Superliga. Ularga chiqish eshiklari ko‘rsatiladimi?

  • 3 aprel, 2022, 20:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada dastlabki 4 ta tur yakunlangach, orada biroz tanaffus yuzaga keldi. Aniqrog‘i, endi orada O‘zbekiston Kubogining guruh bahslari o‘tkazib olinadi. Shundan so‘ng yana Superliga davom ettiriladi. Hozircha esa 4 ta turdan keyin o‘ziga yarasha xulosalarga ega bo‘lyapmiz. Chempionat avvalida klublarning imkoniyati borasida turli xil fikr va mulohazalar bildirilgandi. Turnir jadvaliga qarasangiz, unda “Qizilqum” bilan “Paxtakor” qo‘shhokimlikni o‘rnatib turganiga guvoh bo‘lasiz.

Tecno

Biz bugungi maqola orqali ko‘proq autsayderlar haqida so‘z yuritmoqchimiz. Doimgidek, mavsum boshida favoritlar bilan bir qatorda autsayderlar kim bo‘lishi mumkinligi yuzasidan ham o‘ziga yarasha taxminlar bildirilgan. Mana, endilikda 4 turdan so‘ng, musobaqa jadvalida hali g‘alaba qozonmagan ikkita klub qoldi. Bular – Termizning “Surxon” jamoasi bilan Samarqandning “Dinamo” klubi. Aynan shu jamoalar turnir jadvalida oxirgi ikki o‘rinni bo‘lishib turishibdi. “Surxon”da 2, “Dinamo”da esa 1 ochko bor.

Eng qizig‘i, chempionat boshida ko‘pchilik tomonidan aynan jon saqlab qolish uchun kurashadigan klublar orasida “Surxon” bilan “Dinamo” ko‘proq tilga olingan. Albatta, to‘ydan oldin nog‘ora chalish yaxshi emas. Bilamiz, mavsum yaqindagina boshlandi, biroq bildirilayotgan taxminlar boshidanoq rostligini ko‘rsatayotgandek. Bu yil chempionatimizga yangi xorijlik mutaxassislar kelganini ham bilasiz. Aynan ulardan ikki nafari “Surxon” bilan “Dinamo”da ish boshlashgan.

Serbiyalik murabbiy Predrag Rogan “Dinamo” boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan chog‘ida ilk intervyusini Sports.uz sayti uchun bergandi. O‘shanda uning rejalari, maqsadlari va qanday o‘yin qurmoqchiligi haqida aytgan gaplaridan keyin “Dinamo”dan bu yil ko‘p narsa kutganlar bo‘ldi. Buning ustiga tarkibda ham yaxshigina o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Pro ligadan chiqqaniga qaramay, jiddiy maqsadlar uchun kurashish istagi yuqoriligini bot-bot ta’kidladilar.

rogan_3

Rogan jamoasi ilk turni Samarqandda “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazdi. Amaldagi chempion debyutant ustidan g‘alaba qozondi va buni ko‘pchilik kutilgan natija sifatida qabul qildi. Keyingi turda “Dinamo” Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan o‘ynadi. Unda yagona gol tufayli “Dinamo” yana yutqazdi. 3-turga kelib Rogan jamoasi balki endi o‘z maydonida “Qizilqum”ni mag‘lub etadi, deb o‘ylashgandi, mahalliy muxlislar. Lekin amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Ikkita mag‘lubiyatdan so‘ng “Dinamo” dastlabki ochkosini qo‘lga kiritdi. O‘tgan turda serbiyalik murabbiy Toshkentda “Bunyodkor” ustidan g‘alaba qozonishga astoydil harakat qildi-yu, biroq 0:1 hisobidagi g‘alabasi yakunda 2:1 ko‘rinishidagi mag‘lubiyatga aylanib qoldi. Natijada “Dinamo” yangi murabbiyi boshchiligida g‘alabasiz seriyasini davom ettiryapti.

Klubning Kubok bahslarida qanday vazifa qo‘yilgani hozircha bizga mavhum. Lekin Rogan birinchi navbatda chempionatda tezroq g‘alabasini boshlab, jamoasining mavqeini ko‘tarish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ajab emas.

Anxel Lopes ustozlik qilayotgan “Surxon”ga keladigan bo‘lsak, ispaniyalik mutaxassis Rogandan farqli ravishda yangi jamoasidagi ishini mavsum boshlanishiga 20 kuncha qolganida boshlagan. Predrag esa qishki yig‘in boshidanoq “Dinamo”ni o‘zi shug‘ullantirishga kirishgan. Lopes “Surxon”da o‘zining o‘yin uslubini joriy qilishga harakat qilyapti. Termiz klubi uy stadionining ta’mirlanayotgani bois raqiblarini Termizda qabul qilmayapti. Aynan Samarqandda “Dinamo”ning uy stadionidan foydalanyapti. “Surxon” birinchi turda Toshkentda “Olimpik” bilan durang o‘ynadi. 2-turda “Navbahor”ga 1:2 hisobida yutqazdi. Keyin Bekobodda “Metallurg” bilan golsiz durang o‘ynagan bo‘lsa, oxirgi turda Samarqandda AGMKga ham 1:2 natijasi bilan yutqazib qo‘ydi. Shunday qilib, “Surxon” hisobida hozircha 2 ta ochko bor, ammo g‘alaba yo‘q.

lopes1_3

Baribir ushbu ikkala klub haligacha g‘alaba qozona olmayaptimi, demak ularga nimadir etishmayapti. Xorijlik mutaxassislarni bu erga shunchaki taklif qilishmagan. Jamoa rahbarlari va muxlislariga g‘alabasiz seriyalar yoqmasligi aniq. Ammo “Dinamo” bilan “Surxon”da bu borada qanday pozitsiyada bo‘lishyapti? Rogan bilan Lopesning klublarida uzoq ishlashlari albatta qayd etadigan natijalariga bog‘liq. Ammo shu holat davom etaveradigan bo‘lsa, ularga chiqish eshiklari ko‘rsatiladimi? Balki Kubokdagi g‘alabalar ularni qutqarib qoladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ruziyev Mahmatqobil
04/04/2022 15:12
Sudiyalar haqqiy ishlasa chimpinat qiziq buladi hammasi ularga bogliq
Alisher Kamalov
04/04/2022 10:34
10 turdan sung koramiz