tur. Shu kuni olmaliqliklar nima qilsa qildi, hujumchi ham. Mirjahon Mirahmadov qanotdan oshirilgan to‘pga shunchaki oyog‘ini qo‘yish orqali golning chiroyini oshirdi.

 

7-o‘rin. Shohnazar Norbekov (“Qo‘qon-1912”)

Qo‘qonliklar vakili raqib himoyachilarining pala-partishligidan foydalanib qoldi. Yangi maydonda “Qo‘qon-1912” futbolchilari ham chiroyli gol ura oladi. Buni Norbekov misolida ko‘rdik.

 

6-o‘rin. Jasur Hasanov (“So‘g‘diyona”)

“So‘g‘diyona” qarshi hujumda ikkita pas bilan gol ura oladigan jamoa. Himoyachi to‘pni tepdi, Nasimov pas berdi. 39 yoshli Jasur Hasanov jarima maydoniga kirib to‘pni to‘singa tekkizib, to‘rga kiritdi. Hasanov shu yoshda ham “So‘g‘diyona”ga foyda keltirmoqda.

 

5-o‘rin. Zo‘ran Marushich (“Navbahor”)

Zo‘ran Marushichning bu golini sharhlovchi Xayrulla aka Hamidov chiroyli ifodaladi. Ortiqcha tar’ifga hojat yo‘q. Shuning uchun sharhni tinglang. O‘yin jonli efirda namoyish etilmagani uchun golga ta’rifni sharhlovchiga qoldirdik.

 

4-o‘rin. Otabek Jo‘raqo‘ziev (“Olimpik”)

Norbekov kiritilgan o‘nlikka Jo‘raqo‘zievning goli qo‘shilmasa bo‘lmasdi. “Olimpik”ning bu hujumini ko‘rgan muxlis jamoani Superligaga endi chiqqan deb o‘ylamaydi. Oldindan o‘ylangan reja va gol.

 

3-o‘rin. Oybek Bozorov (“Nasaf”)

Oybek Bozorov qanday harakat qilsa, shunday gol urdi. Engil va ohistalik bilan darvozani ishg‘ol qildi. Golning nafisligi shundaki, Aliqulovning pasidan keyin biroz to‘xtab, raqibning o‘tib ketishidan so‘ng bemalol gol urishda.

 

2-o‘rin. Husain Norchaev (“Nasaf”)

Husain Norchaev bu mavsum bir maromda o‘ynay olmayotgandir. Lekin mana shunday reydlari bor. Norchaev EChLda Patoning “Barselona” darvozasiga urgan golini eslatib yubordi. Tezkorlik, raqiblaridan o‘tib ketish va darvozabonni imkonsiz qoldirish.

 

1-o‘rin. Siyavush Haqnazariy (AGMK)

Haqnazariydan shedevr. Siyavushning zarbasidagi traektoriya golga yanada chiroy baxsh etdi. Buni ham xorij futbolidagi golga o‘xshatmasak bo‘lmaydi. David Vilya “el klasiko”da Iker Kasilyas darvozasini shunday ishg‘ol qilgandi. Agar so‘rovnoma o‘tkazilib, Haqnazariy va Vilyaning goli birinchi o‘ringa davogarlik qilganda, balki Siyavush ko‘proq ovozga ega bo‘larmidi?!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!