Superklub: Uchalangning maoshing oshadi
Angliya Premer-ligasida peshqadamlik qilayotgan “Arsenal” rahbariyati jamoaning uch nafar etakchi futbolchisi bilan amaldagi shartnomaning muddatini uzaytirishga qaror qildi.
Londonliklar maoshi oshadigan futbolchilar ro‘yxatiga hujumchi Bukayo Saka, himoyachi Yurren Timber va hujumkor yarim himoyachi Deklan Raysni kiritdi. Ularning bari qimmatbaho o‘yinchilar hisoblangani bilan Evropaning bir necha badavlat klublari nishonida turibdi.
Bukayo Sakaning klub bilan hamkorligi 2027 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Saka klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2019 yildan beri asosiy tarkibda to‘p tepib kelyapti. Uning hozirgi narxi 140 million evroga baholangan.
Ikki yil muqaddam “Ayaks”dan 40 million evro evaziga olib kelingan Yurren Timber bilan o‘shanda besh yillik bitim imzolangan. Shundan beri narxi 60 million evroga ko‘tarilgan himoyachi bilan hamkorlik uzoqroq muddatga uzaytirilishi kutilyapti.
Deklan Rays “Vest Xem”dagi o‘yinlari orqali Angliyaning eng zo‘r yarim himoyachilaridan biri darajasiga ko‘tarilgan. 2023 yili bu o‘yinchi uchun “kanonirlar” 116,6 million evro to‘lagan. Raysning shartnomasi 2028 yilning yarmigacha davom etadi. Uning transfer bozoridagi qiymati 120 million evroni tashkil qilyapti.



Fikrlar