
Superliga ishtiyoqida "yonayotgan" klublar pro ligani ham "yondirishadi" yoxud saviyasi o‘sayotgan musobaqa haqida nimalarni bilasiz?
Kecha Superliganing 1-tur o‘yinlariga yakun yasaldi. Bugun esa navbat pro liga bahslariga. O‘zbekistonda Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi mazkur ligaga bo‘lgan qiziqish aslo susaymagan. Bilasiz, o‘tgan yilgi mavsumda ham pro ligadagi intriga yuqori darajada bo‘lgandi. Bu safar ham e’tibor ortgan bo‘lsa ortganki, ammo aslo kamaymagan.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, bu yil pro ligada 10 ta klub kurash olib boradi. Bular – “Andijon”, “Yangier-Quruvchi”, “Zomin”, “Turon”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “G‘ijduvon”, “Aral-Samali”, “Buxoro” va “Xorazm”. Mutaxassislar ushbu jamoalar o‘rtasida keskin kurash yuzaga kelishini taxmin qilmoqdalar. Yangi mavsum uchun yuqoridagi klublar ham o‘z rejalariga asosan tayyorgarlik olib bordilar. Faqat birgina “Andijon” klubi xorij yig‘ini sifatida Turkiyada 14 kunlik o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bordi.
Doim pro ligada favoritlar bo‘ladi va bu safar ham shunday. Superligani tark etgan ikki xususiy klublar – “Andijon” bilan “Turon” jamoalari yana elitaga qaytish uchun asosiy nomzodlar sifatiga tilga olinishmoqda. Bu tabiiy hol, albatta. Tarkib ham shunga yarasha kuchaytirilgan. Bilasiz, “Andijon” rossiyalik mutaxassis Viktor Kumikov bilan hamkorlikni yana davom ettirishga qaror qilgan. Tarkibga esa yangi ijrochilar taklif qilinganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Shahboz Erkinov, Xurshid Xodjaev, Ildar Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Ahrol Inoyatov, Bobur Davlatov, serbiyalik Vladimir Bubanya, chernogoliyalik Bogdan Milich hamda Goran Miloyko, shuningdek, yana bir qator iqtidorli yoshlar tarkibga qo‘shib olingan.
“Turon”da ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Anvar Berdiev bosh murabbiy etib tayinlandi. Jamoaga Marlen Chobanov, Akmal Tursunboev, Abdug‘ani Kamolov, A’zam Aliev, Bobur Qosimov, Xushnud Avilov, Sardor Telyakov, shuningdek, rossiyalik Siyovush Habibulloev bilan tojikistonlik Sharif Rahmatov ham taklif qilingan. Faoliyatini yakunlagan Aziz Ibragimov esa yana futbolga qaytdi va “Turon” a’zosiga aylandi.
Superligaga chiqish uchun yana bir favoritlardan biri – “Buxoro” klubidir. O‘tgan yili ham ular elitaga chiqish uchun kurashib ko‘rdi-yu, faqat yil davomida murabbiylarning ketma-ket almashinuvi natijasida o‘ylagan maqsadiga erisha olmagandilar. Bu yil jamoa tojikistonlik Hakim Fuzaylovga ishonib topshirildi. Bilsangiz kerak, o‘tgan yili “Dinamo”ni boshqarib Superligaga olib chiqishni uddalagandi. Endi ushbu vazifani “Buxoro” bilan amalga oshirmoqchi. Aytish joizki, bu klub ham selektsiyada faol bo‘ldi va tarkibini yangi ijrochilar bilan kuchaytirdi. “Dinamo”dan Obid Jo‘raboev, Ro‘zim Ahmedov, Jasur Hasanov, Sardor Eminov, ukrainalik Dmitriy Sidorenko bilan Oleg Marchuk kabi o‘yinchilar “Buxoro”ga o‘tishdi. Bundan tashqari, Sobit Sindarov, yana bir ukrainalik Rizvan Abdilatarov hamda serbiyalik posbon Nikola Stoshich kabilar ham bu yil “Buxoro” sharafini himoya qilishadi. Ko‘rib turganingizdek, “Buxoro” ham tarkibini kuchaytirishga erishdi.
O‘tgan mavsumda Superligada ishtirok etib, kuchlilar orasida qolish imkoniyati bir muncha yaxshiroq baholangan “Mash’al” pley-offda “Olimpik” klubiga yutqazib, pro ligaga tushib ketganidan xabardorsiz. Shundan so‘ng, rossiyalik bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov lavozimini tark etdi. Dilyaver Vaniev uning o‘rnini egalladi. Eldor Sakaevni tajribasidan foydalanish uchun uni ham jamoaga taklif qilishdi. Muborakliklar selektsiya borasida ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirishdi. Jumladan, “Qizilqum”dan Behruz Sa’dilloev, “Metallurg”dan Abdurahmon Abdulxakov, “Yangier-Quruvchi”dan Abdumalik Toshpo‘latov, “Bunyodkor”dan Ravshan Yagudin, shuningdek, hujumchi Doston Toshmatov “Mash’al” bilan shartnoma imzoladilar.
Aynan yuqorida nomlari keltirilgan klublar asosiy favorit sifatida baholanmoqdalar. Ammo qolgan klublarni nazardan chetda qoldirish aslo mumkin emas. “Sho‘rtan”, “G‘ijduvon”, “Yangier-Quruvchi”, “Aral Samali”, “Zomin”, “Xorazm” ham jimgina qarab turmasliklari aniq. Ushbu klublar ham tarkibini imkon qadar kuchaytirishgan. Masalan, yangierliklar safiga Qahramon Bahodirov, Suhrob Ne’matov, Asiljon Begimqulov, Siroj Meliev, Timur Usmonov, Abduqahhor Hojiakbaorov kabi Superligada to‘p surgan futbolchilar hisobiga tarkibini kuchaytirishgan. Qolaversa, pro liga klublari safida yana bir qator legionerlar ham bor.
Xullas, pro ligada ham yaxshigina intriga bor. O‘tgan yilgidek bu yil ham pro liga o‘yinlari “UzreportTV” hamda “FutbolTV” telekanallarida jonli ravishda translyatsiya qilinadi. Bu ham pro liga musobaqasiga bo‘lgan qiziqishni oshirayotgani shubhasiz.
Fikrlar