
Stiven Fulton: Umid qilamanki Murodjon Ahmadaliev g‘alaba qozonadi va biz mutlaq chempionlik jangini tashkil qilamiz
Professional boksning birinchi yarim engil vazn toifasida (55,3 kg) WBC va WBO kamarlari egasi Stiven Fulton (21-0, 8 nokaut) sobiq jahon chempioni Daniel Romanni mag‘lub etgan edi. Bu g‘alabadan so‘ng, u Ahmadalievning o‘zaro jangni yanada ko‘proq xohlashiga shubha qilmayapti.
Murodjon Ahmadaliev 25 iyun kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan WBA va IBF kamarlarini majburiy da’vogar Ronni Riosdan himoya qiladi. Agar u Riosni mag‘lub etsa, mutlaq jahon chempionlik jangi barchani qiziqtirishi turgan gap. Ammo bu erda kompaniyalar va kanallar o‘rtasida kelishuv ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Murodjon Ahmadaliev Eddi Hirnga qarashli Matchroom promouterlik kompaniyasi mijozi bo‘lib, u ishtirok etadigan boks oqshomlari DAZN kanali orqali translyatsiya qilinadi. Fulton esa El Heymonning PBC shousi bilan yaqin hamkorlikka ega hisoblangan TGB Promotions mijozi bo‘lib, janglari asosan Show Time kanalida efirga uzatiladi. Agar bu ikki bokschi o‘rtasida jang tashkil qilinmoqchi bo‘lsa, ikki tomon o‘zaro tashkil etuvchi kompaniya va kanal borasida kelishuvga erishishi talab etiladi.
"Barchangiz yaxshi bilasiz, men Murodjon Ahmadaliev bilan jangni xohlayman. Keling jangni shunchaki tashkil etaylik. Kutib o‘tirishga hojat yo‘q. Umid qilamanki, u jangida g‘alaba qozonadi va biz buni amalga oshiramiz,"- dedi Fulton.
San Antonio shahrida bo‘lib o‘tadigan boks oqshomidan o‘rin olgan Murodjon Ahmadaliev va Ronni Rios jangi DAZN platformasi orqali dunyo bo‘ylab namoyish etiladi.
Ahmadaliev WBA va IBF chempioni hisoblansa, vazndagi WBC va WBO kamarlari Stiven Fultonga tegishli. Bu ikkala bokschi o‘rtasida bahs tashkil etilsa, g‘olib 4 kamarga egalik doirasida dunyoning 9-mutlaq jahon chempioniga aylanadi.
Agarda, Ronni Rios Ahmadalievni mag‘lub etsa, u holatda Golden Boy va El Heymonning PBC kompaniyasi kelishuvga erishishi kerak bo‘ladi.
"Ko‘ramiz, MJ (Rios bilan jangda) nima qilar ekan. Men u bilan jangni yil oxirigacha bo‘lishini istayman. Oktyabr yoki undan vaqtliroq, balki tsentyabr atrofida bo‘lishiga umid qilaman. Lekin men ham ringda ba’zi jihatlarim ustida ko‘proq ishlashim kerakligini ham his qilmoqdaman,"- deya qo‘shimcha qiladi Fulton.
Fulton o‘zizning so‘ngi jangida WBC yo‘nalishida majburiy da’vogar bo‘lgan Daniel Romanga qarshi ringga ko‘tarildi. To‘liq 12 raund davom etgan bahs 120-108, 120-108, 119-109 hisobida Fultunning g‘alabasi bilan yakunlandi.
27 yoshli Ahmadaliev esa Daniel Roman ustidan 2020 yil yanvarida 113-115, 115-113, 115-113 ochkolar bo‘yicha zafar quchib, ikki yo‘nalish kamarini undan tortib olgani barchaning esida.
Boxingscene.com asosida Jalol Axmedov tarjimasi
Fikrlar