
Stanislav Andreev: “Biz OChL yo‘llanmasi uchun oxirigacha kurash olib boramiz”
O‘zbekiston Coca Cola Superligasi 23-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Olimpik” o‘rtasidagi uchrashuv arafasida “lochinlar”ning 34 yoshli tajribali himoyachisi Stanislav Andreev bo‘lajak o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Xabaringiz bor, o‘tgan turda Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “vodiy derbisi”da zafar quchib, muhim ochkolarni qo‘lga kiritdik. Shu bois, bo‘lajak bahs oldidan ko‘tarinki kayfiyatdamiz.
Garchi “Olimpik” Superliga debyutanti bo‘lsa-da, joriy mavsum o‘yinlarini yaxshi o‘tkazib, etakchi jamoalarga munosib qarshilik ko‘rsatib, ochko olishga muvaffaq bo‘lmoqda. Shuningdek, jamoamiz bilan 1-davrada Toshkentda bo‘lib o‘tgan bellashuvda ham olimpiyachilar durang natijani qayd etishgandi. Shu bois, bo‘lajak o‘yinda ham mehmonlar munosib o‘yin namoyish etishga intilishadi va bellashuv keskin kurashlar ostida kechadi, degan umiddaman.
Ammo ayni paytda joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan jamoamiz uchun har bir ochko suv va havodek zarur. Shu bois, biz ham mazkur o‘yinning qanday ahamiyatga ega ekanligini tushunib turibmiz hamda bo‘lajak bellashuvda g‘alaba qozonish, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz va buni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatimizni ishga solamiz.
Faqat ushbu o‘yinda ishqibozlardan jamoamizni bevosita stadionda munosib tarzda qo‘llab-quvvatlab, g‘alabamizga madadkor bo‘lishlarini so‘rab qolaman.
“Navbahor” joriy mavsumda o‘z oldiga qo‘ygan yuksak maqsad, ya’ni, Osiyo Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun oxirigacha kurash olib boradi hamda buni amalga oshirish uchun biz qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz", - dedi Andreev.
Manba: “Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar